O‘zbekistonda “Green University” negizida xalqaro ekologik huquq yo‘nalishi bo‘yicha magistratura dasturi joriy etilmoqda

O‘zbekistonda “Green University” negizida xalqaro ekologik huquq yo‘nalishi bo‘yicha magistratura dasturi joriy etilmoqda

23-may kuni Toshkent shahrida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti (“Green University”) hamda YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida “Iqlim o‘zgarishini boshqarishga kirish” mavzusida ochiq ma’ruza bo‘lib o‘tdi.
Ma’ruzani professor, Jorj Vashington universiteti (AQSh) Ekologik huquq fakulteti dekan o‘rinbosari Randall Abate o‘qidi.

Tadbirda O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarining huquq va xalqaro munosabatlar fakultetlari professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi. Ma’ruzaning vazifasi ishtirokchilarga iqlim o‘zgarishini samarali boshqarish tamoyillari va amaliyotlari haqida fundamental bilim berishdan iborat. Unda iqlim o‘zgarishining sabablari va oqibatlari, ta’sirni yumshatish va moslashish strategiyalari, siyosat asoslari va xalqaro kelishuvlar kabi mavzular yoritilgan.

“Iqlim o‘zgarishi “o‘ta yovuz” boshqaruv muammosi bo‘lib, an’anaviy yo‘llar orqali tartibga solish bilan osonlikcha hal etilmaydigan chuqur ildizlarga ega. Stratosferadagi ozon qatlamining yemirilishi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi kabi ko‘plab boshqa xalqaro ekologik muammolar kabi transchegaraviy atrof-muhitni boshqarish muammosi bo‘lish bilan birga, u qo‘shimcha murakkabliklarga ham ega: ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va inson huquqlari muammolari. Ushbu ma’ruza orqali iqlim o‘zgarishi inqirozining murakkab asoslarini va global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun davlat va xususiy boshqaruv strategiyalarining keng doirasi ko‘rib chiqiladi”, – deya ta’kidladi Jorj Vashington universiteti Huquq fakulteti professori Rendall S. Abate.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini minimallashtirish bo‘yicha tizimli yondashuv va samarali choralar ko‘rishni taqozo etadi. Shu nuqtai nazardan, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda muhim ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy muammolarni samarali hal etishga qodir bo‘lgan yangi avlod yetakchilari, menejerlari va mutaxassislarini tayyorlash muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev nomidan O‘zbekistonda ochilgan “Green University” iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarni hal etishda ta’lim muhim ekanligini ta’kidlaydi.

Ekologiya vazirligi va “Green University” tomonidan ekologik ta’lim sifatini oshirish maqsadida jahon miqyosida professor-o‘qituvchilarni jalb etish, dunyoning yetakchi universitetlari bilan tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan.
Yangi yo‘nalishlarni tashkil etish, jumladan, Atrof-muhit huquqi bo‘yicha magistratura dasturi va Xalqaro ekologiya huquqi va iqlim o‘zgarishini boshqarish kabi asosiy mavzular bo‘yicha intensiv treninglar ekologiya huquqi fanlariga qiziqishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Ma’ruza yakunida ishtirokchilar iqlim o‘zgarishining asosiy sabablari, uning transchegaraviy tabiati va ko‘p darajali oqibatlari bilan tanishdilar. Shuningdek, hozirgi iqlim inqirozining asoslarini va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat va xususiy boshqaruv strategiyalarining keng doirasini o‘rganib chiqdilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!