JSST: Yer yuzida har 24 soniyada bir nafar odam yo‘l-transport hodisasidan vafot etmoqda

JSST: Yer yuzida har 24 soniyada bir nafar odam yo‘l-transport hodisasidan vafot etmoqda

2018 yilda dunyo bo‘yicha 1,35 mln nafar odam yo‘l-transport hodisasi tufayli hayotdan ko‘z yumgan. Bu esa Yer yuzida har 24 soniyada bir nafar odam yo‘l transport hodisasidan halok bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu haqda 7 dekabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan yangi yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi hisobotda ma’lum qilindi.

Unda ta’kidlanishicha, 5 yoshgacha va 5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda yoshlar o‘limining bosh sababi yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq. 

“Ushbu muammoni hal qilish uchun tasdiqlangan chora-tadbirlar mavjud. Ushbu hisobot hukumat va hamkorlarga mazkur choralarni amalga oshirishda yanada ko‘proq harakat qilishlari uchun chaqiriqdir”, deydi JSST bosh direktori, doktor Tedros Adhanom Gebreesus.

Shuningdek, hisobotda kuchli siyosat choralari va uning ijro etilishi, mustahkam yo‘l qurilishi hamda kuchli jamoatchilik kompaniyalari kelgusi o‘n yilliklarda millionlab insonlar hayotini qutqarishi mumkinligi aytiladi. 

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur chora-tadbirlar 48 ta o‘rtacha va yuqori daromadli mamlakatda yo‘l-transport halokati oqibatidagi o‘lim holatlarini qisqartirishga yordam bergan. Biroq kam daromadli barcha mamlakatlarda, bu kabi choralar yo‘qligi tufayli umumiy o‘lim darajasi kamaymagan.

Kam daromadli mamlakatlarda yo‘l-transport halokatlaridan o‘lish yuqori daromadli mamlakatlarga qaraganda uch baravar yuqori. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Afrikada (100 ming kishiga 26,6 ta), eng past ko‘rsatkich esa Yevropada qayd etilgan (har 100 ming kishiga 9,3).

Amerika, Yevropa va G‘arbiy Tinch okeani mintaqasida yo‘l-transport hodisalari sababli o‘lim darajasining pasayishi qayd etilgan.

Global miqyosda barcha o‘limlarning 26 foizi yoki to‘rtdan biri piyodalar va velosipedchilar hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich Afrikada 44 foizni va Sharqiy O‘rta Yer dengizida 36 foizni tashkil etadi. Motosiklchilar va ularning yo‘lovchilari bilan bo‘lgan baxtsiz hodisalar tufayli qayd etilgan o‘lim holatlari – 28 foiz. Ba’zi hududlarda esa bu ko‘rsatkich yuqori, masalan, Janubi-Sharqiy Osiyoda 43 foiz va G‘arbiy Tinch okeani mintaqasida 36 foizni tashkil etadi.

JSSTning 2013-2015 yillarda e’lon qilgan hisobotida dunyo bo‘yicha 1,25 mln nafar odam yo‘l-transport hodisasi tufayli hayotdan ko‘z yumgani qayd etilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!