Vyetnamdagi “Yagi” to‘foni qurbonlari soni 233 kishiga yetdi

Vyetnamdagi “Yagi” to‘foni qurbonlari soni 233 kishiga yetdi

Vyetnamda “Yagi” to‘foni qurbonlari soni ortib bormoqda. Rasmiylar 233 kishining o‘limini tasdiqladi. 800 kishi jarohatlangan. Yana 103 kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida, deb xabar beradi Euronews.

Ularning yarmiga yaqini vayronalarga aylangan Laokay provinsiyasidagi Lang Nu qishlog‘i aholisidir. Bo‘ron sabab kuchli yomg‘ir tufayli u yerda ko‘chkilar sodir bo‘lib, mahalliy daryolar kanallaridan toshib ketgan.

Omon qolganlarni qidirish uchun 500 ga yaqin qutqaruvchi safarbar qilingan. Ammo zarar ko‘rgan hududga og‘ir texnikani yetkazib berishning iloji yo‘q: yo‘llar yopilgan yoki yuvilgan.

Yagi Vyetnamga shanba kuni yetib keldi. Shamol tezligi soatiga 145 kilometrni tashkil etgan. Yakshanba kuni u pasaydi, ammo shu kunlarda kuchli yomg‘ir to‘xtamadi.

Osiyodagi eng kuchli tayfunlardan biri hisoblangan Yagi Filippinda kuchayib, janubiy Xitoyga ta’sir ko‘rsatdi. Tailandning shimoliy hududlari zarar ko‘rdi, u yerda bir qancha qirg‘oq bo‘yidagi aholi punktlari suv ostida qoldi.

Kuchli yomg‘ir tufayli ko‘chkilar yuzaga kelgan Chiangray provinsiyasida kamida olti kishi halok bo‘ldi. Rasmiylar suv sathi hamon ko‘tarilayotganidan ogohlantirgan. Ular aholidan balandroq joyga ko‘chib o‘tishlarini so‘ramoqda.

Klimatologlarning fikricha, bunday ekstremal ob-havo hodisalari inson faoliyati natijasida yuzaga kelgan iqlim o‘zgarishi bilan bevosita bog‘liq.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!