Sudlanuvchilarning jinoyat sodir etganligi o‘z isbotini topmaganligi sababli hukm bekor qilindi

Sudlanuvchilarning jinoyat sodir etganligi o‘z isbotini topmaganligi sababli hukm bekor qilindi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shko‘pir tuman sudining 2018 yil 15 fevraldagi hukmi bilan K.R O‘zbekiston Respublikasi JK 177-moddasi 2-qismining “b,v” bandlari bilan eng kam oylik ish haqqining 75 baravari, ya’ni 11.233.125 so‘m jarima jazosiga; K.B O‘zbekiston Respublikasi JK 177-moddasi 2-qismining “b,v” bandlari bilan eng kam oylik ish haqqining 75 baravari, ya’ni 11.233.125 so‘m jarima jazosiga sudlanganlar.

Sudning hukmiga ko‘ra, K.R otasi K.B bilan oldindan jinoiy til biriktirib, guruh bo‘lib, 2017 yil 24 avgust kuni Xiva tumani, “Chinobod” qishlog‘idagi yashash uyida fuqaro O.Udan 124.900.000 so‘m pullarni sanab olib, otasi B.K orqali har bir AQSh dollarini 8.050 so‘mdan hisoblab, Toshkent shahar, Chilonzor tumanida joylashgan “Abu Sahiy” savdo majmuasi binosi oldida O.Uning Toshkent viloyati, Zangiota tumani, “Eshonguzar” mahallasi “Qadriyat” ko‘chasi, 6-uyda yashovchi tanishi X.Rga
(1 AQSh dollarini so‘mga nisbatan qiymati 4.182 so‘m 30 tiyin) davlat kursi bo‘yicha qiymati jami 64.407.420 so‘m bo‘lgan, ko‘p miqdordagi 15.400 AQSh dollarini qonunga xilof ravishda o‘tkazganliklari aniqlanib, 15.400 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olingan.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 22-moddasi talablariga ko‘ra, sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqishi, ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan holatlarni aniqlashi va hisobga olishi lozim.

Ushbu kodeksning 463-moddasi 1-qismiga muvofiq, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi, ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarni tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim.

Biroq sud, sudlanuvchilar R.K va B.Klarga nisbatan ayblov hukmi chiqarishda qayd etilgan qonun talablariga rioya qilmagan.

Sudlanuvchi R.K sudda, u Toshkent shahridagi “Abu Saxiy” bozori oldida turganida, X.R kelib, Xorazm viloyatidan 125,0 mln. so‘m pullarini Toshkentga olib kelib berishini aytganligini, shu vaqtlarda Toshkentdagi uylaridan Xorazmga ukasi J.Kni kontrakt pulini to‘lash va qarzlarini qaytarish uchun pul olib kelishi lozim bo‘lganligi sababli uni taklifiga rozi bo‘lganligini, so‘ng, O.U orqali ushbu pullarni olib, Toshkent shahrida bo‘lgan otasi B.Kga qo‘ng‘iroq qilib, X.R.ga 125,0 mln. so‘m berib yuborishini, Xorazmda ushbu miqdordagi puni X.Rni tanishidan olganini aytgani, lekin AQSh dollari haqida gaplashmaganini bildirgan.

Sudlanuvchi B.K sudda o‘g‘li R.K qo‘ng‘iroq qilib, X.Rga 125,0 mln. so‘m berib yuborishini, uning tanishidan Xorazm viloyatida shuncha pul olganini aytganidan so‘ng u Toshkent shahridagi “Abu Saxiy” bozori oldida avtomashinasida X.Rga 125,0 mln. so‘m berganligini, shu vaqtda bu holatni tanishi “Lochinbek” ko‘rganligini, keyin u uyiga ketganligini, u “Nargiza” ismli ayolni tanimasligini ko‘rsatgan.

Jinoyat ishidagi “Ajiniyoz” nomli Nukus davlat pedagogika institutining 2017 yil 9 dekabrdagi 23-sonli ma’lumotnomasida, J.K shu institutning 2017-2018 o‘quv yili uchun 5110600-Tarix (o‘zbek) bakalavr ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha hujjat topshirib, 127,4 ball to‘plagani, o‘qishga kirish uchun 12,4 ball yetmagani, abiturentning bu to‘plangan balli bilan 10 hissa miqdordagi qo‘shimcha kontrakt puli to‘lashi yuzasidan shartnoma tuzilgani, biroq 2017 yil 30 noyabrga qadarli bu pullar to‘lanmaganligi ko‘rsatilgan.

