Miloddan ming yil avval ham tish protezlari bo‘lgan(mi?)

Miloddan ming yil avval ham tish protezlari bo‘lgan(mi?)

Stomatologiya tibbiyotning qadimiy sohalaridan biri. Arxeologik qazishmalar 7500-9000 yil oldin zamonaviy Pokiston hududida tishlarni davolash uchun bormashina (tish kovlaydigan parma) prototipi ishlatilganini ko‘rsatdi.

Tish davolashning dastlabki tavsiflari miloddan avvalgi uch ming yillik davrga to‘g‘ri keladi. O‘sha davrda Nippur (zamonaviy Iroq) shahrida tishni davolash uchun dori-darmon reseptlari yozilgan xatlar topilgan. Tish va og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari, ularning oldini olish va konservativ davo to‘g‘risida "Gippokrat to‘plami", Aristotel va Qadimgi Rim shifokorlarining asarlarida aytilgan. Etrusk (miloddan ming yil avval Arno va Tiber daryolari o‘rtasida Apennin yarim orolining shimoliy-g‘arbiy qismida tashkil topgan qadimiy sivilizasiya) madaniyatiga tegishli qadimiy tish protezlari haqida ham ma’lumotlar bor.

Abu Ali ibn Sino (Avisenna)ning "Tib qonunlari" (XI asr) da tish, uning yoshga qarab o‘sishi va tuzilishi haqida ma’lumot beriladi, shuningdek, tish va og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarining ko‘plab alomatlari, o‘sha davrda ma’lum bo‘lgan davo usullari, tishni parvarish qilish tavsiflangan.

XIX asrda ilk bor stomatologlarni tayyorlash bo‘yicha maxsus maktablar paydo bo‘ldi. Dunyoda birinchi bo‘lib stomatologlarni tayyorlash maktabi 1840 yilda Baltimor (AQSh)da ochilgan. Keyinchalik shunga o‘xshash maktablar Angliya, Fransiya, Shveysariya, Rossiya, Germaniyada paydo bo‘ldi.

Stomatologiyaning kasb va fan sifatidagi asoschisi fransuz Per Foshar (1690-1762) hisoblanadi. 1728 yilda u stomatologiya sohasidagi ilmiy va amaliy bilimlarni tizimlashtirgan "Tish jarrohligi va davolash bo‘yicha qo‘llanma" chop ettirdi. Foshar, shuningdek, ortodontiya asoschisi hisoblanadi - u tish protezlarini og‘izga mahkamlash uchun prujina hamda tish uchun oltin qoplama ixtiro qildi, sun’iy tish koronkalariga chinni qoplashni joriy etdi.

XIX asr o‘rtalarida stomatologik kreslo va bormashina ixtiro qilinishi - stomatologiya amaliyoti uchun haqiqiy inqilob edi.

G.Xoldorova tayyorladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!