​Onkologik kasalliklar ko‘rsatkichlari nega oshmoqda?

​Onkologik kasalliklar ko‘rsatkichlari nega oshmoqda?

O‘sma kasalliklari nafaqat respublikamizda, balki butun dunyo miqyosida murakkab muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida onkologik kasalliklarga chalinish ko‘rsatkichlari oshib borayotir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, 2030 yilda butun dunyoda o‘sma xastaliklari bilan 15 million kishi kasallanishi mumkin. Yurtimizda yiliga 22 mingdan ortiq bemorlarda onkologik xastalik aniqlanayotgani, o‘z navbatida, mazkur kasallikka qarshi kurashish tizimining takomillashtirilishi, yangi normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi, uni moliyalashtirish manbalarining aniq belgilanishini taqozo etmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitalari hamkorligida O‘zbekistonda onkologik kasalliklar bilan kasallanish holati: mavjud muammolar va ularning yechimi mavzuida o‘tkazilgan seminarda o‘sma kasalliklarini erta aniqlash, oldini olish va samarali davolash naqadar muhimligi alohida ta’kidlandi.

Tadbirda bugun dunyoda fan va amaliyotning taraqqiyoti, sog‘liqni saqlash va insonlar salomatligini muhofaza qilish tizimining rivojlanishi natijasida onkologiya sohasida, birinchi navbatda, birlamchi bo‘g‘inlarda profilaktika hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati darajasini oshirish bilan bog‘liq bir qator o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjudligi, yuqori texnologik operasiyalarning o‘tkazilishiga talab va ehtiyoj yuqori ekanligi qayd etildi.

Ishtirokchilarning fikricha, yurtimizda ro‘yxatga olingan xavfli o‘sma kasalliklari orasida sut bezi, o‘pka, qon va limfoid to‘qimalar xavfli o‘smalari hamda bachadon bo‘yni raki bilan kasallanish ko‘rsatkichlari oshib bormoqda. Sog‘liqni saqlash tizimida islohotlar bosqichma-bosqich davom etayotgan bo‘lsa-da, o‘sma kasalliklari bilan kasallanishni kamaytirish maqsadida davlat miqyosidagi keng qamrovli dasturlarning amalga oshirilishi, kadrlar tayyorlash masalasiga e’tibor qaratilishi, ayniqsa, uzoq qishloq joylarda ishlayotgan umumiy amaliyot vrachlarining onkologik sezgirligining oshirilishi va tibbiy ko‘rik sifatining yaxshilanishiga hamon zarurat katta bo‘lib qolmoqda.

Shu bois seminarda onkologik bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, o‘sma kasalliklarning oldini olish, mazkur yo‘nalishga oid muammolarning hal etilishiga qaratilgan huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.

Yakunda tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!