«Hayot ham, din ham aslida oson, uni murakkablashtirish kerak emas»

«Hayot ham, din ham aslida oson, uni murakkablashtirish kerak emas»

“Bu voqea Kopengagen universitetida sodir bo‘lgan. Fizika o‘qituvchisi imtihonda talabalarga shunday savol beradi: “Ko‘p qavatli binoning balandligini barometrdan (bosim o‘lchaydigan asbob) foydalanib qanday topish mumkin?”

Talabalardan biri javob beradi: “Barometrning uchini ipga bog‘lab, binoning eng yuqorisidan pastga tushiramiz. Asbob yerga tekkanda ip va barometrning uzunliklarini qo‘shsak, bino balandligi kelib chiqadi”.

Bu javobdan achchiqlangan o‘qituvchi talabani imtihondan yiqitadi. Talaba esa o‘z navbatida ma’muriyatga shikoyat qiladi. Vaziyatni o‘rganib chiqish va hal qilish uchun boshqa o‘qituvchi tayinlanadi.

Yangi o‘qituvchi talabaning aslida to‘g‘ri javob berganini, lekin bu yerda fizik qonuniyatdan foydalanilmaganini, bu esa o‘z navbatida talabaning fizikadan bilimi pastligini ko‘rsatadi, deya xulosa qiladi.

Xulosasini tasdiqlash uchun domla talabaga yana o‘sha savol bilan murojaat qilib olti daqiqa muhlat beradi. Besh daqiqa o‘tsa hamki javob bo‘lavermaydi. O‘qituvchi talabaga uning bir daqiqa vaqti qolganini aytadi.

Shunda yigit masalaning bir necha javobi mavjudligini, biroq qaysi birini tanlashda ikkilanayotganini bildiradi va vaqt tugagach shunday javob beradi:

“Birinchi javob: barometrni binoning eng tepasidan tashlab yuborib, uning tushish vaqtini o‘lchaysiz. Keyin (H=gt²/2) formulasi orqali balandligini hisoblaysiz. Lekin bu barometr uchun yaxshi natija emas (chunki u sinadi)”.

“Ikkinchi javob: agar havo ochiq bo‘lsa, barometrni yerga tik qo‘yib soyasini o‘lchaymiz va o‘zining uzunligiga bo‘lamiz. Keyin bino soyasi uzunligini o‘lchab, chiqqan nisbatga bo‘lsak, uning uzunligi kelib chiqadi”.

“Uchinchi javob: barometrning uchiga ip bog‘lab uni mayatnik kabi tebratasiz. Oldin yerda, keyin esa binoning eng tepasida. Balandlikni (T=2π√I/g) formulasidan foydalanib g ning farqidan topa olasiz”.

“To‘rtinchi javob: agar bino yonida yong‘in holatida chiqish uchun o‘rnatilgan narvon bo‘lsa, barometrni chizg‘ich o‘laroq ishlatib balandligini aniqlash mumkin”.

“Beshinchi javob: agar klassik olim yoki ortodoks bo‘lsangiz, albatta barometr bilan yer sirtidagi va bino tepasidagi bosimni o‘lchab, bosimning balandlikka bog‘liqlik formulasidan hisoblab topa olasiz”.

“Oltinchi va eng oson javob: bino qorovulining eshigini taqillatib, uning yangi barometrga ehtiyoji borligini so‘rash va buning evaziga undan binoning balandligini aytishni talab qilish bo‘ladi”.

Endi o‘zingiz xulosa qiling, bu talaba imtihondan o‘tishi kerakmi yoki yiqilishi?

Ha, aytgancha, talabaning ismi Nils Bor. Fizika fani bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan yagona daniyalik olim.” Usmon Usta

Maqolada bir masalani bir necha xil usul bilan yechish, topqirlik qobiliyati haqida so‘z yuritilgan. Bundan shunday xulosa chiqsa kerak: “Kim yaxshi bilishi olgan bahosi emas, fikrlash qobiliyati kuchliligi bilan belgilanadi”.

Mening xulosam esa boshqacharoq bo‘ldi: “Hayot ham, din ham aslida oson. Agar lozim bo‘lmasa, uni murakkablashtirish kerak emas”.

Ya’ni fizik olim qiyin formulalar bilan yechgan masalani fizikadan mutlaqo xabari bo‘lmagan kishi ham oddiy usulda yechib qo‘yishi mumkin. Misol uchun yuqoridagi masaladan menga to‘rtinchi va oltinchi javoblar yoqdi. Oson va sodda. Albatta fizikani bilmasligim, to‘g‘rirog‘i maktab davrida o‘rganganlarimni unutib yuborganim ham shu xulosaga undadi.

Bu bilan fizika yoki boshqa aniq va tabiiy fanlarni o‘rganmaslikni targ‘ib qilmoqchi emasman. Aksincha ayni shu fanlar gumanitar fanlardan ko‘ra foydaliroq, inson va jamiyat uchun muhimroq fanlardir, menimcha. Lekin hayotni murakkablashtirish, osoni turganda qiyiniga urinishni ma’qullamayman.

Buni dinimiz haqida ham aytsa bo‘ladi: Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Albatta din yengildir. Kimki dinda (buyurilmagan amallarni qilish bilan) chuqur ketadigan bo‘lsa, (din) uni yengib qo‘yadi. (Chuqur ketmasdan, nuqsonga yo‘l qo‘ymasdan) to‘g‘rilikni (o‘rtachalikni) ushlanglar, (amallarni komil holatda qila olmasanglar shu komiliga) yaqinlashtiringlar, (qilingan amal garchi oz bo‘lsada, davomli bo‘lsa unga beriladigan savob bilan odamlarga) bashorat beringlar! Ertalabki, kechki va tungi vaqtlardan (solih amallarni ko‘paytirish uchun) foydalaninglar”. Buxoriy (39), Muslim (2816). (Hadisdagi izohlar Ibn Hajar Asqaloniyning “Fathul-Boriy” kitobidan olindi).

O‘zi aslida yuqoridagi voqeani o‘qib, birinchi chiqargan xulosam din haqida edi. Keyin dunyo ishlarini ham qo‘shdim. Bu voqeadan kim qanday xulosa qilishi esa o‘ziga havola.

Musannif ADHAM

Azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!