Belgiya elchisi bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Belgiya elchisi bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Suv xo‘jaligi vazirligida Belgiya Qirolligining O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Anri Vantigem bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev elchini tashrifi bilan qutladi. Hozirda Yevropa Ittifoqi kengashiga raislik qilayotgan Belgiya Qirolligi bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlash, xususan, suv xo‘jaligi yo‘nalishida hamkorlik qilish manfaatli ekanini ta’kidladi.

Elchiga Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, suv xo‘jaligi sohasidagi yangilik va o‘zgarishlar haqida axborot berildi. Foydalaniladigan suv resurslarining 85 foizi qo‘shni mamlakatlar hududida shakllanadigan O‘zbekiston uchun transchegaraviy daryolarning ahamiyati, qo‘shni davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan do‘stona munosabatlar haqida so‘z yuritildi. Prezidentimizning oqilona va uzoqni ko‘zlagan dona siyosati natijasida suv bo‘yicha masalalar o‘zaro kelishuv asosida hamjihatlik bilan yechilayotgani e’tirof etildi.

O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi tasdiqlangani, uning doirasida har uch yilda strategiya qabul qilinib, ijrosi ta’minlanayotgani, konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Belgiya Qirolligining O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Anri Vantigem samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

Nafaqat Belgiya, shu bilan birga Yevropa Ittifoqi uchun ham suv o‘ta muhim masala ekanini ta’kidladi. Xuddi O‘zbekiston kabi Belgiya ham transchegaraviy daryo suvlaridan foydalanadi. Shelda, Maas daryolari suvlaridan quyida joylashgan qo‘shni Niderlandiyaning ekin maydonlari sug‘oriladi.

Uchrashuvda Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq bo‘lgan ekologik muammolarga e’tibor qaratildi. Orol – faqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo uchun emas, global miqyosdagi inqiroz ekanligi aytib o‘tildi. Shu bois, O‘zbekiston Prezidenti nufuzli xalqaro minbarlarda jahon hamjamiyati e’tiborini Orol muammosiga qaratib, ekologik oqibatlarini kamaytirish yuzasidan yangi tashabbuslarni ilgari suryapti.

Elchi janoblari o‘zbekistonlik mutaxassislarni Belgiyadagi Gent universiteti va boshqa ilm dargohlarining agrar fakultetlarida tomchilatib sug‘orish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy izlanish va tadqiqotlar bilan tanishishga taklif qildi.

Do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida suv resurslarini samarali boshqarish, undan unumli foydalanish bo‘yicha tajriba almashish va hamkorlik qilishga kelishib olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!