Namanganda qalbaki 100 dollarlik kupyuralarni 50 dollardan sotishga uringan shaxs ushlandi

Namanganda qalbaki 100 dollarlik kupyuralarni 50 dollardan sotishga uringan shaxs ushlandi

Namangan viloyati Pop tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qalbaki AQSh dollarlarining savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Andijon viloyati Shahrixon tumanida yashovchi muqaddam sudlangan shaxs tadbir ishtirokchisiga 100 dollarlik qalbaki kupyurani 50 dollardan hisoblab, jami 2,7 ming dollar miqdoridagi qalbaki pullarni sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shundan so‘ng, fuqaro kelgan Cobalt avtomashinasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, mashina old eshigining yon qismida 100 dollarlik kupyuralardagi jami 1000 dollar, fuqaroning yonida esa 200 dollar miqdoridagi pullar borligi aniqlanib, tekshirib ko‘rish uchun olingan.

Qayd etilishicha, tekshirib ko‘rish uchun olingan pullar tayyorlash uslubi tipografiya korxonasida maxsus himoya vositasida emas, balki oddiy boshqa dastgohda tayyorlangani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchi qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!