Masjidni sotish shar’an joizmi?

Masjidni sotish shar’an joizmi?

Savol:

- Masjidni sotish joizmi?

Javob:

- Bismillah, alhamdulillah, vassolatu vassalamu ala Rosulillah!

Va ba’d:

Masjid Alloh taoloning mulki e’tiboridan uning savdosi jumhurning, ya’ni hanafiy, shofe’iy va molikiylarning nazdida joiz emas. Masjidni sotganning savdosi botil, olganga esa mulk sobit bo‘lmaydi.

Imom Marg‘inoniy rohimahulloh Hidoya asarida shunday yozadilar:

Kim o‘z yerini masjidga aylantirsa, keyin u ushbu tasarrufidan qaytolmaydi, uni sota olmaydi, meros qilib qoldirolmaydi. Chunki masjidga aylantirilgan yer bandalarning mulkiyatidan chiqadi va xolis Alloh taoloning mulkiga aylanadi.

O‘zi aslida barcha mulk Alloh taolonikidir. Bandalikka oid mulk haqqi soqit bo‘lsa, u mulk o‘z asliyatiga qaytadi. Endi banda o‘sha mulkning tasarrufidan kesiladi. Huddi qul ozod qilish masalasi kabi.

Agar masjidning atrofi xarobaga aylanib, masjidga ehtiyoj qolmasa ham, Abu Yusuf rohimahullohning nazdida o‘sha yer masjidligicha qolaveradi. Chunki u yerda bandalik mulki soqit bo‘lgan. Endi bu mulkni banda mulkiga aylantirib bo‘lmaydi ... Hidoya ma’al Fathil Qodiyr 5/446.

Shofe’iylardan Xatib Shirbiniy rohimahulloh Mug‘nil muhtoj da shunday yozadi:

Agar masjid eskirib, buzulish holga kelsa, modomiki u yerda namoz o‘qish yoki qayta ta’mirlash imkoni bor ekanmi, uni hech kim mulk qilib ololmaydi, qanday holda bo‘lsa ham uni sotib bo‘lmaydi. Agar namoz o‘qish imkoni bo‘lmasa, hokim ma’qul topsa uning o‘rniga boshqa masjid quradi. Bo‘lmasa o‘sha masjidning o‘zini muhofaza qiladi. Boshqa masjidni ham o‘sha masjidga yaqin joyda qurish afzal. Eskining o‘rniga quduq barpo qilmaydi ...

Hazrat shayx rohimahullohdan shu muammo borasida savol so‘rashganda, masjid sotilmaydi, ammo shariatdan bexabarlar sotib olib, vaqf yerni o‘zlashtirishini oldini olish uchun ixlosli musulmonlardan kimdir uni sotib olsin va masjid uchun saqlab tursin, vaqti kelib, imkon bo‘lishi bilan yana masjid tasarrufiga beradi, degan edilar.

Xulosa:

Alloh taoloning baytiga xolis xizmat qiluvchi muxlislarini O‘zi chiqarsin, masjidni sotish kabi noma’qul sharmandalikdan bu ummatni O‘zi asrasin!

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!