O‘zbekistondagi mavsumiy sayohatlar yo‘nalishlari Kuvayt ommaviy axborot vositalari nigohida

O‘zbekistondagi mavsumiy sayohatlar yo‘nalishlari Kuvayt ommaviy axborot vositalari nigohida

Kuvaytning ommabop «Q8 Press» elektron nashrida O‘zbekistondagi mavsumiy sayohat yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.

«O‘zbekistonda har bir faslning o‘ziga xos jozibasi, uni boshqa fasllardan ajratib turuvchi afzalliklari bor. Yil fasllari o‘zbek xalqining qadimiy madaniyati, milliy an’analari bilan o‘zaro uyg‘unlashgan», – deyiladi maqolada.

Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekistonda bahor fasli fevral oyining oxirida boshlanadi. Ushbu faslda mevali daraxtlar gullaydi. Bobo dehqonlar yaxshi niyat bilan yerga urug‘ qadaydi. Bahor fasli, shuningdek, ekskursiyalar, me’moriy obidalar, tabiat qo‘ynida sayohat qilish uchun qulay vaqt hisoblanadi.

Mart oyi juda ko‘plab bayram va tadbirlar bilan yodda qoladi. Xususan, ushbu oyda Navro‘z bayrami va u bilan bog‘liq ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi. O‘zbek mahallalarida bahoriy milliy taom – sumalak tayyorladi. Navro‘z bayrami arafasida, shuningdek, milliy sayllar o‘tkaziladi.

«Yoz fasli O‘zbekistonga sayohat qiluvchilar uchun yilning eng yaxshi fasli hisoblanadi. Ayniqsa, tog‘li hududlar va cho‘lda joylashgan vohalarning havosi ushbu davrda mo‘’tadil va juda toza bo‘ladi. Yoz faslida dam olishga chiqish uchun Toshkent viloyati Markaziy Osiyodagi eng ajoyib joylardan biri hisoblanadi. Chorvoq suv ombori va G‘arbiy Tyanshan tog‘ tizmalari qo‘ynida hordiq chiqarishni xohlovchilar uchun eng yaxshi manzildir. Bu yerda syorfing, suzish va suv sporti bilan shug‘ullanishni xush ko‘ruvchilar uchun barcha sharoitlar mavjud», – deya ma’lum qilgan elektron nashr.

Zomin milliy bog‘i chiroyli sharsharalari va shifobaxsh tabiat bilan o‘zgacha. Mazkur so‘lim maskanda o‘nlab sanatoriylar, dam olish uylari va bolalar oromgohlari joylashgan.

Materialda xabar qilinganidek, kuz fasli butun mamlakat bo‘ylab sayohat qilish uchun qulay fursat hisoblanadi. Qayd etilishicha, kuz O‘zbekistonda joylashgan YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan arxeologik manzillarga tashrif buyurish uchun juda qulay payt.

«O‘zbekiston qishi sizga unutilmas sarguzashtlarni taqdim etadi. Chunki, ushbu faslda mamlakatdagi barcha tog‘lar qor bilan qoplanadi. Qishki sport ishqibozlari Toshkent viloyatidagi baland tog‘li hududlarda joylashgan «Chimyon» – «Amirsoy» – «Bildirsoy» dam olish maskanlariga yo‘l olishlari mumkin. Oppoq qor bilan qoplangan tog‘larda chang‘ida uchish va osma dor yo‘li orqali eng baland tog‘ cho‘qqilarga chiqish har qanday sayyohga zavq bag‘ishlashi tayin».


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!