AQSh Nigerdagi havo bazasidan qo‘shinlarini olib chiqib ketdi

AQSh Nigerdagi havo bazasidan qo‘shinlarini olib chiqib ketdi

AQSh harbiy qo‘mondonligi 7 iyul kuni Nigerdagi 101-havo bazasidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Manbada aytilishicha, Niger poytaxti Niamey yaqinida joylashgan havo bazasi to‘liq demontaj qilingan. Qurolli qismlar hududdan evakuasiya qilingan. AQSh yaqin haftalarda Agadez shahri yaqinidagi harbiy bazani ham yopishni rejalashtirmoqda.

“Niger va Amerika qurolli kuchlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik va aloqa tufayli ushbu operasiya muddatidan oldin va hech qanday salbiy asoratlarsiz yakunlandi”, — deyiladi Niger va AQSh Mudofaa vazirliklari qo‘shma bayonotida.

Nigerda o‘tgan yili yuz bergan davlat to‘ntarishi oqibatida harbiy xunta hokimiyatga kelgan edi. Joriy yilning aprel oyida esa xunta rahbariyati AQShga talab yuborib, mamlakat hududida bo‘lib turgan 1000 kishilik harbiy kontingentni olib chiqishni so‘ragan edi.

Nigerning Agadez shahri yaqinidagi AQSh bazasi asosan terrorchilarga qarshi operasiyalar tashkil etish uchun foydalanilgan. Bazaning umumiy qiymati 100 million dollar atrofida bo‘lib, u G‘arbiy Afrikadagi eng yirik harbiy inshootlardan biri hisoblanadi.

AQSh harbiy-havo kuchlari general mayori Kennet Ekman Niger hukumatining shoshilinch talablariga munosabat bildirib, katta harbiy inshootlarni qisqa fursatda ko‘chirib bo‘lmasligini aytgan. Vashington bosqichma-bosqich, reja asosida harbiylarni olib chiqishi ta’kidlangan.

Niger harbiylari AQShga harbiy qismlarni evakuasiya qilish uchun 15 sentyabrgacha muhlat bergan. Shu muddatgacha talab bajarilmasa, keskin choralar ko‘rilishi aytilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!