O‘zbekistonda narkodispanserlarda qancha odam hisobda turibdi?

O‘zbekistonda narkodispanserlarda qancha odam hisobda turibdi?

«Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan jamoatchilik muloqoti tashkil etildi. Muloqotda O‘zbekistonda narkotik vositalari hamda psixofaol preparatlar tarqalishining huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ruhiy jihatlari muhokama qilindi, deya xabar beradi harakat o‘z xabarida.

«Tan olish kerak, butun dunyo hamjamiyatida giyohvandlik, narkojinoyat bilan bog‘liq muammolar juda ko‘p. Bu muammolarga duch kelmagan davlat ham bo‘lmasa kerak —ba’zilari yetishtirsa, ba’zilari yetkazib beradi. O‘zbekiston Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh ekanligi, qo‘shni mamlakatda giyohvand moddalar ishlab chiqarilishi to‘xtamayotgani salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmayapti. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda Afg‘onistonda rekord darajada, ya’ni 9 000 tonna opiy yetishtirilgan. Ularning asosiy qismi tranzit yo‘llar orqali, jumladan, O‘zbekistondan ham olib o‘tilgan. Bu esa tranzit davlatlarga tashvish keltirgan.

2019 yil yakunida respublikamizda 5 mingdan ortiq narkotik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etilgan. 1 tonna 200 kg atrofida narkotik vositalar musodara qilingan. Narkodispanserda hisobda turganlar esa 5 698 nafarni tashkil etgan», – deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat G‘ulomov.

Shuningdek, G‘ulomov narkotik vositalarning yangi turlari paydo bo‘layotganidan, ba’zilar uni uy sharoitida ham tayyorlab iste’mol qilayotganini aytib o‘tdi.

«Ma’lum bo‘lgan jinoyatlar bilan birga biz hali ko‘rmagan giyohvandlar qanchadan qancha. Buni jamoatchilik bizdan ko‘ra yaxshi biladi.

Yana bir jihat borki, narkotiklarning yangi turlari, masalan, sintetik narkotiklar paydo bo‘la boshladi. Hatto yoshlarimiz orasida narkotik vositalarni uy sharoitida tayyorlab, iste’mol qilayotganlari ham bor. Ularning ota-onalari bundan oxirgi nuqtada xabar topyapti. Fursatdan foydalanib, jamoatchilikni ogohlantirmoqchiman: agar qayerda giyohvandlik bilan bog‘liq noqonuniy xatti-harakatlarga guvoh bo‘lsangiz, bunga qarshi kurashish birgina huquqni muhofaza qilish idoralarining vazifasi deb o‘ylamang. Bu har bir fuqaroning burchidir», – deydi Shuhrat G‘ulomov


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!