Oshayotgan maoshlar, taksi elektron lisenziyasi – 2019 yil 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

Oshayotgan maoshlar, taksi elektron lisenziyasi – 2019 yil 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali 2019 yil 1 aprelda kuchga kiradigan o‘zgarishlar haqida eslatma berdi.

Tadbirkorlik sohasida:

- bir kunlik jo‘jalarni eksport qilishga ruxsat etiladi;

- tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va qonuniyligi ustidan nazorat qilish Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan amalga oshiriladi;

- Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarga oid qarorlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;

- noruda foydali qazilmalar mavjud bo‘lgan yer qa’ri uchastkasidan geologik o‘rganish uchun foydalanish huquqini beruvchi lisenziya ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 kundan oshmagan muddatda beriladi.

Shuningdek, tadbirkorlardan quyidagi hujjatlarni olish bo‘yicha talablar bekor qilinadi:

- eksport kontrakt ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma;

- mol so‘yishni amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsat guvohnomasi;

- yer qa’ri uchastkasidan foydalanishda buzilgan yerlar qayta tiklanganligi haqida xulosa;

- voyaga yetmaganlarga mo‘ljallangan dori vositalarini reklama qilishga ruxsatnoma;

- qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan chakana savdo qiladigan tadbirkorlik sub’ektlarining savdo ob’ektlari joylashuvi;

- yerlarning barcha toifalarida geologik-suratga olish, qidirish, geodeziya va boshqa turdagi qidiruv ishlarini olib borishga ruxsatnoma.

2019-2021 yillarda mahsulotining kamida 80 foizini eksport qiladigan tikuv-trikotaj korxonalarining kreditlarini to‘lash xarajatlari Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan quyidagi tartibda qoplanadi:

- milliy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 25 foizi miqdorida;

- xorijiy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining 50 foizi miqdorida;

- nol stavkasini qo‘llagan holda vujudga kelgan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar to‘liq taqdim etilgan kundan e’tiboran 7 ish kuni davomida soliq to‘lovchiga qaytariladi;

- birja savdolari orqali paxta tolasini sotib olishda qat’iy talab qilinadigan bank kafolatlari bekor qilinadi;

- xo‘jalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi tarkibi va ijroiya organi a’zolarini normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlash bekor qilinadi;

- avtomobilda yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyati elektron shaklda lisenziyalanadi.

Turizm sohasida:

- ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari turistlarni avtotransportda kuzatib borish hamda madaniy meros ob’ektlarida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha pulli xizmat ko‘rsatish huquqiga ega;

- transportlarda xavfsiz turizmni ta’minlash transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi;

- turizm temir yo‘llarida sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish kuzatuvchi profilaktika inspektorlari lavozimlarini joriy etish orqali poyezdlarning o‘zida amalga oshiriladi.

Davlat boshqaruvi va sud sohasida:

- Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari lavozimlariga nomzodlar Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanadi. Bunda nomzodlar o‘zlarining harakatlar rejalarini taqdim etishi lozim;

- barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari faoliyati baholab boriladi;

- Hukumatning mavzuli sayyor (ochiq) majlislari tizimli asosda o‘tkaziladi;

- Bosh vazir Hukumat a’zolari bilan birgalikda har chorakda Oliy Majlis palatalariga Davlat dasturining amalga oshirilishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi;

- sud hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga mediasiya instituti joriy etiladi. Mediasiya amalga oshirilayotgan paytda ijro ishi 15 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turiladi;

- yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida ijara shartnomalarini tasdiqlash uchun amaldagi davlat boji miqdori (405 460 so‘m) ikki marotaba kamaytiriladi.

Tibbiyot sohasida:

- davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmasevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash miqdorlari 1,15 baravar oshiriladi;

- Toshkent shahrida tez tibbiy yordam boshqarmasining yangi avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi (ushbu tizim 2019 yil 1 oktyabrdan respublikaning qolgan hududlarida ham joriy etiladi).

Mazkur tizim quyidagi imkoniyatlarga ega:

- aholining chaqiruvlarini qabul qilish va ro‘yxatga olish, ustunlik tartibida xizmat ko‘rsatish lozim bo‘lgan chaqiruvlarni avtomatik belgilash;

- maxsus avtotransport harakatini boshqarish, shu jumladan GPS-navigasiyadan foydalangan holda, keyinchalik bosqichma-bosqich raqamli radioaloqaga o‘tish orqali avtotransport harakatini monitoring qilish;

- tez tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan shaxslar joylashgan joyni telefon (mobil) aloqasi orqali avtomatik aniqlash;

- tez tibbiy yordam yordam brigadalarini mobil ilovalar yordamida, shu jumladan imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun chaqirish;

- foydalaniladigan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini hisobga olish;

- vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarni shoshilinch xizmatlarining axborot tizimlari bilan birlashtirish;

- fuqarolar tomonidan tez tibbiy yordam stansiyalari faoliyati samaradorligini baholash va ularning reytingini yuritish.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!