Olimlar kashfiyoti 5 ming marta, bozordagi tortishuv 2.5 mln marta ko‘rilmoqda — Shoir ma’naviyatga ehtiyoj haqida

Olimlar kashfiyoti 5 ming marta, bozordagi tortishuv 2.5 mln marta ko‘rilmoqda — Shoir ma’naviyatga ehtiyoj haqida

Qashqadaryoda «Ma’naviyat festivali» davom etmoqda. Festivalning ikkinchi kuni Kitob, Dehqonobod va Kasbi tumanlarida davom etdi. Tadbirlar «Ajdodlarga ehtirom» loyihasi bilan start oldi. Xususan, Kasbi tumaniga tashrif buyurgan ijodkorlar, avvalo, Begali Qosimov uy-muzeyida bo‘lishdi hamda mahalla ahli bilan uchrashib, ulug‘larning holidan xabar olishdi. Shundan so‘ng tumandagi «Obod mahalla markazi» bilan tanishishdi. Ushbu maskanning diqqatga sazovor jihati shundaki, unda 3 ta mahalla fuqarolar yig‘ini joylashgan, atrofida ko‘ngilochar joylar, shu bilan birga maktab va bog‘cha bor. Shu sababli ham ushbu tadbirda 1 yarim mingga yaqin aholi qatnashdi. Unda shoir Eshqobil Shukur uch avlod uchrashuviga to‘xtalib, ma’naviyat va ma’rifatning nega zarur ekanligi haqida fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi.

«Yaqinda yurtimizdagi OAVdan birida bir tajriba o‘tkazildi: ekranning bir tarafiga o‘zbek olimlarining kashfiyoti, bir tomoniga bozorda ikki xotinning soch yulishgani haqidagi xabar qo‘yildi. Olimlar kashfiyoti 5 ming marta ko‘rilgan bir chog‘da bozordagi tortishuv 2 million 500 ming marta ko‘rilibdi. Aynan shu tajribaning o‘ziyoq ma’rifat masalasi naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatadi», deydi shoir.

Kitob tumanida ham xuddi shu kabi tadbir tashkil etildi. Unda poytaxtdan tashrif buyurgan ijodkorlar tumandagi mashhur Chinor atrofida otaxon va onaxonlar ishtirokida tarixni yodga olishdi.

Qayd etilishicha, ushbu chinor ichiga 80 kishini sig‘dirgan. Bir necha asr avval undan maktab o‘rnida foydalanishgan. Hozirda esa u turistlar diqqat markazida. Kitob tumaniga tashrif buyurgan ijodkorlar ishtirokida sportchi yoshlar bilan «Sport mening do‘stimsan» mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.

Mahalladagi 45-maktabning sport zalida barcha sharoitlar mavjud. Bu yerda Ulug‘bek Jalolov sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha 300 nafardan ortiq yoshlarga murabbiylik qilib kelmoqda. Ayni vaqtda mahalla yoshlaridan tashqari qo‘shni Sariosiyo, Xo‘jailmkoni, Oqsuv, To‘pchoq, Saroy, Iskana mahallasi yoshlari ham mashg‘ulotlarga birdek qatnashib kelmoqda. Uchrashuv so‘nggida katta yutuqlarga erishgan yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

«Ma’rifat» targ‘ibotchilar aql charxini yaxshi ko‘rishlari hech kimga sir emas. Kitobda ular ishtirokida «Zakovat» intellektual o‘yini ham tashkil etildi. Unda san’atkorlar bilan bir qatorda tuman aholisi ham faol qatnashdi.

Dehqonobod tumanida ham tadbirlar o‘ziga xos tarzda o‘tdi. «Inson qadri» loyihasi doirasida «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari «Zavqiy» mahallasida istiqomat qiluvchi 102 yoshli Fayzulla bobo hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olishdi.

Shuningdek, uchta tumanda ham tadbirlar gala-konsertlar bilan yakunlandi. Har bir hududda 2 mingga yaqin aholi unda ishtirok etdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!