Farg‘onada ilk bor ateroskleroz kasalligiga chalingan ikki nafar bemorda murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi

Farg‘onada ilk bor ateroskleroz kasalligiga chalingan ikki nafar bemorda murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Farg‘ona viloyatida boshlangan sog‘lomlashtirish aksiyasi qizg‘in davom etmoqda. Xususan, tadbir doirasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialida bir qancha og‘ir bemorlarda murakkab operasiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu bemorlar bilan suhbatlashib, ularning taassurotlarini yozib oldi.

“So‘nggi besh-olti yil jon hovuchlab yashadim”

Bemor odamning ko‘ngliga hech nima sig‘maydi. O‘zidan o‘tganini o‘zi biladi.

Farg‘ona tumani, Vodil qishlog‘i, Chimyon mahallasida yashovchi Abdunazar To‘rayev ham yigirma besh yildirki, yuqori qon bosimidan aziyat chekadi. Yillar davomida qilingan muolajalar esa samara bergani yo‘q.

Aksincha, yildan-yilga ahvoli yanada og‘irlashdi. Kasallik zo‘rayib, umumiy holatida salbiy o‘zgarishlar kuzatila boshladi. Ayniqsa, oxirgi yillar kuchli bosh og‘rig‘i, hushdan ketish, qo‘l-oyoqlarda holsizlik, nutq chalkashishi, ko‘rish qobiliyatining sustlashishi kabi asoratlar bemorni ancha holdan toydirdi.

Shu yil o‘tkazilgan tomografiya tekshiruvlaridan so‘ng unda ateroskleroz kasalligi aniqlanib, bosh miya qon tomirlari to‘silib qolgani ma’lum bo‘ldi.

— Dardning yaxshisi bo‘lmaydi, — deydi Abdunazar aka. — Inson kasal bo‘lganida hayotning qadrini, salomatlikning haqiqiy qimmatini his qilarkan. Qolaversa, xastalik aniq bo‘lsa-yu, davolanishga imkoning bo‘lmasa, bundan yomoni yo‘q. Chunki chorasizlikdan nima qilishni, qayerdan najot kutishni bilmaysan.

Mana shunday og‘ir paytda viloyatimizda o‘tkazilayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi oilamiz joniga oro kirdi. Hozir o‘zimni yaxshi his qilyapman. Shifokorlarning aytishicha, yaqin kunlarda yana sog‘lom hayotga qaytarkanman.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali kardiojarrohi Hondamir Mamadaliyevning aytishicha, uyqu arteriyasini ateroskelerozdan tozalash — anchagina murakkab muolaja. Buning uchun bemorning bo‘yin qismi jarrohlik yo‘li bilan ochilib, bosh miyaga ketgan arterial qon tomirlari xolesterindan tozalanadi. Shunisi e’tiborliki, bunday murakkab operasiya Farg‘onada ilk bor o‘tkazildi.

“Kasallikning kelishi oson, ketishi qiyin ekan”
Ana shunday og‘ir xastalikka chalinganlardan yana biri oltiariqlik Sobirjon Rahmonov bo‘lib, 2021 yil yanvar oyida insult xastaligini boshdan kechirgan. Shundan so‘ng o‘sha yili may oyida unda kardiojarrohlik operasiyasi o‘tkazilgan. Biroq bemor muolajadan keyin ham butunlay sog‘ayib ketmadi. So‘nggi tibbiy tekshiruvlardan keyin uning uyqu arteriyalarini ateroskelerozdan tozalash kerakligi ma’lum bo‘ldi.

— Kasallikning kelishi oson, ketishi qiyin ekan, — deydi bemor. — Buni esa o‘z boshimdan o‘tkazib bildim. Ammo dard qanchalik og‘ir bo‘lmasin, inson tushkunlikka tushmasligi kerak. Ayniqsa, oilaviy sharoiti davolanishga imkon bermaydigan biz kabi bemorlarga davlatimiz tomonidan alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani sog‘ayishimizga yanada ishonch bag‘ishlamoqda.

Operasiyam muvaffaqiyatli o‘tdi. Buning uchun shifokorlardan minnatdorman.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!