Yosh bolalarni masjidga olib chiqishning hukmi qanday?

Yosh bolalarni masjidga olib chiqishning hukmi qanday?

— Kattalar yosh bolalarni o‘zi bilan masjidga olib chiqishning hukmi nima?

— Yosh bolalarni masjidga olib chiqishga shar’an monelik yo‘q. Balki bu ish ularni namozga odatlantirishga va masjiddagi iymoniy muhitdan bahra olishlariga sabab bo‘lgani uchun mustahab amaldir. Faqat bolalar aqlli-tamizli bo‘lishi kerak. Shu bilan birga namozxonlarga xalaqit bermaslikni muloyimlik va bosiqlik bilan tushuntirish lozim. Ayrimlar tomonidan ularni jerkib berish murg‘ak qalbga juda yomon ta’sir qiladi. Bundan ehtiyot bo‘lish darkor. Aksincha bolaning qalbini masjidga muhabbatli qilish kerak. Zero, sevimli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Qiyomat kuni Arshning soyasida bo‘ladigan yetti toifa ichida "Qalbi masjidga bog‘liq kishi"ni ham zikr qilganlar.

Ulamolar yosh bolani masjidga olib borish joizligiga bir necha hadisni dalil qiladilar. Jumladan, Abu Qatoda roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Umoma binti Zaynab roziyallohu anhoni ko‘tarib namoz o‘qigandilar". Hofiz Ibn Hajar: "Bu hadisni bolalarni masjidga kirgizish joizligiga dalil qilinadi", deydilar. (Fathul-Boriy, 1/592).

Burayda roziyallohu anho aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam xutba qilayotgandilar. Bir vaqt Hasan va Husayn roziyallohu anhumolar kelib qolishdi, ular qizil ko‘ylak kiyib olishgandi. Ikkovlon yurar va yiqilib tushishardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam minbardan tushdilar. Ularning birini o‘ng qo‘llari bilan, birlarini esa chapi bilan ko‘tarib oldilar. So‘ng minbarga ko‘tarilib dedilar: "Alloh: "Albatta molk-mulklaringiz va farzandlaringiz sinovdan boshqa narsa emas", degan. Men bu ikki bolaning yurib, yiqilayotganini ko‘rib, sabr qilolmadim. Gapimni to‘xtatib, oldilariga bordim", dedilar. (Beshovlon, Ibn Hibbon va Hokimlar rivoyat qilishgan).

Qolaversa, mazhabimiz fiqhidagi jamoat saflari to‘g‘risidagi mavzular ham buning joizligini ko‘rsatadi. Ularga ko‘ra, birinchi erkaklar saf tortadi, keyin yosh bolalar va keyin ayollar saf tortadi.

Aytganlarimiz bolalarning masjidga olib chiqish maqbul amal ekanini bildiradi.

Vallohu a’lam.

Mubashshir Ahmad


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!