Ish xujjatlaridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi SVOJJDLQK Departamenti Xorazm viloyati boshqarmasida 2017 yil 24 avgust kuni bilan ro‘yxatga olingan O.Uning arizasida 2017 yil avgust oyi boshlarida Xiva tumanidagi valyuta qora bozorida S va R ismli shaxslar birgalashib, AQSh dollari savdosi bilan shug‘ulanib kelayotganliklarini guvohi bo‘lganligi, ular sotib olgan AQSh dollarini Toshkent shahriga olib borib valyuta qora bozorida sotish bilan shug‘ullanib kelishayotganligini eshitganligi ko‘rsatilib, ularni noqonuniy faoliyatiga chek quyilishi va ularga qonuniy chora ko‘rilishi so‘ralgan.

Xuddi shunday, shu kun bilan ro‘yxatga olingan Z.Nning O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi SVOJJDLQK Departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i nomiga yozilgan arizasida noqonuniy valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ulanuvchi S va uning Toshkent shahridagi jinoiy sheriklariga qonuniy chora ko‘rilishi so‘ralgan.

Guvoh O.U dastlabki tergovda (i.v.1-jild 85) o‘z ko‘rsatmasida, Z.N bilan gaplashgan holda R va uning sheriklarini noqonuniy faoliyatiga chek quyish maqsadida maslahatlashib, Z.N bilan birgalikda ariza bilan murojaat qilganligini bildirgan.

Biroq, O.U birinchi bosqich sudida R.K va B.Klarni oldindan tanimaganligi, ularni valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ulanishi to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lmaganligi haqida, xuddi shunday, apellyasiya sudida ham shu ko‘rsatmasini tasdiqlab, Xiva tumanidagi qora bozor qayerda joylashganligini bilmasligi, S.S., R.K va B.Klarni oldindan tanimasligi, ularni noqonuniy AQSh dollari savdosi bilan shug‘ulanib kelganliklarini ko‘rmaganligi haqida ko‘rsatma berib, arizani N.Qni aytganligi sababli yozgani va uning so‘zidan ushbu shaxslar AQSh dollari savdosi bilan shug‘ulanib kelayotganliklarini guvohi bo‘lganligini arizasida ko‘rsatganini, N.Q unga Klar  hamqishlog‘i bo‘lganligi sababli ular tayiziq o‘tkazishlaridan qo‘rqib ariza yozmasligini aytib, undan ariza yozishini so‘raganligini, arizani kompyuterda Departament xodimi yozganligini  ma’lum qildi.

Shu o‘rinda, N.Q ham dastlabki tergovdagi ko‘rsatmasida, 2017 yil avgust oyi o‘rtalarida tanishi X.Rga qo‘ng‘iroq qilib, undan Xorazmdan pul olib, Toshkent shahrida AQSh dollari berish bilan shug‘ulanuvchi taksi haydovchisi topishini so‘raganligini, shunda X.R. Toshkent shahridagi “Abu Saxiy” bozoriga borib, u yerdan shu ish bilan shug‘ulanuvchi va ularni taklifiga rozi bo‘lgan “Baxtiyor” ismli shaxsni topganligini, so‘ng “Baxtiyor” ismli shaxsni noqonuniy faoliyatiga chek quyish maqsadida Departamentning Xorazm viloyatida ishlovchi tanishi Mga ushbu holatni aytib berganligini, B ismli shaxs Xivadan bo‘lganligi sababli o‘ziga nisbatan taziyiq o‘tkazishi mumkinligi uylab, o‘zi ariza yozmaganligini, tanishi O. Uni jalb qilib, unga holatni tushuntirganidan so‘ng O.U ariza yozganligini ma’lum qilgan.

Bulardan ko‘rinadiki, O.Uni shaxsan o‘zi noqonuniy valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ulanuvchi shaxslarni ko‘rmagan, arizani N.Qning so‘roviga asosan yozishga rozi bo‘lgan.

Apellyasiya sudida esa guvoh N.Q o‘z ko‘rsatmasida, bu ish Departament xodimlari tomonidan uyushtirilganligini, o‘zining oilaviy muammolari bo‘yicha tuhmatga qolib ketganligi sababli maslahat va yordam so‘rash uchun Departamentda ishlovchi tanishi Mdan yordam so‘rab borganligini, shunda M unga: “Mayli yordam beramiz, lekin sen ham bizga yordam berasan”-deb aytganligini, so‘ng undan Toshkentda tanishi bor yoki yo‘qligini so‘rab, Toshkentga 125,0 mln. so‘m  yuborish kerakligini aytganligini, shunda Toshkentda tanishi borligini bildirganligini, so‘ng M unga: “Tanishiz Toshkentdagi Xorazm yo‘nalishi bo‘yicha taksi stoyankasidan pulni yetkazish uchun odam topsin” deb aytganligini, so‘ng o‘zi bilan bir firmada ishlagan tanishi X.Rga bu haqda aytganligini va u R.Kni topganligini, kelishuv bo‘yicha M 125.000.000 so‘mni  Toshkentga “perevod” qilish kerak bo‘lganligini, R.K va B.Klar so‘mni AQSh dollariga almashtirganligini ko‘rmaganligini va bilmasligini, dastlabki tergovdagi ko‘rsatmalarini o‘qimasdan imzolaganligini, sudlarda chaqirilganida uni R ismli departament xodimi qanday ko‘rsatma berishini tushuntirib, uni yo‘l kirasigacha berganligini, Departamentning shunga o‘xshash aytilgan shaxslarni ustidan ariza yozish va uyushtirilgan ishlarda ishtirok etuvchi
4-5 ta odamlari bo‘lganligini, U.O bular ichida birinchi o‘rinda turishini, u tovlamachi ekanligini, Departament xodimlari orqasidan do‘kon ochib olganligini bayon etdi.

