Prezidentning qizi ko‘p millionli biznesga aloqadorligi ma’lum bo‘ldi

Prezidentning qizi ko‘p millionli biznesga aloqadorligi ma’lum bo‘ldi

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning to‘ng‘ich qizi Mariya Voronsova mamlakat sog‘liqni saqlash sohasida yirik xususiy investisiya loyihasini amalga oshiruvchi kompaniya egalaridan biri bo‘lib chiqdi. Loyihaning bahosi 40 milliard rubl ($614 million)ga baholanmoqda.

Diqqatini saratonga qarshi kurashning zamonaviy usullariga qaratgan ushbu loyihani nufuzli amaldorlar qo‘llab-quvvatlab keladi.

Iyul oyining boshida Sankt-Peterburgda keng jamoatchilik uchun u qadar qiziqarli tuyulmagan «Yadro tibbiyoti» simpoziumi bo‘lib o‘tgan edi. Uni bor-yo‘g‘i 2019 yil yanvarida asos solingan «Nomeko» aksionerlik jamiyati tashkil etgan.

«Nomeko» yirik ko‘ptarmoqli tibbiyot kompleksi qurish bilan shug‘ullanmoqda. Loyihaning qiymati 40 milliard rublga teng.

«Nomeko» aksionerlari ichida esa Mariya Vladimirovna Voronsova ismi ham bor. The New York Times nashri uni prezident Putinning to‘ng‘ichi deya ataydi.

Bi-bi-si rus xizmati shu vaqtga qadar o‘zining faqat ilmiy yutuqlari bilan ma’lum bo‘lgan Voronsovaning biznesdagi ilk tetapoyasi haqida hikoya qilishga qaror etdi.

Ulkan rejalar

Hikoyani «Sogaz medisina» tibbiyot kompleksidan boshlasak. Bu keng miqyosli loyihani 2021 yilga qadar «Sogaz» sug‘urta kompaniyasi Leningrad viloyatida amalga oshirishni ko‘zlamoqda.

Kompaniya Rossiya ixtiyoriy tibbiy sug‘urta bozorining deyarli 40 foizini egallab olgan. «Sogaz» boshqaruvi raisi o‘rinbosari vazifasini prezident Putinning amakivachchasining o‘g‘li Mixail Putin bajaradi.

«Sogaz medisina» kompleksi qurilishi uchun 2019 yil yanvar oyida Leningrad viloyatining nufuzli tumanidan 30,4 gektar o‘rmon hududi ajratilgan.

Qurilish uchun yer ajratish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihani amalga oshiruvchi «Nomeko» kompaniyasining ta’sis etilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan.

«Nomeko»ning dunyoga kelishi

«Nomeko» Peterburg markazidagi «Sogaz» kompaniyasiga tegishli binoda ro‘yxatdan o‘tgan. Uning ustav kapitali yarim million rublga teng.

«Nomeko» sohiblari orasida «Sogaz medisina» direktori Vladislav Baranov, sobiq ta’lim vaziri o‘rinbosari Sergey Mazurenko, «Sogaz» xalqaro tibbiyot markazi bosh vrachi Andrey Obrezan va Natalya Bugaenkoni uchratish mumkin.

Bugaenko haqida ko‘p narsa ma’lum emas. U joriy yilning iyul oyiga qadar «Nomeko»ning bosh direktori bo‘lgan. Bugaenko «Sogaz medisina» xodimi ekani taxmin etiladi.

Jamiyatning yana bir aksioneri – Mariya Vladimirovna Voronsova.

Bi-bi-si rus xizmati bunday ismli ayolning prezident qizi ekani yoki yo‘qligi bilan qiziqib ko‘rdi. Vladimir Putin oilasiga yaqin bir manba ushbu taxminni tasdiqladi.

