Qashqadaryodagi "spektakl": o‘zi maktab direktori, o‘g‘li elektrik, qizi psixolog, kelini esa qorovul

Qashqadaryodagi "spektakl": o‘zi maktab direktori, o‘g‘li elektrik, qizi psixolog, kelini esa qorovul

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida yashovchi Nasimjon Baratov va uning hamkasblari «Daryo» tahririyatiga murojaat qilib, o‘zlari faoliyat yuritayotgan 37-maktab direktori Lobar Rahimova tanish-bilishchilikni avjiga chiqarganidan nolidi. Ularning aytishicha, maktabda «revizor»ga deb o‘qituvchilarning avgust oyi ish haqidan millionlab so‘m mablag‘ ushlab qolingan.

Panji qishlog‘ida yashovchi o‘qituvchilar murojaatini o‘rganish maqsadida Kitob tumanida bo‘lgan «Daryo» muxbiri Otabek Qo‘ldoshevning yozishicha, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ham Lobar Rahimova rahbarligidagi umumta’lim maktabida direktorning 2 nafar o‘g‘li, kelini va qizi ishlab kelganini tasdiqlagan.

— Maktabimizda adolatsizliklar juda ko‘p, — deydi maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Nasimjon Baratov. — Masalan, joriy yil avgust oyida o‘tkazilgan audit tekshiruvini yopish uchun 14 nafar o‘qituvchidan 2 million so‘mga yaqin pul ushlab qolindi.

O‘qituvchi Mohigul Rahmatovaning «Daryo» muxbiriga ma’lum qilishicha, uning maoshidan ham kattagina summa ushlab qolingan.

— Avgust oyi ish haqimdan 325 ming so‘m ushlab qolingan ekan, — deydi Mohigul Rahmatova. — Sababini so‘rasam, hisobchimiz Shoira opa Ergasheva «reviziyani yopish uchun» dedi.

O‘qituvchi Gulsara Ashurova ham avgust oyi ish haqidan ushlab qolinganligini aytar ekan, «reviziya» haqida unga hech kim hech narsa demaganini bildirmoqda.

— Avgust ish haqimdan 955 ming so‘m ushlab qolishgan edi, — deydi Gulsara Ashurova. — Sababini so‘rasam, adashibmiz deyishdi. Sentyabr oyida oylik ish haqimga qo‘shib o‘tkazib berishlarini aytishdi. Sentyabr oyida olgan maoshim 1 million 800 ming so‘m. Ya’ni o‘zgarish yo‘q. Demak, hali pulimni berishmadi.

«Daryo» muxbiri bilan suhbatlashgan qolgan 20 nafarga yaqin o‘qituvchi ish haqidan ushlab qolishmagani, «reviziyani yopish» haqida eshitishmaganini aytishdi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Panjiyevning 2019 yil 27- sentyabr kuni murojaatchi Nasimjon Baratovga yo‘llagan javob xatida yozilishicha, 2019 yil 1 avgust kuni boshqarmaning ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati xodimlari ushbu maktabda tekshiruv o‘tkazgan. Tekshiruvda 1 million 610 ming so‘m kamomad aniqlangan.

Murojaatchi Nasimjon Baratovning «Daryo» muxbiriga aytishicha, maktab direktori 2 nafar o‘g‘lini elektrik, qizini psixolog, kelinini esa qorovul sifatida ishga olgan.

— Direktorimiz maktab transformatori hamda elektr shiti qayerda joylashganini bilmaydigan o‘g‘illarini elektrik sifatida ishga qabul qilgan, — deydi Nasimjon Baratov. — Elektr shiti qayerda joylashganini bilmaydigan kishi maktabda yillab ishlaganiga qanday ishonish mumkin?

Qashqadaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullarining ma’lumot berishicha, maktab direktori Lobar Rahimova 2015 yil 1 iyun kuni 14-sonli buyruq chiqarib, o‘g‘li Shukurov Komilni elektrik sifatida ishga qabul qilgan. 2016 yil 1 dekabr kuni o‘g‘li Komilni ishdan bo‘shatib, o‘rniga 9-sonli buyruqqa asosan ikkinchi o‘g‘li Quvonchbek Shukurovni elektrik qilib tayinlagan. So‘ngra elektrik shtati qisqargani bois, 2017 yil 1 dekabr kuni Quvonchbek Shukurov ham ishdan bo‘shatilgan.

