Tog‘asining o‘limiga sababchi bo‘lgan jiyan

Tog‘asining o‘limiga sababchi bo‘lgan jiyan

Oramizda ayrim insonlar borki, ular ozgina ichib olgach, so‘ng o‘zlarini sherdek hisoblashishadi. Ko‘ngillariga kelgan ishni qilishga chog‘lanishadi.

Xayriddin Rossiyadan ishlab qaytgach, uni ko‘rgan qarindosh-urug‘lar kelishdi. Chaq-chaqlashib o‘tirishdi. “Denov” arog‘idan qo‘yib ichishdi. Ularning orasida Ravoqul Rasulga (ism-shariflari o‘zgartirilgan) qarab dedi: 

– Mashinada quvishamiz, kimni mashinasi o‘zar ekan. 

– Bo‘pti, qani ketdik, – deya Rasul qo‘llarini bir-biriga urdi. 

Yigitlar o‘rinlaridan turib, “Neksiya” mashinalariga o‘tirishdi va shitob bilan haydab ketishdi. Avtomashinaning magnitofonini esa baland qilib qo‘yib olishdi. 

Xuddi shu paytda yo‘lning qarama-qarshi tomonidan velosipedda harakatlanib kelayotgan Oxunboboyev mahallasida yashovchi Xolmat Parpiyevni ko‘rib qolishdi. Ammo ular unga e’tibor ham berishmadi. Chunki ular hamon “poyga” o‘ynash bilan ovora edi-da. 

Ravoqul o‘zining boshqaruvidagi avtomashinani yo‘l qoidalariga asosan chap tomonidan quvib o‘tayotgan, tanishi Rasulning boshqaruvidagi “Neksiya” avtomashinasining harakatiga to‘sqinlik qildi. Boshqaruv rulini chapga o‘zgartirib, quvib o‘tayotgan avtomashinaning yo‘lini to‘sib, mashinaning chap oldi eshigi bilan Rasulning boshqaruvidagi avtomashinaning o‘ng oldi qanotiga turtilib ketishdi. Oqibatda Rasul boshqaruvidagi avtomashinaning harakat yo‘nalishini chap tomonga chiqib ketdi. 

Yo‘lning qarama-qarshi tomonidan “Angor-Novshahar” yo‘nalishiga tomon velosipedda kelayotgan yo‘lovchini chap yon tomoni bilan turtib yubordi. Mashina taq etib urilganidan so‘nggina Rasulning ko‘zlari yarq etib ochilgandek bo‘ldi. U mashinadan tushdi-yu yerda qonga bo‘yalib yotgan odamga yordam bermoqchi bo‘ldi. Qarasa, velosipeddagi odam Aminning otasi, ya’ni o‘zining tog‘asi Xolmat ekanligini bildi. Bir zum boshini changallaganicha qoldi. 

Rasulning avtomashinasida Zafar ham bo‘lgandi. U ham mashinadan tushib yordamga shoshildi. Ravoqul ham nima qilishini bilmay kalovlanib qoldi. Zudlik bilan Xolmat tog‘asini shifoxonaga olib borishdi. Shu kuni spirtli ichimlik ichganligi, ammo o‘zini bilmaydigan darajada mast bo‘lmaganligi, haydovchilik guvohnomasi yo‘qligi uchun Rasul dastlab ko‘rgazmasida qarindoshi Ibod rulda edi deb aytdi. Ibod ham shunga rozi bo‘ldi. 

Xolmat tog‘asi 5 kun shifoxonada yotgach, vafot etdi. Rasulning shundan so‘ng vijdoni qiynalib, o‘sha kuni rulda o‘zi bo‘lganligini ichki ishlar idorasiga borib aytdi. Sud aybdorlarga tegishli jazo tayinladi. 

 

Kamoliddin Xidirov,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Surxondaryo viloyati 

Angor tuman sudi raisi,

Xonbibi Himmat qizi, jurnalist

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!