Buxoroda 41 yoshli erkak 22 yoshli kar va soqov qizni zo‘rladi

Buxoroda 41 yoshli erkak 22 yoshli kar va soqov qizni zo‘rladi

Buxoroda 22 yoshli kar va soqov qizni urib, qiynab, zo‘rlik ishlatib, og‘iz va qo‘llarini skotch bilan bog‘lab, uning nomusiga teggan 41 yoshli shaxs sud hukmi bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda «Daryo» xabar berdi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, 2021 yilning 5 avgust kuni g‘ijduvonlik fuqaro M.F. tuman markazidagi «Bek» oshxonasida tushlik qilgan. Unga oshxona oshpazi H.A.ning kar va soqov jiyani D.Y. (2000 yilda tug‘ilgan) xizmat ko‘rsatgan. U mijoz sifatida oshxonaga kirgan M.F.ga boshqa mijozlar qatori nimalar tanovul qilishini imo-ishoralar orqali so‘ragan. M. ovqatlanib bo‘lgach, oshxonadan chiqib ketgan. Oradan 3 soatlarcha chamasi o‘tgach, 16:30 larda D. uyiga ketish uchun yo‘lga otlangan. Xuddi shu topda M. yana oshxona oldida paydo bo‘lgan va D.ning yo‘lini to‘sib chiqib, uni to‘xtatib, qayoqqa ketayotganini so‘ragan.

D. unga uyiga ketayotganini imo-ishoralar orqali bildirgan. M. esa qizga chin dildan ko‘mak berib, uni uyiga olib borib qo‘yishini tushuntira olgan va oshxonadan uncha uzoq bo‘lmagan manzilda joylashgan mashinalar turargohidan taksi yollagan. Qiz ham mijoz sifatida unga ishongan va u bilan birga fuqaro F.Q.ga tegishli Matiz avtomashinasiga o‘tirgan. Ko‘p o‘tmay avtomashinaning boshqa manzilga yelib borayotganidan bezovtalangan D. imo-ishoralar orqali M.ga yashash uyi tumandagi «Cho‘g‘alon» mahalla fuqarolar yig‘ini Urganji qishlog‘ida ekanini tushuntirishga uringan. M. esa taksini tumandagi «Gulistonobod» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Boyxotin qishlog‘idagi o‘zi yashaydigan xonadon darvozasi oldida to‘xtatgan. U qizga imo-ishora orqali avtomashinadan tushishini bildirganida qiz mashinadan tushmasligini bildirgan. Haydovchi Murodillodan: «Qiz nimani tushuntiryapti?», deb so‘raganida, M. unga: «Aka, ketavering, buning gapiga baribir tushunmaysiz», degan.

Haydovchi ketgach, M. qo‘lini qizning yelkasiga tashlab, uni quchoqlagan. Dovdirab qolgan qiz M.ning spirtli ichimlik iste’mol qilganini sezgan va unga qarshilik ko‘rsatgan. Biroq erkak qizni urib, kuch ishlatib, uni o‘zi yashaydigan hovliga sudrab olib kirgan. D.ning og‘zini skotch va yostiq bilan yopib, qo‘lini ham qayirib, skotch bilan o‘rab, qiynagan. Shafqatsizlarcha na gapira oladigan va na eshita oladigan ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan qizning nomusiga teggan.

Oradan vaqt o‘tib, qiz ko‘chaga baqirib, yig‘lab, qochib chiqqan. Xuddi shu topda uy oldidan D.ga qo‘shni bo‘lgan M. ismli o‘smir yigit velosiped bilan o‘tib ketayotgan bo‘lgan. Qiz unga M. unga zo‘ravonlik qilganini, buni zudlik bilan uyidagilariga borib bildirishini imo-ishoralar orqali tushuntirayotganda erkak kelib qolgan va yigitga bosim o‘tkazgan: «Agar sen meni sotib, biror kishiga bu qizni bu yerda ko‘rganingni aytsang, seni G‘ijduvonda yurishga qo‘ymayman, tanish o‘rtoqlarimga aytib, seni yo‘qottirib yuboraman», deya qo‘rqitgan.

Shunga qaramasdan, o‘smir yigit zudlik bilan qishloqqa kelgan va holatni uning yaqinlariga bildirgan. Kar va soqov qizni bir nechta qo‘ni-qo‘shnilar ham ko‘rgan va qizning yaqinlari yetib kelguncha, unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan. Manbaga ko‘ra, M. uch marotaba uylangan va ayni voqea sodir bo‘lgan vaqtda uning uchinchi xotini N.J. Toshkent shahriga davolanish uchun ketgan bo‘lgan.

Shundan so‘ng tuman ichki ishlar idoralari, prokuratura xodimlari ham voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.

Sud taqdim etgan hujjatda qayd etilishicha, sudlanuvchi 1996 yilda Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 3-qismi «b» bandi bilan aybli deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. 2000 yilda ham xuddi shu ayb bilan qamalgan. 2002 yilda Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblangan, tayinlangan 6 yil qamoq jazosini 4 yilini o‘tab, amnistiyaga tushgan. Biroq 2006 yilda qamoqdan chiqib, oradan bir necha oy o‘tmay, Jinoyat kodeksining 226-moddasi (ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) 1-qismi bilan aybli deb topilgan, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. 2009 yilda yana takroran Jinoyat kodeksining 226-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etib, 1 yil muddatga qamalgan. 2010 yilda Jinoyat kodeksining 60-moddasiga (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) asosan 2 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolangan. 2013 yilda qamoqdan chiqiboq yana bir nechta jinoyatlar sodir etib, 2 yil muddatga qamalgan. 2013 yil 12 dekabr kunidagi «Amnistiya to‘g‘risida»gi qarorning 3-bandiga asosan jazodan ozod qilingan. 2014 yilda esa Jinoyat kodeksining 226-moddasi 2-qismi «a» bandi va 140-moddasi (haqorat qilish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. O‘z jazo muddatini o‘tagan bu shaxs ozodlikka chiqqach, bir necha oy ichida, ya’ni 2016 yilda Jinoyat kodeksining 226-moddasi 2-qismi «a» bandini takroran sodir etgan. Yana 2 yil 6 oy muddatga qamalgan.

«Shuncha yillar davomida qamalib-chiqaverib, hali ozodlikka chiqqaniga bir yil to‘lmagan bu shaxs bu gal jismonan nochor va nogiron qizning hayotini barbod qilgan. U Jinoyat kodeksining 34-moddasiga (residivist jinoyat) asosan, o‘ta xavfli residivist deb topildi. Shuningdek, Jinoyat kodeksi 118-moddasining (nomusga tegish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan shu modda bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘taydi», — degan sud raisi Bobur Umarov.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!