Putinning O‘zbekistonga tashrifi raqamlarda

Putinning O‘zbekistonga tashrifi raqamlarda

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan joriy yil 18-19 oktyabr kunlari Rossiya Federasiyasi prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi.

Tashrif asnosida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 20 ta hujjat imzolandi.

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekistondagi birinchi AES qurilishiga start berdi. Ushbu stansiya har biri 1200 megavatt quvvatga ega ikkita, “3+“ avlodiga mansub eng zamonaviy va xavfsiz energiya blokidan iborat bo‘ladi. Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi natijasida katta miqdorda tabiiy gaz iqtisod qilinadi, atmosferaga karbonad angidrid chiqarilishi yiliga 14 million tonnagacha, azot oksidlari chiqarilishi 36 ming tonnaga kamayadi.

Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi munosabati bilan Toshkentda ikki tomon ishbilarmon doiralari ishtirokida “O‘zbekiston-Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi o‘tkazildi. Rossiya hududlari, yetakchi kompaniya va sanoat korxonalari rahbarlari – jami mingdan ziyod kishi ishtirok etgan forum natijalariga ko‘ra, umumiy qiymati 27,1 milliard dollarga teng 785ta ikki tomonlama bitimlar va memorandumlar imzolandi.

Xususan, savdo-iqtisodiy sohada 1,76 mlrd dollarlik 600 bitim, investisiya sohasida 25,3 mlrd dollarlik 185 kelishuv imzolangan.

Erishilgan kelishuvlar evaziga O‘zbekiston va Rossiya vakillari ishtirokida 79ta qo‘shma korxona tashkil etiladi, 23ta yangi savdo uyi ochiladi va O‘zbekistonda 20ta ulgurji savdo markazlari tuziladi.

Shuningdek, tarmoqlar sohalardagi hamkorlik doirasida O‘zbekiston va Rossiya korxonalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 1,2 milliard dollarlik 242ta shartnoma va dollarlik investisiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha 1,4 milliard 136ta shartnoma imzolangan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard dollarga yetadi. Yaqin yillardagi vazifa savdo aylanmasini 10 milliard dollarga etkaziladi.

Ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida o‘tgan “Yangi iqtisodiyot uchun yangi kadrlar” mavzucidagi birinchi Ta’lim forumida ta’lim va fan sohalaridagi hamkorlik, jumladan, mamlakatda Rossiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish to‘g‘risida 100dan ortiq kelishuv imzolangani qayd etildi.

Forumda Rossiyaning 82ta va O‘zbekistonning 80ta oliygohi rektorlari qatnashdi.

Rossiya Federasiyasi prezidenti Vladimir Putin hamda ushbu davlat delegasiyasi tashrifi hamda uning doirasidagi tadbirlarni yoritish uchun Rossiya Federasiyasidan 27 ommaviy axborot vositasi o‘zining 100ga yaqin jurnalist hamda texnik xodimlari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, 10 gubernatorning axborot xizmati vakillari qatnashish istagini bildirgan bo‘lsa, O‘zbekistonda doimiy akkreditasiyadan o‘tgan 31 jurnalist ham bu jarayonlarni yoritishda qatnashdi.

Bundan tashqari, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 150ga yaqin vakillari ham tadbirlarni yoritishda ishtirok etdi.

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!