Falastinda Al-Jazira muxbiri otib o‘ldirildi

Falastinda Al-Jazira muxbiri otib o‘ldirildi

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, chorshanba kuni ertalab ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohildagi Jenin shahrida isroilliklarning reydini yoritayotgan Al-Jazira jurnalisti otib o‘ldirilgan.
Unda aytilishicha, teleradiokompaniyaning arab tilidagi kanalining falastinlik taniqli muxbiri Shirin Abu Aklega o‘q otilgan va u ko‘p o‘tmay vafot etgan. Quddusning “Al-Quds” gazetasida ishlaydigan yana bir falastinlik jurnalist yaralangan, ammo ahvoli barqaror.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jurnalistlar Isroil tomonidan o‘qqa tutilganini aytmoqda. Voqea aks etgan videotasvirlarda Abu Aklening “Press” so‘zi aniq yozilgan ko‘k rangli ko‘ylakda bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Isroil harbiylari, Jenindagi amaliyot chog‘ida kuchlarining otishmaga duchor bo‘lganini va ular javob o‘q uzganini iddao qilgan. Harbiylar “voqea bo‘yicha tekshiruv o‘tkazayotgani va jurnalistlarning falastinlik jangarilar tomonidan o‘ldirilgani ehtimolini o‘rganayotganini” aytgan.

1967 yilgi Yaqin Sharq urushi paytida Isroil G‘arbiy Sohilni egallab olgan va falastinliklar bu hudud ularning kelajakdagi davlatlarining asosiy qismiga aylanishini xohlaydi. 3 millionga yaqin falastinliklar Isroil harbiylari hukmronligi ostidagi hududlarda yashaydi. Isroil G‘arbiy Sohilda 130 dan ortiq aholi punktlari qurdi, ularda to‘liq Isroil fuqaroligiga ega bo‘lgan deyarli 500 000 yahudiy ko‘chmanchilar istiqomat qiladi.

Isroilliklar uzoq vaqtdan beri Al-Jazira xabarlarini tanqid qilib keladi, biroq rasmiylar odatda jurnalistlariga erkin ishlashga ruxsat berishadi. Al-Jazira telekanalining yana bir muxbiri Givara Budeyri o‘tgan yili Quddusdagi norozilik namoyishi chog‘ida qisqa muddatga hibsga olingan va polisiya tomonidan zo‘ravonlik ishlatilib, qo‘li singanidan so‘ng davolangan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!