"95 kun ochiq okeanda – tirik qolishning o‘zi hayratlanarli!"

Peruning Andina agentligining xabariga ko‘ra, CNN ma’lum qilishicha, 61 yoshli perulik baliqchi Maksimo Napa Kastro Tinch okeanida 95 kun bo‘lganidan so‘ng tirik holda topildi.
Napa Kastro 7 dekabr kuni Peru janubidagi Markon shahridan qayiqda okeanga chiqdi, lekin yomon ob-havo tufayli yo‘ldan adashib, 11 martgacha okeanda suzib yurdi. Oxir-oqibat uni Ekvadorlik baliqchilar kemasi topib oldi.
Qutqarilgandan so‘ng, baliqchi omon qolish uchun yomg‘ir suvini to‘plab, qo‘lga tushgan hasharotlar, qushlar va toshbaqalar bilan oziqlanganini aytdi. So‘nggi 15 kun davomida esa hech narsa yemagan ekan. Napa Kastro topilganda, u juda suvsizlangan va og‘ir ahvolda edi.
Kastro oilasi haqidagi o‘ylar unga omon qolishga kuch berganini aytdi: "O‘zimga, onam uchun o‘lishni istamayman, deb takrorlardim. Endigina bir necha oylik nabiram bor, u uchun yashashim kerak. Har kuni onamni o‘ylardim".
CNN xabar berishicha, baliqchining qarindoshlari va do‘stlari uch oy davomida uni izlashdan to‘xtamagan. Napa Kastro qutqarilganidan so‘ng, uning qizi otasini qutqarganlari uchun "ekvadorlik birodarlar"ga alohida minnatdorchilik bildirdi.