Butun dunyoda qahva narxi oshmoqda, sababi...

Butun dunyoda qahva narxi oshmoqda, sababi...

Braziliyada yozdan beri davom etayotgan o‘rmon yong‘inlari va kuchli qurg‘oqchilik qahva plantasiyalarini yakson qilmoqda, deb xabar beradi Associated Press.

Qayd etilishicha, San-Paulu shtatidagi eng yirik qahva yetishtiruvchi Kakonde munisipaliteti fermerlari va mahalliy aholisi 600 gektarga yaqin yerni yakson qilgan yong‘inga qarshi kurashish uchun birlashgan.

«Biz 500-600 qop qahva yig‘ib olishni mo‘ljallagan edik, ammo taxminan yarmini tersak kerak. Qolgan yarmi yonib ketdi», — deydi Elio Moreyra de Arauju ismli fermer.

Shuningdek, mamlakatda qurg‘oqchilik ham qahva yetishtiruvchilarni qiyin ahvolga solib qo‘ygan. Silvio Almeydaning qahva plantasiyasi unumdor tuproqli hududda joylashgan. Biroq oxirgi vaqtda kuzatilayotgan suv yetishmovchiligi qahva daraxtlarining o‘sishiga to‘sqinlik qilyapti. «Hozirgi sharoitni hisobga oladigan bo‘lsak, 2025 yilgi hosilga ham zarar yetdi», — deydi Almeyda.

Qahva yetishtirish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadigan Vetnamda ham kuzatilayotgan jazima va qurg‘oqchilik hosilga ta’sir ko‘rsatmoqda. Ikki mamlakatda yetkazib beriladigan qahva hajmining kamayishi butun dunyoda uning narxi ko‘tarilishiga olib keladi.

Qahva narxi oxirgi marotaba 1970 yillarda, Braziliyadagi plantasiyalarning 70 foizi sovuq urishi oqibatida nobud bo‘lganida rekord darajada ko‘tarilgan. Xalqaro qahva tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi yillarda ham qahva narxining oshishi kuzatilmoqda. Avgust oyida yashil qahva donalarining bir funti 2,38 dollardan sotilgan — bu o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 55 foizga qimmat demakdir.

Narxlarning ko‘tarilishiga Osiyoda qahvaga bo‘lgan talabning ortgani ham sabab bo‘lmoqda. Qurg‘oqchilik va yong‘inlar oqibatida Braziliyadagi arabika qahvasi yetishtiriladigan maydonlarning beshdan bir qismi nobud bo‘lgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!