Qimmatga tushgan qahva! Starbucks kuryerga 50 million dollar to‘laydi

Kaliforniyadagi sud hay’ati Starbucks qahvaxonalar tarmog‘i qahva stakani qopqog‘i noto‘g‘ri yopilganligi sababli jiddiy kuygan kuryer haydovchiga 50 million dollar miqdorida tovon to‘lashi kerakligini qaror qildi.
CNN xabar berishicha, voqea 2020 yilda Los-Anjelesda yuz bergan. Jabrlangan shaxs oziq-ovqat yetkazib beruvchi Maykl Garsiya bo‘lgan. U Starbucks qahvaxonasidan-qahva olganida, yaxshi yopilmagan qopqoq tufayli issiq ichimlik uning tizzasiga to‘kilgan. Da’voda Starbucks qopqoqni ishonchli yopishni ta’minlamagan holda ehtiyotkorlik burchini buzganlikda ayblanmoqda.
Garsiya sudda kuyish unga "jismoniy og‘riq, ruhiy azob, hayotdan zavqlanish qobiliyatini yo‘qotish, xo‘rlanish, noqulaylik, g‘am-alam, xunuklik, jismoniy nuqsonlar, tashvish va ruhiy azob-uqubatlar" keltirganini ta’kidladi.
Starbucks sud qarorini apellyasiya qilishni rejalashtirmoqda. Kompaniya Maykl Garsiyaga hamdardlik bildirsa-da, hakamlar hay’ati qaroriga qo‘shilmayapti. Starbucks kompensasiya miqdori haddan tashqari yuqori deb hisoblab, o‘zining xavfsizlik bo‘yicha yuqori standartlarga rioya qilishini ta’kidlamoqda.
OAV xabarida aytilishicha, "Bu ish 1994 yildagi [AQShning tez ovqatlanish restoranlari tarmog‘i] McDonalds'ga qarshi ko‘tarilgan mashhur da’voni eslatadi. O‘shanda bir ayol tizzasiga issiq qahva to‘kib olib, uchinchi darajali kuyish jarohatini olgan edi. Da’vogarga dastlab qariyb 3 million dollar miqdorida tovon puli to‘lash belgilangan edi".