BAAdan Toshkentga olib kelingan 7 kishi karantin qoidalarini buzdi

BAAdan Toshkentga olib kelingan 7 kishi karantin qoidalarini buzdi

Birlashgan Arab Amirliklaridan olib kelingan va Toshkent viloyatidagi «Energetiklar» sihatgohida saqlanayotgan 7 nafar fuqaro karantin qoidalarini buzgani uchun 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov «Daryo»ga ma’lum qildi.

Xabar berilishicha, 1 aprel, chorshanba kuni, soat 20:00 da Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan «Energetiklar» sihatgohida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridan O‘zbekistonga qaytgan va karantinda bo‘lgan 7 nafar fuqaro — SH.U., K.A., I.K., D.M. (ayol), SH.T. (ayol), F.N. (ayol) va P.R. (ayol) belgilangan karantin qoidalarini buzgan.

Ular har xil uyatli so‘zlar bilan ushbu sihatgohda saqlanayotgan boshqa fuqarolar va karantin tartibini nazorat qiluvchi xodimlar oldida baqir-chaqir qiligan, ularning tinchligini buzgan. Ular tinchlikni ta’minlash uchun kelgan ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, jamoat joyida ularni ham uyatli so‘zlar bilan so‘kib, mayda bezorilik qilgan.

Yuqori Chirchiq tuman ma’muriy sudida 3 aprel, juma kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish), 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosida mazkur shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish ko‘rib chiqildi.

Sud ularning ayblari ishda to‘plangan dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan, degan xulosaga keldi. Sudning 3 apreldagi qarori bilan mazkur 7 nafar fuqaroning har biriga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!