O‘zbekistonda “Oqila ayollar” faol a’zolari rag‘batlantiriladi

O‘zbekistonda “Oqila ayollar” faol a’zolari rag‘batlantiriladi

O‘zbekistonda 1 sentyabrdan boshlab “Oqila ayollar” faol va tashabbuskor a’zolari rag‘batlantiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilandi.

Unga ko‘ra, “Oqila ayollar” faol va tashabbuskor a’zolari Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan har olti oy yakuniga ko‘ra mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi.

Bunda respublika, hududiy va tuman (shahar)lardagi “Oqila ayollar” harakati faoliyatining natijalarini Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari yig‘ilishlarida har yarim yillikda bir marotaba muhokama qilib, faoliyat samaradorligi natijalariga ko‘ra yuqori ko‘rsatkichga erishgan “Oqila ayollar” harakatining eng faol va tashabbuskor a’zolari aniqlanadi.

Bunda

  • Respublika darajasida 10 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar darajasida 3 nafardan,
  • Tuman (shahar)lar darajasida 2 nafardan rag‘batlantiriladi.

Mahalladagi xotin-qizlar faollari ishining samaradorlik ko‘rsatkichini baholash natijalariga asosan Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan har olti oy yakuni bo‘yicha eng yuqori natijalarga erishgan 300 nafar xotin-qizlar faollarini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir baravari miqdorida rag‘batlantiriladi.

Rag‘batlantirish tartibi qo‘mita tomonidan belgilanadi.

Ma’lumot uchun, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalarida doimiy faoliyat yurituvchi jamoatchilik tuzilmasi — “Oqila ayollar” harakati 2022 yilda tashkil etilgan. Yoshlar o‘rtasida oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti hamda “Oila – muqaddas” tushunchasini keng targ‘ib qilish harakatning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!