HAMAS va FATH harakati rahbarlari muzokara uchun Pekinga boradi

HAMAS va FATH harakati rahbarlari muzokara uchun Pekinga boradi

Falastinning HAMAS va FATH harakati rahbarlari muzokaralar o‘tkazish uchun kelasi oy Xitoy poytaxtiga boradi. Bu haqda 15 iyul kuni Ramallahdagi Falastin hukumati tarqatgan xabarga asoslanib, Al Arabiya nashri ma’lum qildi.

Manbada aytilishicha, Pekinda o‘tkaziladigan muzokaralardan maqsad o‘zaro murosaga kelish va ixtiloflarni tugatish. Tomonlar kelgusida bir bayroq ostida birlashish masalasini ko‘rib chiqishi ham mumkin.

FATH harakati uchrashuvda qatnashadigan rahbarlarning shaxsini ham oshkor qilgan. Unga ko‘ra, Pekindagi uchrashuvda HAMAS delegasiyasiga tashkilotning Qatarda joylashgan siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya, FATH muzokara guruhiga esa ushbu partiya rahbari o‘rinbosari Mahmud Alul boshchilik qiladi,

HAMAS va FATH Falastinning ikki turli qismlari ustidan nazorat yuritib keladi. HAMAS G‘azo sektorida joylashgan bo‘lsa, FATH G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddus hududlarida faoliyat yuritadi.

HAMAS guruhi 2006 yilgi saylovlarda g‘alaba qozonib, katta siyosatga kirib kelgan. G‘alabadan so‘ng G‘azoda halokatli to‘qnashuvlar bo‘lib, FATH tarafdorlari anklav hududidan chiqarib yuborilgan. Sektor nazorati to‘liq yangi hokimiyat qo‘liga o‘tgan.

FATH markaziy qo‘mitasi bosh kotibi o‘rinbosari Sabri Saidamga ko‘ra, ikki tomon vakillari uchrashuvi 20—21 iyul kunlariga belgilangan. Xitoy hukumati muzokaralarda tomonlarning murosaga kelishiga umid bildirgan.

Manbada aytilishicha, Xitoy o‘zini Isroil—Falastin mojarosida raqibi Qo‘shma Shtatlardan ko‘ra ko‘proq neytral taraf sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. Pekin Isroil bilan ijobiy aloqalarni saqlab qolgan, shu bilan birga ikki davlat yechimini ham yoqlab chiqmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!