— Komil Shukurov bizning maktabda elektrik sifatida ishlab yurgan kezlari qishlog‘imizdagi kollejda ham faoliyat yuritgan, — deydi Nasimjon Baratov. — Kollejda ham mas’ul vazifada ishlagan. Maktabga deyarli kelmagan. Ammo oylik ish haqini olib yuravergan. Quvonchbek Shukurov esa bizda ishlab yurgan payti talaba sifatida oliygohda o‘qirdi. Xo‘sh, endiyam ishonish mumkinmi o‘sha elektriklar maktabga kelgani va ishlaganiga?

O‘qituvchilarning aytishicha, direktorning kelini Surayyo Saidova ham maktabda qorovul sifatida ishga qabul qilingan va ishga kelmasdan oylik oladi.

— Ayol kishi qorovul sifatida ishga olingan, — deydi o‘qituvchilar. – Qanday qilib yosh bolali ayol maktabni qo‘riqlashi mumkin?

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’uli Maqsud Panjiyevning ma’lumot berishicha, haqiqatan ham maktab direktori 2018 yil 1 noyabr kundagi buyrug‘iga asosan kelini — Saidova Surayyoni 0,5 stavka shtat birligida qorovul sifatida ishga olgan. Murojaatchilar shikoyatiga asosan bu aniqlangach, kelin 2019 yil 31 avgust kuni ishdan bo‘shatilgan.

— Direktorimizning kelini 0,5 stavkada ishlasa-da, 577 ming so‘mdan oylik olib kelgan, — deydi Nasimjon Baratov. — Hujjatda yarim stavka ko‘rsatilib, to‘liq shtat bo‘yicha oylik to‘langan. Buni qanday tushunish kerak?

Maktab direktorining ma’lumot berishicha, maktab qorovuliga yarim stavka uchun 220-230 ming so‘m miqdorida maosh to‘lanishi kerak.

— Haqiqatan ham kelinim Saidova Surayyoni yarim stavkada qorovul sifatida ishga olganman, — deydi Lobar Rahimova. — Kelinim har kuni ishga kelgan.

O‘sha kuni «Daryo» muxbiri bilan muloqot qilgan o‘qituvchilarining barchasi direktorning o‘g‘illari hamda kelini Surayyo Saidovaning maktabga biror marta bo‘lsa-da, kelib-ketganini ko‘rmagani, hatto o‘g‘illarining elektrik sifatida ishlaganidan endi xabar topayotganini bildirdi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullarining so‘ziga ko‘ra, maktab direktorining qizi Nilufar Shukurova haqiqatan ham maktabda 0,5 stavka shtat birligida psixolog sifatida ish yuritadi. Bu haqda maktab direktorining 2018 yil 5 sentyabrdagi buyrug‘i bor.

— Qizimning psixolog sifatida maktabimizda ishlashi bu noto‘g‘ri xatti-harakat emas-ku, — deydi maktab direktori Lobar Rahimova. —O‘qituvchi bo‘lib dars berish barobarida, psixolog sifatida ham ish yuritishi yomonmi?

Maktab direktori hamda 20 nafar o‘qituvchi ishtirok etgan muloqotda pedagoglar rahbarini attestat sotishda ham aybladi.

— Qo‘shni Chinor qishlog‘ida yashovchi Shahrizod Mahmatqulov yakuniy imtihonlarni ham topshirmay attestat olib ketdi, — deydi Nasimjon Baratov. — O‘sha o‘quvchi o‘quv yili boshida 5 kun, o‘quv yili o‘rtasida 1 kun va yakunida ham 1 kun o‘qib, osongina hujjatli bo‘ldi.

Matematika fani o‘qituvchisi Gulsara Ashurova qing‘ir-qiyshiq yo‘l bilan attestat olgani aytilayotgan Shahrizod Mahmatqulovga o‘z fanidan baho qo‘ymaganini va imtihonga ham kiritilmaganini aytib, o‘quvchining qanday qilib attestat olganidan ajablanmoqda.

— Shahrizod Mahmatqulov sinf jurnalida yo‘qligi va darslarga umuman qatnashmagani sabab baholari yo‘qligini aytib, yil yakunidagi imtihonga kiritmadim, — deydi Gulsara Ashurova. — Bu haqda direktorga ham bildirdim. Imtihonga qo‘ymasligimni aytdim. Shunday bo‘lsa-da, mening imtihonimdan o‘tolmagan o‘quvchi attestat olib ketgan.

