Amerikalik xirurglar e’tirof etgan o‘zbek kardiojarrohi hikoyasi

A A A
Amerikalik xirurglar e’tirof etgan o‘zbek kardiojarrohi hikoyasi

Xastalik — og‘ir sinov. Ammo umid — eng katta najot. Hamyurtlarimizdan biri AQShda yurak xuruji bilan shifoxonaga yotqizilganida, amerikalik shifokorlar unga hayoti xavf ostidaligini aytishdi. Lekin yagona najot yo‘li bor edi — yurak transplantasiyasi!

Bemor operasiya uchun nisbatan kamxarjroq deb Turkiyani tanladi. Ammo qardosh shifokorlar ikkilanib qolishdi. Aniqrog‘i stentlash amaliyotini o‘tkazish mas’uliyatidan cho‘chishdi. Ilojsiz qolgan hamyurtimiz O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ldi. Biroq bu yerda navbatdagi yurak xurujini boshdan o‘tkazadi.

Asoratlar yanada xavfli tus oldi: yurakning qisqaruvchanlik faoliyati 4 barobar tushib, qon tomirlari yo‘li yopilish arafasiga kelib qoldi. Shu tariqa ikki barobar kattalashib ketgan yurakda shoshilinch operasiya amalga oshiriladi. Yurakning uchta tomiriga jarrohlik yo‘li bilan tomir ulanib, bemor hayoti saqlab qolinadi...

Oradan uch yil o‘tdi. Bemor AQShda safarda edi. Kutilmaganda yana yurak xuruji qaytaladi. Amerikalik jarrohlar yurakni ochishgach, buyurilgan dori vositalari vaqtida qabul qilinmagani uchun yana bir tomir berkilib qolgani aniq bo‘ldi.

Operasiyadan so‘ng AQShlik malakali xirurglar avvalgi jarrohlik amaliyoti mahorat bilan qilingani, ulangan tomirlar bekamu ko‘st ishlab turganini e’tirof etishdi. Xirurgning ishiga “zargarona” deb tan berishdi.

Bu noyob operasiya muallifi tibbiyot fanlari doktori, kardioxirurg Alisher Meliqulov edi.

“1000 dan ziyod yurak operasiyasini mustaqil o‘tkazdim”

Alisher Meliqulov Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida 15 yil ishlagan. O‘sha yerda fan doktori va yetakchi xirurg darajasigacha yetgan.

— 2004 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini bitirib, Moskvadagi Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida ordinaturada tahsil olgani ketganman, — deydi Alisher Meliqulov. — Tahsildan keyin aspiranturaga olib qolishdi. 2009 yilda “Ishlab turgan yurakda konversiya holatlarini o‘rganish” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini yoqladim.
Keyingi rejalarim kutilmagan tomonga ketdi. Ilmiy rahbarim va muassasa direktori ilmiy va kasbiy faoliyatimni shu yerda davom ettirishni taklif qildi. Natijada faoliyatimni markazda davom ettirdim.
2018 yilda “Yuqori xavfli guruhlarda aorta-koronar shuntlash operasiyalarini o‘tkazish” mavzusida doktorlik dissertasiyasini himoya qildim. Ikki yil Germaniyaning Leypsig shahridagi dunyoga mashhur xirurgiya markazida malaka oshirib qaytdim. O‘tgan davrda 1000 dan ziyod yurak operasiyalarini mustaqil o‘tkazdim. O‘nlab yurak transplantasiya amaliyotlarida qatnashdim.

“Birga o‘qidik, birga o‘rgandik, birga ishlayapmiz”

Buni qarangki, Alisher akaning turmush o‘rtog‘i Madina Ahmedova ham shifokor, aniqrog‘i kardiolog. U ham A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida ilm olib, o‘sha yerda uzoq yillar faoliyat yuritgan.

— Begona yurtda yashashning doim qiyinchiligi bo‘lgan, — deydi Alisher Meliqulov. — Lekin biz shu sohaning bor sir-sinoatini o‘rganishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Kezi kelganda moddiy qiyinchiliklarni ham boshdan o‘tkazdik. Barchasini turmush o‘rtog‘im bilan birga yengib, maqsad sari harakat qilishdan chekinmadik.
2019 yilda Prezidentimiz Rossiyaga tashrifi chog‘ida Moskvada ishlayotgan bir guruh mutaxassislar bilan muloqot o‘tkazdi. Shundan so‘ng menda Vatanga qaytish istagi kuchaydi. Barcha sharoitlari muhayyo bo‘lgan joy ham o‘z yurtingdek bo‘lolmas ekan. Ayniqsa, o‘zbek uchun kindik qoni to‘kilgan zamindan uzoq bo‘lish juda og‘ir. Dunyoning turli mamlakatlarida ishlayotgan hamyurtlarim ham, hech kim yurtini o‘zbekchalik sog‘inmasa kerak, deb aytishgan.
Otam Moskvaga kelganida “O‘g‘lim, mana shuncha natijaga erishibsan, obro‘-e’tibor topibsan, endi o‘z xalqingga ham xizmat qil”, degach, yurtga qaytish qarorim qat’iylashdi. Turmush o‘rtog‘im biroz ikkilangani ham bor gap. Chunki qaytganimizdan keyin qanday sharoitda ish boshlashimiz haqida tasavvurimiz yo‘q edi. Hozir, yaxshiyam yurtga qaytgan ekanmiz, deb shukr qilaman. Oilam xursand, bolalarim xursand, yaqinlarim, qarindoshlarim yonimda. Bu yerda ham turmush o‘rtog‘im bilan bir jamoada mehnat qilyapmiz

