Boysundagi kondan vodorod sulfid ajralib chiqishi to‘xtatildi

Boysundagi kondan vodorod sulfid ajralib chiqishi to‘xtatildi

Sentyabr oyi boshida vodorod sulfid ajralib chiqqan “Mustaqillik-25” konida ayni paytda 604-sonli quduqni so‘ndirish jarayoni yakunlandi.

Shu maqsadda sizib chiqishga qarshi uskunaning qo‘shimcha blogi qurildi va o‘rnatildi. So‘ndirish uchun quduq og‘zini tayyorlash va bog‘lash jarayoni o‘tkazildi. Quduq germetiklandi va so‘ndirildi.

14 sentyabr kuni taxminan soat 13:05 da minoradan chikib turgan quvurning ustiga PVO (sizib chiqishga qarshi qurilma) o‘rnatilib, 15 sentyabr kuni to‘lik tizimni presslash o‘tkazildi. 15 sentyabr kuni soat 16:40 da Barit nomli maxsus eritma yuborildi va 16:50 lar chamasi minoradan va chiqaruvchi uskunalardan gaz chikishi to‘xtatildi.

Hodisa oqibatlarini rejali bartaraf etish jarayoni maxsus tashkil etilgan shtab nazorati ostida amalga oshirildi. Vaziyatni professional baholash maqsadida voqea joyiga O‘zbekiston, shuningdek, Rossiya va AQSh ekspertlarining tashrifi tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, hodisa oqibatlarni bartaraf etish davomida aholi uchun hech qanday xavf bo‘lmagan.

Barcha zarur chora-tadbirlar Ochiq neft va gaz favvoralarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi, O‘zbekiston Respublikasi FVV va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Ishlar barcha zarur texnika va uskunalar bilan to‘liq ta’minlangan holda olib borildi. Hodisa boshidan barcha zarur choralar ko‘rilgan. Xususan, atrofda joylashgan aholi punktlarida havo muhitini o‘lchash va monitoring qilish uchun maxsus postlar o‘rnatildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, atmosferada zararli moddalarning ruxsat etilgan maksimal konsentrasiyasidan oshib ketish holatlari kuzatilmayapti. Shuningdek, burg‘ilash qurilmasining ishchi maydonini tozalash ishlari amalga oshirildi va yakunlandi, tayanch maydon maxsus texnika va uskunalarni to‘liq o‘rnatish va foydalanish uchun tayyorlandi.

“Mustaqillik-25” konini o‘zlashtirish alohida murakkabligi bilan ajralib turadi, bu yerda xalqaro tajribadan foydalaniladi va kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ko‘riladi, shu jumladan xodimlarga doimiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladi. Uglevodorodni qazib olish tobora murakkablashib bormoqda, bu esa doimiy ravishda yangi tajriba va ko‘nikmalarni talab qiladi, deyiladi rasmiy xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!