Qishloq xo‘jaligi yerlarini baholashning uslubiy asoslarini qanday takomillashtirish mumkin?

Qishloq xo‘jaligi yerlarini baholashning uslubiy asoslarini qanday takomillashtirish mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarini baholashning uslubiy asoslarini takomillashtirishga oid ilmiy yondashuvlarni tahlil qildi.

1992-yilda Atrof-muhit va rivojlanish bo‘yicha Rio deklarasiyasi qabul qilinishi bilan ishlab chiqarishni intensivlashtirish va tabiiy holatni saqlab qolish o‘rtasida muvozanatni ta’minlashga e’tibor kuchaydi. Resurslarni baholashda hisobga olish zarur bo‘lgan tabiiy omillar va indikatorlar doirasi kengaydi.

Erni baholashning uslubiy asoslarini takomillashtirishdagi eng faol davr o‘tgan asrning 60-70 yillariga to‘g‘ri keladi. Bu davrda AQShda yerni baholashning uchta toifaga ega yer unumdorligi tasnifi qo‘llanilgan: yer unumdorligi sinflari (erning unumdorligi bonitet baliga ajratiladi), kichik sinflar (erdan foydalanishga qarab bir nechta yer turlariga ajratiladi) va birliklar (yuqoridagi ikki tizimni o‘zida jamlab, qiymat beriladi).

XX asrning 70-yillarida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tavsiya etilgan usulga ko‘ra, har bir baholash ko‘rsatkichi ma’lum ball (reyting) oladi va umumiy ballar sonining o‘rtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi (LUI - yerdan foydalanish intensivligi indeksi).

Tuproq bonitirovkasi uchastkaning turli xil sifat ko‘rsatkichlarini 100 balli shkala bo‘yicha mos yozuvlar bilan taqqoslash orqali amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligi yerlarini baholash - bu yerning bozor narxini yoki ma’lum yer uchastkasini ijaraga berishning bozor qiymatini hisoblashdan iborat.

Qishloq xo‘jaligi yerlarini baholashda agroiqlim sharoitlarini ham hisobga olish zarur. Jumladan, mamlakatimizda vegetasiya davrining uzoq va qisqaligiga qarab, janubiy hududlarda bir mavsumda uch marta, shimoliy hududlarda esa bir marta ekin ekiladi. Shu sababli, baholashda yillik yog‘ingarchilik miqdori hamda o‘rtacha yillik havo harorati ("O‘zgidromet" ma’lumotlari) ko‘rsatkichlaridan foydalanish mumkin.

Bugungi kunda qishloq yerlarining normativ qiymati Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 18-avgustdagi 235-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq quyidagi formula orqali hisoblanadi:
Npsk = Nu × Srk, bunda:
Npsk — 1 ga qishloq xo‘jaligi ekinlarining normativ unumdorligi, ming so‘m;
Nu — qishloq xo‘jaligi ekinlarining normativ hosildorligi, s/ga;
Srk — dehqon bozorlarida sotiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tegishli turiga o‘rtacha yillik narx, ming so‘m/s, paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarining xarid narxi ming so‘m/s;

Ushbu nizomda normativ qiymatni hisoblash, aniqlashda ayrim ma’lumotlar manbasining yo‘qligi va jarayonning murakkabligi bir konturda joylashgan, bir xil bonitet bali va suv ta’minotiga ega bo‘lgan, bir xil turdagi mahsulot yetishtiruvchi tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli yerlarning normativ qiymati har xil bo‘lishiga olib kelmoqda.

Zamonaviy iqtisodiyotda yer iqtisodiy baholashning eng qiyin ob’ektlaridan biri bo‘lib, bu quyidagi sabablarga bog‘liq:
- qishloq xo‘jaligi yerlarining o‘ziga xos xususiyatlari;
- normativ-huquqiy bazaning rivojlanmaganligi.

O‘zbekistondagi baholash amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, yer uchun ob’ektiv bozor bahosining shakllanmaganligi yerdan samarasiz foydalanilishiga olib kelmoqda.

Qishloq xo‘jaligi yerlarini baholashda, ya’ni normativ qiymatini hisoblashda quyidagilarni e’tiborga olish va amaliyotida qo‘llash tavsiya etiladi:
▪️ tuproq unumdorligini tavsiflovchi ko‘rsatkichlarning yagona koeffisiyentini (tuproq bonitet bali indeksi ko‘rinishida 0,1 dan 1 gacha);
▪️ hudud agroiqlim ko‘rsatkichlarining jamlanma koeffisiyentini (0,1 dan (qoniqarsiz) 1 gacha (qoniqarli));
▪️ iste’mol bozoridan yaqin yoki uzoqligi va infratuzilma ko‘rsatkichlarining jamlanma koeffisiyentini;
▪️ekinni sug‘orish uchun muhim bo‘lgan suv bilan ta’minlanganlik darajasi ko‘rsatkichini ( 0,1 dan 1 gacha).
▪️qishloq xo‘jaligi yerlarini kompleks baholash tizimini yaratish uchun ma’lumotlar bazasini shakllantirishni.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!