Mariya Voronsova biznesi haqida omma deyarli bilmagan // Foto: BBC/UZBEK

«Reyter» agentligining 2015 yilda bergan xabarida aytilishicha, prezident Putinning to‘ng‘ichi Mariya Moskva davlat universiteti (MGU) fundamental tibbiyot fakultetini tamomlagan va o‘z xizmat faoliyatini endokrinologiya sohasida boshlagan.

Bi-bi-si bu ma’lumotlarni tasdiqlash borasida Kreml matbuot xizmatiga so‘rov yo‘lladi, ammo hech qanday javob olmadi.

Ommaga noma’lum shaxs

Rossiya prezidenti o‘z farzandlari haqida gapirishni xush ko‘rmaydi. Voronsovaning tarjimai holiga uning nomzodlik ishiga yozilgan taqrizlar birmuncha oydinlik kiritgan. Ayni damda ayolning yoshi 34 da ekani taxmin qilinadi.

U MGUning fundamental tibbiyot fakultetini 2011 yilda «davolash ishi» mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan. So‘ng Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi endokrinologiya ilmiy markazida xizmat qilgan.

Voronsova bundan ikki yil muqaddam «Gipofizar nanizm bilan og‘rigan bolalarni o‘sish gormonlari yordamida davolash: tibbiy va iqtisodiy jihatlar» mavzusi bo‘yicha dissertasiyani himoya qilgan.

Gipofizar nanizm yoki pakanalik – jismoniy rivojlanishning tanada o‘sish gormonlari yetishmovchiligi oqibatida to‘xtab qolishi. Rossiyada bunday kasallikka uchragan to‘rt mingga yaqin bola ro‘yxatga olingan.

The New York Times jurnali va Reuters agentligining yozishicha, Voronsovaning turmush o‘rtog‘i – niderlandiyalik ishbilarmon Yorrit Yost Faassen. U 2006 yilda «Gazprom»ga ishga joylashish maqsadida Rossiyaga kelgan va 2007 yilda biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor lavozimini egallagan. Mariya u bilan qachon turmush qurgani to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emas.

Mariyaning singlisi – Katerina Tixonova ham ilm dunyosi vakili. Tixonovaning «Innopraktika» kompaniyasi Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining texnologiya vodiysida proton terapiyasi markazini qurishga bosh-qosh bo‘lmoqda.

2015 yilda «Innopraktika» MGUning ilmiy-texnologiya vodiysini kengaytirish bilan shug‘ullanayotgani va loyiha qiymati 110-120 milliard rubl ($1,6-1,8 milliard)ga baholanayotgani ma’lum bo‘lib, xabar shov-shuvga aylangan edi.

MGU, «Innopraktika» Bi-bi-sining so‘rovlariga javob qaytarmadi. Mariya Voronsova ham o‘z nomiga yo‘llangan qo‘ng‘iroq va xabarlarni e’tiborsiz qoldirdi.

Rejalar hali katta

Iyulda o‘tgan simpoziumda tashkil etilganiga atigi yarim yil bo‘lgan «Nomeko» kompaniyasining rejalari aql bovar qilmas darajada ulkan ekani ma’lum bo‘lgan.

Berilgan ma’lumotlarga qaraganda, «Nomeko» qurmoqchi bo‘layotgan tibbiyot kompleksi maydoni 200 ming kvadrat metrga yetadi.

Uning tarkibiga onkologik markaz, reabilitasiya va sport tibbiyoti markazi, o‘quv kompleksi, yadro tibbiyoti markazi kiritilishi kutilmoqda.

Tibbiyot kompleksi yiliga 20 ming bemorni qabul qilishi, u yerda bir yilda 10 jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi va 3500 bemor stasionar holatda onkologik davolanishdan o‘tishi aytilmoqda.

«Nomeko» kompaniyasi rasmiylarining va’dasiga ko‘ra kompleks mukammal jihozlanganlik bo‘yicha dunyodagi klinikalar uchtaligiga kiradi.

