Navoiyda xavfli residivist o‘z qarindoshining mulkiga tajovuz qildi

Navoiyda xavfli residivist o‘z qarindoshining mulkiga tajovuz qildi

Farzand ota-onaning Allohdan tilab topgan ne’mati hisoblanadi. Ushbu norasida go‘dak oppoq qog‘ozga o‘xshab, ota-onaning tarbiyasi, mahalla ko‘y e’tibori bilan ushbu qog‘oz to‘lib boradi.

O.Ro‘ziyevning ham qarib qolgan onasi farzandidan ne ne umidlar qilgandi. Afsus...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman  sudi devonxona mudiri X.Asomov "ANIQ.UZ"ga jinoyatlardan biri tafsilotini ma’lum qildi. 

O.Ro‘ziyev  muqaddam o‘g‘rilik jinoyatini sodir etganligi  sababli ikki marotaba ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan bo‘lib, tavba neligini bilmadi.

2016 yilda qamoqdan chiqa turib, qamoqxona boshlig‘i va sudga bot-bot tuzalishi, qayta jinoyat qilmasligi, davlat va jamiyatga foydali mehnat bilan shug‘ullanishi haqida va’da bergandi. Onasi sho‘rlik o‘g‘lini uylantirib tinchiyman deb o‘ylagandi.

Biroq, O.Ro‘ziyev spirtli ichimlikka ruju qo‘ydi. Uyda bor narsani aroqqa almashtirib ichib bo‘lgach, hech qayerda ishlamasdan, foydali mehnat bilan shug‘ullanmasdan, oson boylik topish maqsadida 2019 yil 13 noyabr kuni soat taxminan 10:00 larda spirtli ichimlik ta’sirida mast holatda momosi Qodirova Shohistaning yashash xonadoniga borib, ushbu xonadon mehmonxonasiga vaqtincha saqlash uchun qo‘yilgan xolasi Qodirova Lobar Xaydarovnaga tegishli bo‘lgan, bahosi 300.000 so‘m bo‘lgan bir dona yuk sumkasi (chemodan)ni hamda mazkur sumka ichida bo‘lgan, umumiy bahosi 1.915.000 so‘mlik turli kiyim-kechaklar hamda matolarni  yashirin ravishda talon-toroj qilib, o‘g‘irlagan.

O.Ro‘ziyev o‘g‘irlagan narsalarini ochiq bozorda sotolmasligi juda yaxshi bilardi. Shu sababli, u bir ko‘cha narida joylashgan do‘konga borib, o‘zini xuddi puli qolmagan Toshkentdan hozirgina uyiga kelgan shaxs sifatida do‘kon sotuvchisiga ko‘rsatib, chemodanni olib turishini, buning evaziga unga 100.000 so‘m pul berishini, bu pullarni u yo‘l haqiga berib, uyidan unga 100.000 so‘m pullarini qaytarishini va chemodanni undan olib ketishini aytib, o‘zini nochor ahvolda qolgan shaxs sifatida ko‘rsatib, uning ishonchiga kirib, 100.000 so‘m pullarni sotuvchidan olib, bu pullarga dorixonadan spirt olib Nurota shahrida joylashgan istirohat bog‘ida mast holatda uxlab qolgan.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudi raisi Z.Ibragimov tomonidan ko‘rib chiqilib, Ro‘ziyev Oydin Qahramonovichning jamiyatdan ajratmagan holda axloqini tuzatishning imkoni yo‘q deb topilib, unga nisbatan 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

O.Ro‘ziyev yolg‘iz onasi bilan birga yashardi. Uning o‘g‘ri va aroqqa mukkasidan ketganligini bilgan turmush o‘rtog‘i ham farzandini olib uyiga ketgan. Yolg‘iz ona katta hovlida bir o‘zi qarovsiz qolganida kimni ayblash mumkin?!

Shu o‘rinda, bobolarimizning “nima eksang shuni o‘rasan” degan maqollari naqadar to‘g‘ri ekanligi yana bir bor isbotini topadi.

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!