Dunyo uzra tinchlik so‘zi mangu yangrasin

Dunyo uzra tinchlik so‘zi mangu yangrasin

Inson o‘z aql-idroki, irodasi bilan shu kunga qadar ko‘plab sivilizasiyalarga asos solgan. Ammo har gal urush va nizolar tufayli tamaddunlar tarixga aylangan. Hatto ilm-fan taraqqiyoti asri deb baholangan XX asrda ham odamzot ikkita jahon urushiga guvoh bo‘ldi.  
Shu tariqa dunyo afkor ommasi mojarolar ochiq harbiy harakatlarga aylanib ketishining oldini oladigan, janjallashayotgan tomonlarni tinch yo‘l bilan murosaga keltirishga qodir yagona tuzilma tashkil topmas ekan, yuksak salohiyat mahsuli sifatida yaratiladigan kashfiyotlar ham jamiyat rivojiga hissa qo‘sha olmasligiga amin bo‘ldi.

1945 yil 25 aprel kuni tarix ana shunday voqeaga guvoh bo‘ldi. AQShning San-Fransisko shahrida 50 mamlakat vakillari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomini tuzish uchun ta’sis konferensiyasiga to‘plandi. Unda yer yuzi jami aholisining 80 foizi vakili sifatida 3 ming 500 ga yaqin delegat qatnashdi. 1945 yil 24 oktyabr kuni 111 banddan iborat BMT Nizomi qator davlatlar tomonidan ratifikasiya qilindi. Shundan buyon 24 oktyabr – BMT tashkil topgan kun sifatida nishonlab kelinadi.

BMTga a’zo bo‘lish mamlakatning mustaqil davlat sifatida tan olinishi va jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosiga aylanishini anglatadi.

Mustaqil O‘zbekiston ushbu tashkilotning a’zo sifatida boshqa davlatlar bilan xalqaro munosabatlarda BMT Nizomida belgilangan qoidalarga amal qilib kelmoqda. BMT Nizomida dunyoda tinchlikka erishish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, barqaror rivojlanish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgani BMT bilan faol ruhdagi hamkorlikning asosini tashkil qilib kelmoqda.

O‘zbekiston tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi xavf-xatarlarga qarshi kurashish, ekologik muammolarni bartaraf etish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida BMT bilan ko‘plab loyihalarni amalga oshirdi. Tinchlik, ezgulik, murosa va samimiyat O‘zbekiston va BMT hamkorligining doimiy shioriga aylandi.

Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ishtiroki mamlakatimiz bilan BMT munosabatlarida yangi sahifa ochdi.

Prezidentimiz BMT sessiyasidagi nutqida bugungi kunning eng dolzarb masalalari haqida to‘xtaldi, muhim takliflarni o‘rtaga tashladi, muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarni olg‘a surdi. BMTning yuksak minbaridan turib, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazish muhim vazifa ekanini ta’kidladi.

Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan tashabbuslar nechog‘li asosli va BMT maqsadlariga naqadar hamohang ekani o‘tgan bir yilda ko‘plab davlat va siyosat arboblari tomonidan e’tirof etildi.

O‘zbekiston ushbu tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlarda ham namuna bo‘lmoqda: Samarqandda 2017 yil noyabr oyida BMT shafeligida "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzuida xalqaro anjuman o‘tkazildi. Mamlakatimiz ushbu konferensiyada tashqi siyosatda qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik, va mintaqa xalqlari manfaati yo‘lida sheriklik prinsiplariga sodiq ekanini yana bir bor namoyish etdi. Uning yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga doir maxsus rezolyusiya qabul qilish taklif etildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining joriy yil 18 iyunda bo‘lib o‘tgan sessiyasida loyihasi O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan "Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash" rezolyusiyasi qabul qilingani yuqoridagi fikrimizning tasdig‘idir. Ushbu hujjatda Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlik va rivojlanish sohalaridagi yirik mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari, shuningdek, o‘z yechimini kutayotgan qator masalalarni hal qilish borasidagi jiddiy choralar ilgari surildi.

O‘zbekistonda BMT bilan hamkorlik barcha sohada izchil rivojlanib bormoqda. Mamlakatimizda ushbu tashkilotning nufuzli organlari – Taraqqiyot dasturi, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO), Aholishunoslik jamg‘armasi, Bolalar jamg‘armasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi va boshqa tuzilmalari vakolatxonalari faoliyat yuritayotgani hamkorlik samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jumladan, YUNESKO bilan hamkorlik mamlakatimizda ijtimoiy-gumanitar, madaniy-ma’rifiy sohalardagi aloqalarni kengaytirish, shu orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda.

O‘zbekiston tashkilotga 1993 yil 26 oktyabrda a’zo bo‘lgan. Mamlakatimizning turli hududlarida YUNESKOning 8 kafedrasi va 10 markazi, 34 uyushgan maktablari ochilgan.

Mamlakatimizning YUNESKO bilan hamkorligi mumtoz o‘zbek musiqiy merosini asrab-avaylash, rivojlantirish va ommalashtirishga ham xizmat qilmoqda. Xususan, YUNESKO ko‘magida Samarqand shahrida har ikki yilda bir marta “Sharq taronalari” xalqaro festivali o‘tkazib kelinayotgan bo‘lsa, joriy yil sentyabr oyida Shahrisabzda ilk bor Xalqaro maqom san’ati anjumani tashkil etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 8-9 oktyabr kunlari Fransiyaga tashrifi doirasida YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashdi. Muzokarada O‘zbekiston bilan YUNESKO o‘rtasida 2018-2021 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma Harakatlar rejasi qabul qilindi. Bu hujjat munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish, tomonlar oldida turgan vazifalarni birgalikda innovasiyalar orqali hal etish va barcha yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan O‘zbekiston bilan BMTning maqsadlari mushtarak. Ushbu sa’y-harakatlar tufayli bugun shakllangan mutlaqo yangi, o‘zaro ishonch ruhidagi muhit xalqaro miqyosda tinchilikni mustahkamlashga hissa qo‘shish imkonini bermoqda.   

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!