Janubiy Koreyada sarson bo‘lgan talaba: "Xudo bir yo‘l ko‘rsatar"

Janubiy Koreyada sarson bo‘lgan talaba: "Xudo bir yo‘l ko‘rsatar"

Janubiy Koreyada ayolim va uch yoshlik qizim bilan yashayotganimizga sal kam bir yil to‘lgan mahallar noyabr oyining o‘rtalari edi. Biz talabalar uchun kuz fasli biroz sertashvish, kontrakt to‘lovi, o‘qishdagi darslar, qishning sovuq kunlariga tayyorlanish xarajatlarni qoplash uchun dars bo‘lmagan kunlari ko‘proq ishlashga majbur qiladi. Gapni cho‘zmasdan qisqa qilib aytganda, hisob raqamimda 500 dollarga yaqin mablag‘ qolgan, u pulni esa dekabr oyining boshidagi oylikkacha yetkazib olish haqida xayol qilib o‘tiribman. Qiladigan ishlarning esa oxiri ko‘rinmaydi. Biz ishlaydigan korxona boshqa shaharga ko‘chganligi sababli ertaga biz ham o‘sha shaharga borib oldindan rejalab qo‘ygan uyga ko‘chib o‘tishimiz, homilador ayolimni doktor ko‘rigidan o‘tkazish, to‘rt soatlik yo‘l bosib o‘qishga borib kelish ishni nimadan boshlash haqida bosh qashlashga majbur qilmoqda. Buning ustiga qizim tishim og‘riyapti deb bir chekkada yig‘lab o‘tiribdi. Uni ham shifokorga olib borish kerak. Yaxshiyam do‘stim Bekzod bor. O‘zining yuklari bilan birga biznikini ham ko‘chirib olib ketadigan bo‘ldi. Demak, ishni tonggi soat beshda o‘qishga yo‘l olish bilan boshlayman deb o‘ylab qo‘ydim. Shu payt telefonimga Ravshan akadan qo‘ngiroq bo‘lib qoldi. Yo‘l yo‘lakay tanishtirib o‘tsam. Ravshan aka ham men kabi oilalari bilan Koreyada istiqomat qiladilar. Ikki farzandning otasi. Bu yerga endi kelgan mahallarim oilalari Toshkentda bo‘lgani sababli yarim yil ular bilan birga yashagaman, ancha yordamlari tekkan.
Assalomu alaykum Ravshan aka, ishlariz yaxshimi?
Valaykum assalom ukam, o‘zing yaxshimisan? Uzr, kech bo‘ganda bezovta qilyapman. Kichkina qizimning mazasi qochib bolnitsaga kelgandik. Bolani olib qolmasak ahvoli yaxshi emas deyishdi. Shunga oldindan to‘lov qilish kerak ekan. Aksiga olib o‘tgan hafta hamma pulimni dollarga aylantirib kelgandim. Dollar olmaymiz pulni vonda to‘lagin deb turib olishdi. Kech bo‘lganda qayerdan pul topaman desam ham unamayapti. Boshqa tanishim bo‘lmagani uchun telefon qilishga majbur bo‘ldim. Ikki uch kunda hisob raqamingga o‘tkazib yuboraman. Shoshiling to‘rt yuz ming von kerak bo‘lib qoldi.
Odam miyasi qisqa vaqt ichida juda ko‘p narsani hisob kitob qilib tashlashi mumkin ekan. Pulni berib yuborsam qo‘limda qolgan 100 dollar mablag‘ yarim oyga yetmasligi kundek ravshan. Ravshan akaga vaziyatimni tushuntirdim.
Ha, mayli ukam, seniyam tashvishga qo‘ydim. Xudo bir yo‘l ko‘rsatar!
Oxirgi aytilgan gap boshimga to‘q etib urildi. O‘zimdan uyalib ketdim. Pul kerak bo‘lib qolsa qarz berib turadigan do‘stlarim ko‘p. O‘shalardan olib turaman degan xayol bilan Ravshan aka so‘rgan pullarini hisob raqamlariga o‘tkazib yubordim.
Yangi kun o‘zining kundalik yugur-yugurlari bilan qarshi oldi. Seuldan Tejon shahri tomon yuradigan poyezd endi qo‘zg‘alay deganda ayolim qo‘ng‘iroq qilib qizimizning yuzi tish og‘rig‘i sababli shishib ketganini aytib qoldi. O‘qishni tashlab ortga qaytishga majbur bo‘ldim. Uyga kelsam do‘stim Bekzod hamma yuklarni mashinaga ortib, ko‘chish uchun tayyorlanib turgan ekan. Qizimning tishini davolatib, do‘stim bilan Paju shahrida ko‘rishadigan bo‘ldik. Shanba va yakshanbada ko‘p muassasalar ishlamasligi sababli o‘sha kuni tish shifokori qidirib yugurganimizni yana bir hikoya qilib yozsa bo‘ladi. Bitta joyda tashxis qo‘yib berdi. Tepa old qismdagi tishlarning emali qolmagani sababli ichidan yiringlab, shu holga kelibdi. Xururgiya yo‘li bilan milkni kesib, tish qoldiqlarini olib tashlash kerak ekan. Bu ishni qila oladigan shifoxona shanba bo‘lgani sababli bitta joyda bor deya qo‘limga manzilni tutqazdi. Manzilning Paju shahrida ekanini ko‘rib biroz yengil tortdim. Ko‘chayotgan yerimiz ham Pajuda.
