Internet va mobil aloqaning rivojlanishi ishsizlikni kamaytiradimi?

Internet va mobil aloqaning rivojlanishi ishsizlikni kamaytiradimi?

Bugun butun dunyoda axborot-kommunikasiya texnologiyalari, xususan, yuqori tezlikka ega internet va mobil aloqa jadal rivojlanmoqda. Bu esa qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, ishsizlikni qisqartirish uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Bu jarayon O‘zbekistonda qanday kechayapti? Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari bu savolga javob topish uchun tadqiqot o‘tkazdi.

Tadqiqot davomida internet va mobil aloqaning rivojlanishi mamlakatimizda ham ishsizlik darajasini kamaytirishda yordam berayotgani aniqlandi. Xususan, optik tolali internet uzunligining 100 km ga oshishi ishsizlikning 0,04 foiz punktiga (foiz punkti – ikki foiz orasidagi farq) qisqarishida yordam beradi. Internetdan foydalanuvchilar sonining 1 foiz punktiga ortishi ishsizlikni 0,02 foiz punktiga kamaytiradi. 100 ta yangi asosiy aloqa stansiyasining qurilishi ishsizlik darajasini 0,05 foiz punktiga kamaytirish imkonini beradi.

Tadqiqotni o‘tkazish chog‘ida hududlar bo‘yicha 2015-2020 yillarga oid statistik ma’lumotlarga asoslangan ekonometrik modellardan foydalanildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda AKT sohasida band bo‘lganlar soni muttasil oshib bormoqda. Agar 2015 yilda sohada 33,4 ming kishi ishlagan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 53,8 ming kishini tashkil etdi (o‘sish sur’ati – 161%). Boshqa tomondan, iqtisodiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida bandlik bilan bog‘liq muammoni yangicha yondashuv – masofaviy ish yoki frilans orqali hal qilish imkoniyati ortayapti. Bugungi kunda O‘zbekistonda bir qator raqamli frilans platformalari faoliyat yuritmoqda. Ular odamlarga "o‘zini-o‘zi" ish bilan ta’minlashda ko‘mak berayapti.

Shunga qaramay, O‘zbekistonda AKTning rivojlanishi ishsizlikning qisqarishiga kuchli ta’sir qilayapti, deb bo‘lmaydi. Buni ikki omil bilan izohlash mumkin. Birinchidan, yuqori tezlikka ega internet asosan yirik shaharlarda mavjud va olis aholi punktlarini butunlay qamrab olmagan. Ikkinchidan, raqamli makonda pul ishlash imkonini beruvchi kompyuter texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalar yetarli darajada emas.

Lekin umuman olganda, kelgusida ishsizlik muammosini hal etishda AKTning roli ortib boradi. Chunki soha rivojlangani sari odamlarning onlayn platformalar orqali ish topishi yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn saytlarda ishlash imkoniyati ortadi. Boz ustiga xalqaro mehnat bozorida raqamli kasblarga talab muttasil oshib bormoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!