Chaqaloq savdosining oldini olish mumkinmi?

Chaqaloq savdosining oldini olish mumkinmi?

Mumkin. Agar biz yosh onalarni bu yo‘ldan qaytara olsak… agar jinoyat sodir bo‘lishidan oldin konfidensial tarzda profilaktik suhbatlar o‘tkazilsa… agar jamiyat tomonidan aldangan qizlarga past nazar bilan qaralmasa… agar zo‘ravonlikka uchragan ayol dunyoga keltirish mumkin bo‘lgan zurriyodning “haromi” deyilishiga yo‘l qo‘yilmasa yoki umuman bu narsaning oldi olinsa…

Shunday bo‘lishi mumkinmi? Bir qaraganda, urf-an’analarimizga asoslangan jamiyatda salbiy illatlarga o‘rin yo‘q. Birinchi navbatda, muqaddas dinimiz har qanday zo‘ravonlikni qoralaydi. Birovning ayoliga (qiziga, singlisiga) yomon ko‘z bilan qarash dinimizda qattiq qoralanadi.

Ammo biz 21 asrda yashayapmiz. Xohlaymizmi yo‘qmi, globallashuv jarayoni ketyapti. Ushbu jarayon bizning jamiyatimizni chetlab o‘tmayapti, balki ming yillik qadriyatlarimiz va an’analarimizga ham chang solyapti. Shu sababli, ijtimoiy tarmoqlarda “…zo‘rladi, nikohsiz bola tug‘ildi, chaqalog‘ini sotishga urindi…” kabi xabarlar bot-bot ko‘zga tashlanadi. Yoshlarimiz ikki yoki uch tilda bemalol muloqot qilishadi, ayniqsa, internetda. Ularning qiziqishlarini jilovlashning imkoni yo‘q. Faqat bir yo‘li bor, u ham bo‘lsa kichik yoshdaligidan urf-an’analarimizni qulog‘iga singdirish.

Shu o‘rinda, ibratli voqea. Shvesiya davlatida O‘zbekistondan 15 yillar chamasi ilgari ko‘chib ketgan dugonam yashaydi. Internet orqali muloqot qilib turaman. Yaqinda Stokgolm universitetining psixologiya fakultetini tamomladi. Ikki nafar qizi bor. Ko‘chib borganida kichigi 3 yosh, kattasi 7 yoshda edi. “Maktabga chiqishganida, quloqlariga “biz o‘zbekmiz, shuni esdan chiqarmanglar. Bizning an’analarimizda bir jinsli munosabatga o‘rin yo‘q. Birovga aytish shartmas, ammo esdan ham chiqmasin” deb quyganman rosa. Chunki bu mamlakatda boshlang‘ich sinflardanoq bir jinsli nikohlar haqida ma’lumot berilar ekan”,  degan edi.

Endi chaqaloq savdosiga qaytsak… “Sadoqat” deb nomlangan hind filmini barchamiz sevib ko‘rganmiz. Film qahramoni bo‘lgan qizdan kim nafratlangan? Hech kim…chunki filmda qizning iztiroblarini to‘liq namoyon qilib berilgan. Shu filmda bir kichik epizod bor. Benikoh dunyoga keltirilgan bolani Bolalar uyi oldida qo‘yilgan savatchaga solib, qo‘ng‘iroqni chalib, ichkaridagilarni ogohlantirib, qo‘yib ketishadi.

Bu yerda fikr bor. Qanday qizlar aldanib qoladi? Ko‘pincha, oilasi notinch, yetishmovchilikda yashaydigan, ehtiyojmand oilalar qizlari. Nega desangiz, oilada mehr ko‘rmay o‘sgan qizni aldash oson. Nega desangiz, o‘ziga to‘q oilaning qizi aldanib qolganida ham, “siniq suyak et ichida” bitadi. Ya’ni, jarrohlik yo‘llari bilan sharmandalikning oldi olinadi.

Nega bizda aldangan qizlar hammaning nafratiga duchor bo‘lib, bolani uyiga olib ketishi kerak? Nega bolani dunyoga keltirishda “hissa” qo‘shgan yigit bu sharmandachiliklardan chetda qolishi kerak? Chunki, “DNK” testlarini qildirish, sudlashishga ehtiyojmand oilaning puli yo‘q. Shunday ekan, dunyoga keltirilgan aldov mevasi bo‘lgan bolani tarbiya qilishning ham o‘z-o‘zidan imkoni yo‘q.

Balki, barcha rivojlangan davlatlardagi kabi bolalarning normal sharoitda o‘sishi uchun sharoit yaratib berarmiz?

Axir, Konstitusiyamizda belgilanganidek, u dunyoga kelishi bilan fuqaroviy huquqlari paydo bo‘ldiku? Balki, “Go‘daklar uyi” yoniga bola qabul qilish korzinkalarini o‘rnatarmiz? Bu bilan qizlarimizga “kakku”sifat yashash uchun sharoit yaratish emas, balki, bola huquqlarini ta’minlash ko‘zda tutilyapti.

Axir bolaning tirnog‘iga zor necha-necha juftliklar armon bilan yashashmoqda. Bu azobni boshidan o‘tganlar biladi. Ilgari tug‘uruqxona darvozasi yoniga tashlab ketilgan go‘daklar haqida ko‘p yozilardi. Shunday xabarlarni o‘qiganida ko‘zida yosh bilan “E Xudoyim, shu farzandni menga bermaysanmi?” deya nola qilganlar ko‘p bo‘lgan. Shunday oilalar hali ham bor.

Qizlarimiz “chaqalog‘ini sotdi” degan tavqi la’natga yo‘liqmaslaridan oldin, balki tug‘uruqxonalarda “tilxat” yozdirib, “Go‘daklar uyi”ga o‘tkazgan ma’quldir? Bola asrab olishni xohlagan juftliklargayam oson bo‘larmidi? Keyingi paytda, nazarimda, aynan baxtsizlik tufayli istalmagan bolani dunyoga keltirgan, ona bo‘lib qolgan qizlarimiz va ayollarimizga “ov” e’lon qilingandek. Otasiz bolani olishga tayyor turgan kimlardir, ko‘ndirganidan so‘ng, darrov IIBga xabar beradigan kimlardir… Qarsak ikki qo‘ldan chiqmaydi. Balki, bolani sotishga ko‘ndirganlarni ham jinoiy jazoga tortish vaqti kelgandir?  U ham “oldi-sotdi” jarayonida ishtirok etyaptiku? Har holda hech qaysi epizodda bolani sotuvchining oluvchini izlab borganligi haqida o‘qimadim.

Nima bo‘lganda ham, aldov qurboniga aylangan ayolni Alloh jazolab turganida, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlash o‘rniga tuzoqqa tushirib berish ham nomardlikdan boshqa narsa emas.

Yuqoridagi mulohazalarni taklif sifatida qabul qilinsa va qonunchilikka kiritilsa, jamiyatimiz bundan faqat yutadi, deb o‘ylayman.

 Zebo Haydarova,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!