Navoiy kon metallurgiya kombinatining oltin zaxirasi nechchi yilga yetadi?

Navoiy kon metallurgiya kombinatining oltin zaxirasi nechchi yilga yetadi?

Navoiy kon metallurgiya kombinatining oltin zaxirasi 35-40 yilga yetadi. Bu haqda 21 noyabr kuni kombinat tarixi muzeyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida kombinat bosh direktorining iqtisod masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nurmat Jo‘libekov ma’lum qildi.

“O‘zbekiston byudjetining 10 foizi, viloyat byudjetining 70 foizidan ortig‘i Navoiy kon metallurgiya kombinati hisobiga to‘g‘ri keladi. Kombinat oltin ishlab chiqarishda dunyoda 10-o‘rinda turadi, – deydi Nurmat Jo‘libekov. – Butun jahon bo‘yicha oltin ishlab chiqarish ko‘rsatkichi pasayib borayotgan bir paytda, biz 2026 yilga borib oltin ishlab chiqarishni 30 foizga oshirishni rejalashtirmoqdamiz”.

Nurmat Jo‘libekovning qo‘shimcha qilishicha, 2026 yilgacha 3 mlrd dollar evaziga 27 ta investisiyaviy loyihaning amalga oshirilishi kutilmoqda. Ayni paytda “Auminzo-Amantoy” koni negizida 5-gidrometallurgiya zavodini barpo etish, Oltinni uyumda ishqorlash sexida texnogen chiqindilarni qayta ishlash kompleksini qurish loyihalari amalga oshirilyapti. Shuningdek, “Muruntov” konini o‘zlashtirishning 5-navbatini ishga tushirish, 3-gidrometallurgiya zavodida ishlanishi qiyin bo‘lgan rudalardan oltin ajratib olish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

“Uch milliardlik loyihaning 2 mlrd 200 mln dollari NKMKning o‘z mablag‘lari hisobidan, 800 mln dollari O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi, – deydi NKMKning iqtisod-moliya boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Hasanov. – Bu loyiha to‘liq quvvatda ishga tushsa, aholi uchun 30 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi”.

Kombinatning joriy yildagi daromadi 2 trln so‘mni tashkil etgan. Mazkur mablag‘lar hisobiga tizimda 1,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Tashkilot tasarrufidagi 5 ta sog‘lomlashtirish va dam olish maskani, 6 ta bolalar oromgohi, 9 ta madaniyat muassasasi, 5 ta stadion va 5 ta basseyn, 80 dan ortiq sport zallari ta’mirlangan. Tizimda 14 mingdan ziyod ishchi faoliyat yuritmoqda.

Asosiy ishlab chiqarish ob’ektlariga Shimoliy, Markaziy, Janubiy kon boshqarmalari, 5-kon boshqarmasi “1-GMZ” kon boshqarmasi, Zarafshon qurilish boshqarmasi hamda Navoiy mashinasozlik zavodi kiradi. Mazkur bo‘linmalarda foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, uran, oltin, kumush hamda xalq xo‘jaligining tarmoqlari uchun keng assortimentdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Uran zaxirasi bo‘yicha kombinat dunyoda 10-o‘rinda, uranni qayta ishlash bo‘yicha 6-o‘rinda turadi.

Joriy yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston oltin-valyuta zaxirasi 26,5 mlrd dollarni tashkil etgan. Oldinroq O‘zbekiston oltin eksporti hajmi joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida 2 barobarga kamaygani haqida xabar berilgandi.

Yanvar-oktyabr oylarida Navoiy viloyatidagi qurilish ishlari o‘tgan yilgiga nisbatan 21,7 foizga oshgan. Bu O‘zbekiston bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir. Hududdagi qurilish ishlari "Navoiy kon-metallurgiya kombinati"ga qarashli Zarafshon qurilish boshqarmasi amalga oshirgan qurilish ishlari hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Manba: turon24


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!