«Hammasi xuddi kinodagidek edi: baqirish, qichqiriq, odamlar yig‘isi» Qozog‘istondagi aviahalokatdan omon qolganlar hikoyasi

«Hammasi xuddi kinodagidek edi: baqirish, qichqiriq, odamlar yig‘isi» Qozog‘istondagi aviahalokatdan omon qolganlar hikoyasi

Qozog‘istonda 27 dekabr kuni tongda Bek Air aviakompaniyasining Olmaotadan Nur-Sultonga uchayotgan yo‘lovchi samolyoti falokatga uchragan edi. Samolyot Olmaota aeroportidan havoga ko‘tarilish vaqtida balandlikni yo‘qotib, beton to‘siqni buzib o‘tgan va ikki qavatli imoratga borib urilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘lgan. Yana 35 kishi tan jarohati olgan, ulardan 22 nafarining ahvoli og‘ir. Qutqaruv xizmatlari hodisa joyida yo‘lovchilarni evakuasiya qilish ishlarini davom ettirmoqda. O‘zbekison Tashqi ishlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, aviahalokat oqibatida halok bo‘lganlar va tan jarohati olganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q.

Tengrinews halokatdan omon qolgan yo‘lovchilarning hikoyalarini taqdim etdi.

«Dastlab samolyot silkinib uchdi, keyin xuddi qo‘ngandek bo‘ldi. Aslida esa nimagadir urilgan ekanmiz. Samolyot bortida ortiqcha shovqin yo‘q edi. Na baqirish, na boshqa narsa bo‘lmadi. Men o‘zim shokda edim. Bo‘lib o‘tgan voqealarning hammasi ham esimda yo‘q. Biz nima bo‘layotganini tushunmayotgandik. O‘zimga kelganimda yonimda hamma narsa yopiq edi. Men o‘z joyimda, samolyot qanoti tomonda o‘tirgandim. Styuard eshikni ochdi va biz tashqariga chiqdik. Shunga samolyot ikkiga bo‘linganini ko‘rdik», — deydi omon qolgan yo‘lovchilardan biri. Uning aytishicha, jabrlanganlar ko‘p edi.

«Avvaliga qandaydir xavfsizlik xodimlari yaqinlashdi. Ular darhol samolyotdan bolalarni chiqarishni boshladi. Keyin o‘t o‘chiruvchilar keldi, undan keyin tez yordam ham yetib keldi. Jarohatlanganlar ko‘p edi. Men uzoq qolmadim. Yaqinlarim kelib olib ketishdi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Halokat guvohlaridan bo‘lgan yana bir yo‘lovchining aytishicha, hammasi tez va kutilmaganda sodir bo‘ldi.

«Men tez-tez parvoz qilib turaman. Soat 07:05 da samolyot havoga ko‘tarilishi kerak edi. Lekin negadir bu safar ushlanib qoldi. Xavfsizlik qoidalarini tushuntirishayotganida mudrayotgandim. Chunki kech qolmay deb kechasi bilan uxlamagandim. Samolyot yuqorilay boshlaganida uyg‘ondim. Keyin bilsam, samolyot ungacha ikki marta ko‘tarilib, balandlikni yo‘qotibdi», — deya xotirlaydi bo‘lib o‘tgan voqealarni yo‘lovchi.

Keyin dvigatelmi yo boshqa narsa dahshatli ovozi eshitildi. Samolyot qiya uchardi. Xuddi kinodagidek edi: dod-faryod, qichqiriq, odamlar yig‘isi. Bularning barchasini ta’riflab bera olmayman, juda qo‘rqinchli. Keyin zarba, gumburlash bo‘lib, old tomonim qandaydir temir bilan to‘sildi — yo‘l yo‘q edi.

Kimdir «chiqinglar» deb baqirdi. O‘sha payt tildan qolgandim. Samolyot qanoti tomonda o‘tirgandim, unga qadam qo‘yganim esimda. Samolyot yerdaligi, portlashi mumkinligini aytib baqirishdi. Xuddi tushdek edi», — degan u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!