Butunjahon oshpazlarining oshxona sirlarini bilasizmi?

Butunjahon oshpazlarining oshxona sirlarini bilasizmi?

Butunjahon oshpazlar jamiyati assosiasiyasining dunyo bo‘yicha 8 milliondan ortiq a’zosi bor. Bir qancha mamlakatlarda oshpazlar tez-tez ta’lim muassasalariga tashrif buyurishadi, ularga taom tayyorlashni o‘rgatishadi. Shu orqali yoshlar bosh oshpazlik kasbi haqida ko‘proq ma’lumotga va bu kasbning san’at sirlariga oid qimmatli bilimlarga ega bo‘lishiga imkon tug‘iladi. Keling, bugun bosh oshpazlarning oshxona sirlaridan bir nechtasi bilan tanishamiz:

* Ideal xamir tayyorlash uchun oddiy qoida mavjud: yog‘ va tuxum xona haroratida bo‘lishi kerak. Qumsifat xamir uchun sovuq yog‘ ishlatish talab etiladi. Uni oldindan muzlatgichga solib qo‘ying.

* Quymoqlarni qanday resept bo‘yicha tayyorlayotganingiz butunlay ahamiyatsiz. Shunchaki, xamirga ikki osh qoshiq smetana qo‘shing. Bu usul, shubhasiz, yaxshi natija beradi. Quymoqlar juda mayin bo‘ladi va orasiga nimadir solmoqchi bo‘lsangiz, u sinmaydi.

* Endigina muzlatgichdan olingan go‘shtni aslo qovurmang. Uni bir-ikki soat xona haroratida qoldiring – go‘sht iliqlashadi va pishirayotganda bir tekis qovuriladi.

* Ovqatning tuzini kamaytirishda limon sharbati yordam beradi.

* Sho‘rvangiz sho‘r bo‘lib ketgan bo‘lsa, quyidagi ko‘rsatmaga amal qiling: doka ichiga guruch soling va uni tuguncha qilib, sho‘rvada 15-20 daqiqa qaynating.

* Sut uzoq vaqt saqlanishini istasangiz, shishasini ilk bor ochishingiz bilanoq bir chimdim tuz soling.

* Sitrus mevalar va pomidorlarni muzlatgichda saqlamang – past harorat ularning ifori va ta’mini yo‘qqa chiqaradi.

* Tuxum qanchalik yangi ekanini bilish uchun uni 10 sm chuqurlikdagi suv to‘ldirilgan idishga solishingiz kifoya. Idish tubida qolgan tuxum yangi bo‘ladi, biroz yuzaga ko‘tarilganini tezroq ishlatish kerak, suv yuzasida suzib yurganini esa darhol tashlab yuborish lozim.

* Bananlar uzoq vaqt saqlanishi uchun ularni bir-biridan alohida qo‘ying. Shu orqali ularning yangiligini uzoq vaqt saqlab qolasiz. Agar chekingizga yashil bananlar tushgan bo‘lsa, ularni ajratmasdan saqlaganingiz ma’qul – bu yetilish jarayonini tezlashtirishga yordam beradi.

* O‘simlik yog‘i har tomonga sachramasligi uchun tovaning tubiga ozroq tuz sepish kerak.

* Jigar yumshoq pishishi uchun tayyorlashdan oldin unga shakar sepish lozim.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!