O‘qituvchilarning aytishicha, bitta imtihondan o‘tolmagan yoki imtihonga qo‘yilmagan o‘quvchi keyingi imtihonlarga qo‘yilmasligi kerak.

Maktab direktori ushbu holatni izohlar ekan, «o‘quvchi darsga kelgan va qatnashgan», deyishdan nariga o‘tmadi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xulosasida esa ushbu o‘quvchi attestati qonuniy ekanligi, Shahrizod Mahmatqulov 11-B sinf jurnalidan qayd qilinganligi, uning darsga muntazam qatnashmagani xususida esa mas’ullarning bildirishnomasi yo‘qligi yoziladi.

Turgan gapki, boshqarmaning ushbu javobi o‘qituvchilarning hafsalasini pir qildi.

Maktab o‘qituvchisi Dilshoda Tog‘ayevaning aytishicha, direktor Lobar Rahimova o‘qituvchilarga rag‘bat puli yozib, ma’lum bir miqdorini o‘ziga oladi.

— Menga 700 ming so‘m rag‘bat yozib, 200 ming so‘mini o‘zi olib qo‘ydi, — deydi Dilshoda Tog‘ayeva. — Bermagunimcha, qayta-qayta so‘rayverib, holi-jonimga qo‘ymadi. Axiyri berdim.

Dilshoda Tog‘ayevaning gapini eshitgan direktor buni rad etdi. Qolgan o‘qituvchilar esa «Daryo» muxbirining «Siz bilan ham shunday holat kuzatilganmi?» deya bergan savoliga sukut saqlashdi.

37-maktab o‘qituvchilarining noroziligiga sabab bo‘lgan voqealardan yana biri hududdagi kollejdan bo‘shagan binoda tashkil etilgan 91-maktabga ushbu maktab o‘quvchilarining jalb etilishi hamda Lobar Rahimovaning o‘g‘li direktor etib tayinlanishi bo‘ldi.

— Xalq ta’limi bo‘limidagilar «91-maktabni ixtisoslashtirilgan maktab qilamiz», deyishgandi, — deydi Lobar Rahimova. — O‘qituvchilarimiz agar ushbu maktab ixtisoslashtirilgan bo‘lsa, hamma o‘quvchi yoppasiga shu yerga o‘tib ketishidan qo‘rqmoqda. Qolaversa, ixtisoslashtirilgan maktab ochilgach, murojaatchi Nasimjon Baratovning shaxsiy o‘quv markazi ham qadrini yo‘qotishi mumkin. Ular shundan cho‘chimoqda.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi mas’uli Anvar Umarovning ta’kidlashicha, haqiqatan ham 91-maktab ixtisoslashtirilgan maktab bo‘lishi mumkin. Shunday rejalashtirilgan. Ammo maktab katta yo‘l ustida joylashgani sabab o‘quvchilarning maktabga kelib-ketishi biroz xavfli.

— Shuning uchun ham tuman hokimi hududni borib ko‘rib, yo‘l qilib berishini aytgandi, — deydi Anvar Umarov. — Ammo hali yo‘l qilinmadi.

Matematika fani o‘qituvchisi Mavjuda Rahimjonovaning «Daryo» muxbiriga ma’lum qilishicha, maktabdagi adolatsizliklardan hafsalasi pir bo‘lgan o‘qituvchilar Prezident portaliga murojaat qilishgach, tuman xalq ta’limi bo‘lim mas’ullari Avloqul Avloyev hamda Anvar Umarov maktabga kelib, ularni murojaatlarini rad etuvchi tushuntirish xati yozishga majburlagan. Ammo o‘qituvchilar yozmagan.

Haqiqatni aytishga chog‘langan kishini bo‘g‘ish, hududda bo‘layotgan nohaqliklardan rahbarlarni ogohlantirishga urinishlarni yo‘qqa chiqarish bugungi kunda samara bermasligini ayrim rahbarlar yo tushunmayapti, yo tushunishni istamayapti. Yoki aynan shu kabi murojaatlarga shunchaki javob berish uslubi qo‘llanmoqda.

«Daryo» maqolada tilga olingan holatlar bo‘yicha mas’ullardan izoh kutib qoladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!