Qirg‘iziston TIV fuqarolarini Yaqin Sharqqa borishdan tiyilishga chaqirdi

Qirg‘iziston TIV fuqarolarini Yaqin Sharqqa borishdan tiyilishga chaqirdi

Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi fuqarolarini Isroil, Eron, Livan, Suriya, Iroq va Falastin hududlariga borishdan tiyilishga chaqirdi.

Vazirlik Yaqin Sharq mintaqasidagi keskin vaziyat yuzasidan fuqarolarga murojaat qildi. Unda Yaqin Sharqda davom etayotgan keskin vaziyat tufayli fuqarolardan mintaqaga sayohat qilishdan tiyilish tavsiya etilgan.

“Shu bilan birga, yuqorida keltirib o‘tilgan mamlakatlarda bo‘lgan fuqarolar vaziyat barqarorlashgunga qadar shaxsiy xavfsizlik choralarini kuchaytirishi kerak”, — deyiladi TIV bayonotida.

Shuningdek, vazirlik elchixonalarning favqulodda telefon raqamlari mavjud bo‘lib, ular orqali mintaqadagi Qirg‘iziston fuqarolari, agar kerak bo‘lsa, yordam yoki maslahat so‘rashi mumkinligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi Eron va Isroil qarama-qarshiligi kuchayishi sharoitida fuqarolarga murojaat bilan chiqib, ularni hushyor bo‘lishga chaqirgandi.

Elchixona mintaqadagi vaziyat tufayli Isroil hududida bo‘lib turgan fuqarolardan ehtiyotkorlik va xavfsizlik chora-tadbirlarini ko‘rish hamda doimiy ravishda hushyorlik zarurligini eslatgan.

“Ushbu ziddiyatli kunlarda shaxsiy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish uchun yashab turgan joyingizni zaruratsiz tark etmaslikni tavsiya qilamiz”, — deyiladi elchixona xabarida.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!