Koronavirus: Rossiya iqtisodiyoti kuniga 100 mlrd rubl yo‘qotmoqda

Koronavirus: Rossiya iqtisodiyoti kuniga 100 mlrd rubl yo‘qotmoqda

Rossiyada COVID-19 kasalligi tarqalishiga qarshi kurash uchun joriy qilingan cheklovlar sababli mamlakat iqtisodiyoti kuniga 100 milliard rubl (1,3 milliard dollar) yo‘qotmoqda. Bu haqda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov ma’lum qildi, deb yozmoqda «TASS».

Reshetnikovning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda Rossiya byudjetining defisiti YAIMning 4,5-5 foizi miqdorida bo‘lishi mumkin, biroq davlatning barcha ijtimoiy majburiyatlari bajariladi. Rossiya Markaziy banki 2020 yilda mamlakatning iqtisodiy o‘sishi 6 foizga pasayishini taxmin qildi.

2020 yilning fevral oyida, epidemiya hali Rossiyaga kirib kelmagan bir sharoitda, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti dosenti Oleg Cherednichenko virusning o‘tkir kechish davrida mamlakat iqtisodiyotining yo‘qotishini 100 milliard rublga baholagan.

O‘shanda Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov epidemiya tufayli  Xitoy bilan savdo aylanmasi pasaygani sababli Rossiya iqtisodiyoti kuniga 1 milliard rubl (13 million dollar) yo‘qotayotganini aytgan. Biroq mart oyida vazir koronavirus sababli mamlakat iqtisodiyotining bir qator sohalarida pasayish bo‘layotganini tan olgan.

Aprel oyining o‘rtasida turizm bo‘yicha federal agentlik rahbari Zarina Doguzova birinchi yarim yillik oxirida Rossiyaning turizmdan ko‘radigan yo‘qotishi 1,5 trillion rublni (20 milliard dollar) tashkil etishi haqida ogohlantirgan.

Rossiyaning milliy reyting agentligi tahlilchilarining fikricha, Rossiya iqtisodiyotining koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalari 17,9 trillion rubl (230 milliard dollar) yo‘qotishi mumkin.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!