Aytilgan manzilga vaqtida yetib bordik. Tish kasalliklariga ixtisoslashgan shifoxona ekan. Shifokor ancha tajribali, o‘ziga ishongan va salobatli odam edi. Milkning tepa qismini kesib ko‘rgan shifokor bir yo‘la to‘rtta tishni olib tashlash kerakligini aytdi. Muolaja yarim soatdan oshiq vaqt oldi. Yugur yugur tashvishlar bilan ovora bo‘lib hisob raqamimda pul qolmagani xayolimdan ko‘tarilibdi. Ravshan akaga qo‘ng‘iroq qilish uchun telefonimni qo‘limga oldim. Shifokor muolajani boshlashdan oldin ota-onadan rozilik xati olishi haqida ogohlantirib registrasion kartamni olib qolgandi. Shu payt xonadan chiqib ID kartamni qo‘limga tutqazar ekan hayrat bilan qiziqib so‘rab qoldi:
Koreyada talabamisan?
Ha, shunday.
Yo tavba, oilang, farzanding, buning ustiga ayoling xomilador ekan. Talaba bo‘lib ham uylansa, yashasa bo‘lar ekanda-a?
Bizlarda urf odat shunaqa, erta oila qurishadi, to‘g‘risi ortiqcha savol javobga xushim kelmay javob qaytardim.
Qani, ortimdan yurchi.
Shifokor kirish eshigida bemorlarni ro‘yxatga olayotgan qizga bir nimalarni gapira ketdi. Men esa Ravshan akaga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni tushuntirmoqchi, imkoni bo‘lmasa boshqa biron tanishimdan qarz olib turishni tadorigini ko‘ra boshladim. Afsus, telefon go‘shagini ko‘tarmadilar. Bu orada shifokor oldimga keldida, qo‘limga to‘lov qog‘ozini tutqazib:
Menga qara, mana bu to‘lov qog‘ozi. Unda qizingga og‘riq sezdirmaslik uchun berilgan dori vositasi va jarrohlik ipining qiymati yozilgan. 12 ming von (12 dollar). Qolgan shifokorlar va mening haqqimni bu yerdan o‘chirib tashladim. Evaziga yaxshi o‘qigin, hopmi?
Shifokorga chin ko‘ngildan rahmat aytdim. Pulni to‘lashdan oldin berilgan qo‘g‘ozga ko‘z yugurtirdim. 472.000 von (450 dollar atrofida) pulni o‘chirib tashlabdi. Ko‘chaga chiqar ekanman eski uyimizning ho‘jayini qo‘ng‘iroq qilib, noyabr oyida ikki hafta yashaganim sababli o‘sha oy uchun to‘langan ijara haqqining teng yarmini qaytarib berishi uchun hisob raqamimni so‘radi. Ketidan yana bir qo‘ng‘iroq bo‘ldi:
Assalomu alaykum, Ravshan aka!
Olimtoy, ukam bormisan! Uzr, telefonim yonimda emasdi.
Rahmat, qizingiz yaxshi bo‘lib qoldimi?
Xudoga shukr, bugun haqqinga rosa duo qildim. Kech bo‘lishiga qaramasdan katta yordam qilding. Bugun yakshanba bo‘lgani uchun bankdan pul ololmayman. Ertaga nasib qilsa olgan qarzimni o‘tkazib yuboraman.
Ertaga ishdan qolib yurmang. Bo‘sh vaqtiz bo‘lgan payt keyin jo‘natarsiz?
O‘zingayam pul kerak ediku?
Xudo yo‘l ko‘rsatdi.
Hikoyamni shu yerda to‘xtataman. Sababi aytiladigan gap, beriladigan fikr berib bo‘lindi. Yaratganning chevar zot ekani haqida Janubiy Koreyada o‘tgan yillarim davomida ko‘p bora guvoh bo‘ldim. Ushbu hikoya esa xamir uchidan patir, xolos. Oilam, bola-chaqam, ota-onam, Vatanimga o‘zimni o‘nglab boraman deb har kuni ne-ne orzu umidlar bilan tunni kunga, kunni tunga ulayotgan, musofir yurtning qattiq nonini yeyishga majbur bo‘layotgan do‘stlarim! Iymon, insof, diyonat, halollik, vijdon degan katta-katta ishlarda sobitqadam bo‘lishga harakat qilavering! Bu dunyoning qolgan mayda-chuyda ikir-chikirlariga esa Xudoning o‘zi bir yo‘l ko‘rsatadi

Olimjon Abdushukurov, Janubiy Koreya

(2016-yil 28 dekabr)

Manba: arirang.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!