Sochga erta oq tushishining sababi nimada?

Sochga erta oq tushishining sababi nimada?

Soch oqarishi — keksalik davrida yuz beradigan tabiiy jarayon. Biroq turli omillar tufayli ayrimlarda bu holat ancha oldin ham boshlanishi mumkin. Buning sababi nimada?

Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Avaz Inoyatov javob berdi.

— Sochga melanin pigmentini ishlab chiqaradigan melanosit hujayralari rang beradi. Yosh o‘tgan sayin ularning faolligi pasayishi tufayli melanin hosil bo‘lishi kamayadi va oqibatda soch oqara boshlaydi, — deydi mutaxassis. — Sochga erta oq tushishining eng asosiy omili irsiy moyillik hisoblanadi. Melanositlarning soni va faolligi, avvalo, genlarga bog‘liq. Agar insonning yaqin qarindoshlarida soch barvaqt oqargan bo‘lsa, katta ehtimol bilan unda ham bu jarayon yoshlikdan boshlanadi.

Sochga erta oq oralashiga surunkali stress ham sabab bo‘ladi. Zo‘riqish, tez-tez asabiylashish hujayralar, shu jumladan melanositlar tezroq qarishiga olib keladi. Natijada soch o‘zining tabiiy rangini yo‘qotib, oqaradi.

Bundan tashqari, V12, D3 vitaminlari, shuningdek mis, temir va rux soch hamda teri salomatligini saqlashda muhim rol o‘ynaydi. Shu bois ularning yetishmasligi melanin ishlab chiqarilishining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Sochda oq tolalarning erta paydo bo‘lishi doim ham irsiy moyillik va stressga bog‘liq bo‘lavermaydi. Bunga gormonal o‘zgarishlar, shuningdek vitiligo, areata alopesiyasi kabi autoimmun hamda gipertireoz, gipotireoz va qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi bilan bog‘liq boshqa kasalliklar ham ta’sir qilishi mumkin.

Havo ifloslanishi va kuchli ultrabinafsha nurlari, nosog‘lom turmush tarzi, chekish, alkogol ichimliklarni iste’mol qilish ham soch va teriga zarar yetkazib, qarish jarayonini tezlashtiradi hamda sochlarning erta oqarish xavfini oshiradi.

Soch erta oqarishining oldini olish uchun nimalarga amal qilish kerak?

🔹 Stress va zo‘riqishdan saqlaning.
🔹 To‘g‘ri va vaqtida ovqatlaning. V12, D vitaminlari, biotin va ruxga boy mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qiling.
🔹 Kuniga kamida 7-8 soat uxlang.
🔹 Zararli odatlardan voz keching.
🔹 Yetarli miqdorda suv iching.
🔹 Sochni to‘g‘ri parvarish qiling. Fen, dazmol va boshqa vositalardan kamroq foydalaning.
🔹 Sport bilan shug‘ullaning. Jismoniy faollik qon aylanishini yaxshilab, sochga ko‘proq ozuqa moddalari yetib borishini ta’minlaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!