AQSh husiylarga qarshi urush boshladi

Donald Tramp AQSh Qurolli kuchlariga Yamanda husiylarga qarshi “qat’iy va kuchli” harbiy harakatlarni boshlashni buyurdi.
"Bizning jasur harbiylarimiz hozirda AQSh dengiz, havo va dengiz kuchlarini himoya qilish hamda dengizda harakatlanish erkinligini tiklash uchun husiylarning bazalari, yetakchilari va raketaga qarshi mudofaa vositalariga havo hujumlarini amalga oshirmoqda", — deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Shuningdek, u Eronni husiylarni qo‘llab-quvvatlashni "darhol to‘xtatishga" chaqirib, bunga qandaydir aralashuv yuz bergan taqdirda, Tehronga nisbatan javob choralarini kovrishga va’da qildi.
Husiylarga tegishli Al Masirah telekanali Yaman poytaxti Sana shahrida AQSh Harbiy-havo kuchlari tomonidan amalga oshirilgan zarbalar haqida xabar berdi. Mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar oqibatida kamida 19 kishi halok bo‘lgan va yana bir necha kishi jarohat olgan.