“Operasiyalarimizda o‘lim ko‘rsatkichi — 0 foiz”

— O‘zbekistonda faoliyat boshlaganimdan beri qariyb 500 ta operasiyaga boshchilik qildim. Qo‘l ostimdagi jamoaga ishonaman. Shogirdlar tayyorlayapman. Bakulevda o‘qigan, menga ustozlik qilgan olimlardan saboq olgan mutaxassislarni jamoaga yiqqanmiz. Erishiladigan muvaffaqiyatda jamoaning professionalligi juda muhim. Misol uchun, butun dunyoda, tibbiyoti taraqqiy etgan davlatlarda ham aorta-koronar shuntlash operasiyalarida o‘lim ehtimoli 1-2 foizni tashkil qiladi. Xudoga shukr, shu paytgacha o‘tkazgan birorta operasiyamizdan keyin o‘lim holati qayd etilmadi.

“100 qadam yurishga kuchim etmasdi, operasiyadan keyin velosiped minib yuribman”

Mutaxassisning qabulidan bemorlar arimaydi. Ulardan biri, Bozorboy Halilov — 54 yoshda. Bir oy oldin yuragi og‘rib, qon bosimi oshib shifokorga murojaat qiladi.

— Tekshiruvlardan so‘ng do‘xtirimiz “operasiya qilish kerak dedi”, rozi bo‘ldim. Amaliyotdan ikki kun o‘tib yura boshladim, — deydi Bozorboy Halilov. — Ahvolim yaxshilanib boryapti. shifokorga telefon qilib, holatim haqida ma’lumot berib turaman. Velosiped haydashga ruxsat berdi yaqinda. Mana, bugun ko‘rikka keldim, agar ruxsat bersa, jismoniy ishlarga ham kirishmoqchiman.
— Har kuni 2-3 kishida amaliyot o‘tkazamiz, — deydi shifokor. — Oxirgi operasiyalarimizdan birida bemorning og‘ir yurak yetishmovchiligi bilan yotqizilgan. Yurak qisqaruvchanligi 2 barobar kamayib ketgan, bir oy oldin insult va infarktni boshdan kechirgan. Boshqa birida yurakning yarmi trombga to‘lib ketgan edi. Ishlab turgan yurakda jarrohlik yo‘li bilan ularni olib tashladik. Bu operasiyani ham Moskvada o‘qib kelgan shogirdlarimiz bilan birga amalga oshirdik.

“Yurak transplantasiyasi o‘tkazishga tayyormiz”

Alisher Meliqulov dunyo ko‘rgan malakali shifokor sifatida O‘zbekistonda xirurgiya sohasidagi yangilanishlarni “revolyusion” deb ta’riflaydi. O‘zbek mutaxassislari yurakda o‘tkaziladigan barcha operasiyalarni amalga oshira olishi, ular dunyoning kardiojarrohlik yo‘nalishidagi ilg‘or klinikalarida o‘tkaziladigan amalyotlardan qolishmasligini e’tirof etadi.

— A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazi mutaxassislari dunyoda birinchi bo‘lib ishlab turgan yurakda jarrohlik amaliyoti o‘tkazishgan. Bu ilmiy yangilik ularning nomiga patentlangan. Biz ustozlardan bu amaliyotning barcha sir-asrorlarini o‘zlashtirganmiz. Bugun O‘zbekistonda bunday operasiyalarni o‘tkazishga qodir mutaxassislar yetarli.
Yurtimizda yurak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlariga ham ruxsat berilsa, o‘zim va jamoam bunday operasiyalarga tayyormiz, deya olaman. Moddiy-texnik baza mustahkam, mutaxassislar malakali bo‘lsa, nimadan cho‘chiylik?! Albatta, uddalaymiz! Shunda yuragida shikoyat bilan chet ellarda yurtdoshlarimizning sarson bo‘lib yurishlariga butkul chek qo‘yiladi. Mening ham maqsadim shu: hech bir hamyurtimiz dardiga shifoni chetdan izlamasin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!