Biroq tibbiy kompleksning eng asosiy «tashrif qog‘ozi» – proton terapiyasi. Bu onkologik xastaliklarni davolashning eng zamonaviy usullaridan hisoblanadi. Uning samarasi to‘g‘risida Voronsovaning o‘zi ham simpoziumda so‘zlab bergan.

2020 yildan proton tibbiyoti uchun to‘lovlarni hukumat Majburiy tibbiy sug‘urtalash fondi hisobidan to‘lab berishni rejalashtirmoqda. Rejaga ko‘ra ajratilgan pul 2 mingga yaqin bemorni davolashga yetishi lozim. Bir bemorni davolash 2-2,5 million rubl ($30,5-38 ming)ga tushadi. Biroq Rossiyada yiliga 25-35 ming inson, jumladan, 3 mingga yaqin bola bunday davoga muhtojdir.

Tibbiy kompleks 2021 yil yakuniga qadar qurib bitkazilishi lozim, ammo Bi-bi-si muxbiri hujjatlarda ko‘rsatilgan qurilish maydoniga borib, u yerda qalin o‘rmondan boshqa hech qanday narsani topa olmadi.

Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko mazkur tibbiy kompleks sharofati bilan viloyat Rossiyadagi tibbiyot turizmining yangi nuqtasiga aylanishini bashorat qilgan.

Noma’lum shirkat

«Nomeko» hali biror yerda o‘zining bunday qimmatbaho loyihadagi rasmiy rolini oshkor etmagan.

Federal kanallar va prezident Putinga yaqin shaxslarga tegishli mediakompaniyalar «Nomeko»ni ko‘klarga ko‘targan bo‘lsa-da, jamoatchilikka bu kompaniya to‘g‘risida deyarli hech qanday izoh bermagan.

Kompaniyaning rasmiy saytida uning maqsadi «klinikalar amaliy faoliyatida yuqori texnologiyali diagnostika va davolash metodlarini samarali joriy etish uchun ilg‘or ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va tibbiy muassasalar o‘rtasida o‘zaro aloqa interfeysini yaratish» o‘laroq ko‘rsatilgan.

Taxminlarga ko‘ra prezident Putinning to‘ng‘ichi egalik qiladi deya ko‘riluvchi «Nomeko» qurilajak yirik tibbiy kompleksning boshqaruvchisiga aylanadi.

«Nomeko» matbuot xizmati Bi-bi-siga javob qaytarmadi.

Boylar shifoxonasi

Rossiya shimoli-g‘arbida ko‘ptarmoqli klinikaga asos solgan Gleb Mixaylik Leningrad viloyatida qurilayotgan tibbiy markazni ayni vaqtda mamlakat sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yirik investisiya loyihasi deb ataydi va uni gipermarketga mengzaydi.

«Bu haqiqatan tibbiy xizmatlar sotiluvchi gipermarket bo‘ladi. Shifoxona dunyodagi eng zamonaviy tibbiy texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladi», – deb izohlaydi u.

«Ko‘plab sabablarga ko‘ra Rossiya elitasiga davolanish uchun hashamatli shifoxona zarur bo‘lib qolgan ko‘rinadi».

Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova esa Bi-bi-sining hukumat yangi qurilayotgan yirik tibbiyot kompleksi bilan qanday hamkorlik qilmoqchi degan savoliga bu haqida hali gapirish erta ekanini ta’kidladi.

Sergey Berezin nomidagi tibbiyot instituti direktorlar kengashi raisi Arkadiy Stolpner uning instituti Leningrad viloyatida proton terapiyasi bilan shug‘ullanib kelayotgani va bir hududda o‘xshash xizmat ko‘rsatuvchi ikki markazning bo‘lishi mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini aytadi.

Bundan tashqari uning so‘zlariga ko‘ra 2025 yilga borib butun dunyoda proton terapiyasi butkul tarqalib bo‘ladi va Leningrad viloyatidagi markazga tibbiyot sayyohlarining oqib kelishidan umid qilish yaramaydi.

minbar.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!