Dubayda 50 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari qolib ketgani aniqlandi

Dubayda 50 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari qolib ketgani aniqlandi

Dubayda noqulay ob-havo sababli 50 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari qolib ketgani aniqlandi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

Unga ko‘ra, 16 aprel kuni Birlashgan Arab Amirliklarida kuchli jala quyishi, suv toshqini yuz berishi oqibatida Dubay xalqaro aeroporti o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgani ma’lum qilindi. Xalqaro aeroport hududi va uchish-qo‘nish yo‘laklari suv ostida qolgani tufayli ichki va xalqaro samolyotlar parvozi kechiktirildi yoki to‘xtatildi. Ayrim samolyotlar Amirliklarning boshqa aeroportlariga yo‘naltirilgan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Dubay xalqaro aeroportida qolib ketgan fuqarolarimizga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish va mavjud muammolarni hal etish maqsadida aeroportda bo‘ldi. Vatandoshlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida ma’lum bo‘lishicha, 2024 yil 16 aprel kuni Dubay—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozni amalga oshirishi kerak bo‘lgan Centrum Air aviakompaniyasi samolyotining uchishi noqulay ob-havo sharoiti tufayli bekor qilingan. Ushbu holat natijasida 52 nafar O‘zbekiston fuqarolari 1 kun davomida Dubay xalqaro aeroportining kutish zalida qolib kelgan.

Hamyurtlarni O‘zbekistonga qaytarish bilan bog‘liq masalalarni o‘rnatilgan tartibda hal etish maqsadida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi, Uzbekistan Airways va Centrum Air aviakompaniyalari vakillari Dubay xalqaro aeroporti mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida Centrum Air kompaniyasi yo‘lovchilari bo‘lgan yurtdoshlarni Uzbekistan Airways kompaniyasi samolyotida O‘zbekistonga jo‘natish to‘g‘risida kelishib olindi. Bortida hamyurtlar bo‘lgan Dubay—Toshkent yo‘nalishidagi samolyot 17 aprel kuni soat 22:30 da O‘zbekistonga uchib ketdi.

Noqulay ob-havo sababli aeroportda qolib ketgan hamyurtlarga Bosh konsulxona tomonidan oziq-ovqat va boshqa turdagi zarur mahsulotlar tarqatildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!