O‘zbekistonda mayning so‘nggi haftasida ob-havo rekord darajada isiydi

O‘zbekistonda mayning so‘nggi haftasida ob-havo rekord darajada isiydi

«O‘zgidromet» tomonidan ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston hududida o‘tgan dam olish kunlaridan boshlab havo juda isiydi.

Harorat kudan-kunga ko‘tarilib, 26 may kuni 35-39 daraja, janubda 39-40 daraja issiqni tashkil qildi. Eng yuqori haroratlar Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida kuzatildi, bu joylarda kunduzi havo 40-42 darajagacha, ayrim cho‘l tumanlarida 44 darajagacha qizidi.

Qayd etilishicha, bunday harorat ko‘rsatkichlari O‘zbekistonda may oyining oxiri uchun xos emas. Respublikaning deyarli barcha mintaqalarida shu kunning harorat rekordlari qayd etildi.

O‘zbekiston shimolida ayrim joylarda butun oy uchun maksimal haroratning yangi rekordlari qo‘yildi. Boshqacha qilib aytganda, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidagi ko‘pchilik meteorologik stansiyalar ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil 26 mayda qayd etilgan bunday yuqori oylik harorat avval hech qachon kuzatilmagan.

«Toshkenda, masalan, may oyida eng yuqori harorat 39,9 daraja bundan ancha oldin 1902 yilda qayd etilgan. Oxirgi 20 yil ichida eng yuqori oylik harorat 2004 yilda kuzatilgan va 38,6 darajani tashkil qilgan. Qolgan kuzatuvlar natijasida eng issiq yillarda Toshkentda may oyidagi harorat 37 darajadan yuqori bo‘lmagan. Respublika janubida bu yil may oyi oxirining haroratlari o‘z rekord qiymatlari — 43-44 darajaga yetmaydi», — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda oyning oxirigacha, asosan, quruq va kam bulutli ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublika shimoli va cho‘l zonasida shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin. Havo harorati 34-39 daraja issiq atrofida bo‘ladi, mamlakat shimoli, janubi va cho‘l zonasida 40-42 darajagacha ko‘tariladi. 29–30 may kunlari harorat bir oz (2-3 darajaga) pasayadi. Yozning boshida ob-havoda sezilarli o‘zgarish bo‘lmaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!