Aholi o‘rtasida inflyasion kutilmalar bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazildi

Aholi o‘rtasida inflyasion kutilmalar bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazildi

Markaziy bank tomonidan aholi o‘rtasida inflyasion kutilmalar to‘g‘risida so‘rovnoma o‘tkazilgan. Joriy yil mart oyida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasiga ko‘ra aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining inflyasion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan biroz pasayib, mos ravishda 12,8 va 12,2 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasiga ko‘ra mart oyida aholi tomonidan sezilgan inflyasiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz 12,7 foizda saqlanib qoldi. Aholining valyuta kursi o‘zgarishi va narxlarning sun’iy oshirilishi bilan bog‘liq xavotirlari kuchaydi.

Valyuta kursi o‘zgarishi va narxlarning sun’iy oshirilishi kelgusida narxlar oshishiga ta’sir etuvchi asosiy omil bo‘lishini qayd etganlar ulushi ortdi (61 foiz, fevralda 56 foiz edi). Yonilg‘i va energiya resurslari narxi oshishini asosiy omil sifatida belgilagan respondentlar ulushi kamaydi (50 foiz, fevralda 54 foiz edi).

Tadbirkorlarning inflyasion kutilmalari ham o‘tgan oyga nisbatan biroz pasaydi (-0,5 foiz) va 12,2 foizni tashkil etdi. Tadbirkorlar orasida valyuta kursi o‘zgarishini narxlar oshishiga olib keluvchi asosiy omil sifatida ko‘rsatganlar ulushi ortgan (61 foiz, fevralda 57 foiz edi). Yonilg‘i va energiya resurslari narxi oshishini belgilagan tadbirkorlar ulushi kamaygan (44 foiz, fevralda 49 foiz edi).

Sohalar kesimida eng yuqori inflyasion kutilmalar axborot texnologiyalari sohasida ishlovchilar tomonidan qayd etilgan bo‘lsa, eng past kutilma turizm sohasiga (10 foiz) to‘g‘ri keldi. Tadbirkorlar sub’ektlarining eng yuqori inflyasion kutilmalari madaniyat sohasida kuzatildi (15 foiz), eng past kutilmalari esa turizm sohasida bo‘lib turibdi (10,8 foiz).

Aholi inflyasion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida (16,9 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past inflyasion kutilmalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (10 foiz) va Jizzax viloyatida (9,9) yashovchi aholi tomonidan qayd etilgan.

Biznes vakillari bo‘yicha eng pessimistik kutilmalar ham Toshkent shahrida bo‘lib turibdi (14,4 foiz). Eng optimistik kutilmalar Qoraqalpog‘istonda (10,3 foiz) qayd etilgan.

Daromadlari 7 million so‘mdan yuqori bo‘lgan aholining inflyasion kutilmalari o‘rtachadan yuqori shakllandi. Xususan, 15 million so‘mdan yuqori daromadga ega respondentlar inflyasiya keyingi bir yil ichida 19,2 foiz darajasida bo‘lishini kutmoqda.

Toshkent shahrida yashovchi respondentlarning 22 foizigina inflyasiya 8 foiz yoki undan kamroq bo‘lishiga ishonmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning fevral oyida ham O‘zbekistonda aholining inflyasion kutilmalari pasaygan edi. Aholi va tadbirkorlar eng ko‘p valyuta kursi o‘zgarishi hamda yonilg‘i va energetika narxi oshishidan xavfsirayotganini qayd etgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!