Shu o‘rinda, jinoyat ishidagi xujjatlariga ko‘ra, aynan O. U., N.Qlarning arizalari bo‘yicha to‘plangan xujjatlarga asosan boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, shuningdek, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha xolis sifatida ishtirok etgan K.K boshqa jinoyat ishi bo‘yicha ham xolis sifatida ishtirok etgan.

Bunday holatda yuqorida qayd etilgan guvohlarni o‘zlarining dastlabki tergov va sudlarda ayni bir holatni turlicha bayon etib ko‘rsatma berganliklari, shuningdek, ularning ayni bir holat bo‘yicha ko‘rsatmalari bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi sababli hamda K.K muqadam boshqa jinoyat ishi bo‘yicha xolis sifatida ishtirok etganligi sababli ularni shubhali ko‘rsatmalarini ishonchli deb topib bo‘lmaydi.

Guvoh Z.N birinchi bosqich sudida S.Sni noqonuniy valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ulanib yurganligini Xiva tumanida yashovchi tanishlaridan eshitganligini bayon etgan bo‘lib, apellyasiya sudida ham shu ko‘rsatmasini tasdiqlab, S.Sni noqonuniy valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ulanib yurganligini aynan qaysi tanishidan eshitganligini izohlab beraolmasligini hamda R.K va B.Klarni ham shunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ulanishini ko‘rmaganligini va eshitmaganligini bildirib ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, guvoh Z.Nning surishtiruvdagi tushuntirish xati (i.v. 1-jild 35) va dastlabki tergovdagi ko‘rsatmasida, (i.v. 1-jild 113) tadbir davomida O.U unga telefon orqali “S” har bir AQSh dollarini 8050 so‘mdan hisoblab, hozirda Toshkent shahrida yashovchi tanishi B orqali qancha AQSh dollari kerak bo‘ladigan bo‘lsa, “havola” (perevod qilish) usulida yetkazib berishini va’da qilganligini, Xorazmda “S”ga 125,0 mln. so‘m berishini, so‘ng unga oldindan tanish bo‘lmagan X.R bilan Bdan xizmat haqqisidan tashqari 15.400 AQSh dollarini olishlari kerakligini aytib, unga X.Rni uyali telefon raqamini berganligini, shuningdek, oradan bir soatlar o‘tgach O.U yana unga qo‘ng‘iroq qilib, “S”ga 125,0 mln. so‘m to‘liq sanab berganligini, tezda X.R bilan Toshkent shahrida yashovchi Bdan 15.400 AQSh dollarini olishlari lozimligini aytganligi bayon etgan.

Biroq, O.U va boshqa guvohlar o‘z ko‘rsatmalarida Xorazmda 125,0 mln. so‘mni olib, AQSh dollariga almashtirgan holda Toshkentga “havola” usulida yetkazish xususida “S” bilan kelishilganligini bildirmaganlar, ishdagi xujjatlarda ham bunday holat ko‘rinmaydi, aksincha ishdagi boshqa  guvohlar R.K bilan yuqorida qayd etilgan kelishuv bo‘lgani, R.Kga shu maqsadga pul berilgani bayon etganlar, “S” deganda S.S nazarda tutilgan bo‘lsa, guvoxlar ko‘rsatmasi va ishdagi xujjatlardan faqat uni R.Kning uyidan pulni olib ketganligi ko‘rinadi. Qolaversa S.S ish bo‘yicha gumonlanmagan ham, ayblanmagan ham.

Apellyasiya sudida Z.N dastlabki tergovda bergan ko‘rsatmasini tasdiqlashini, ammo tadbir jarayonida Toshkentda bo‘lganligi, Xorazmda kim-kimga pul berganligini ko‘rmaganligi, shu sababli O.Uni so‘zlaridan kelib chiqib ko‘rsatma berganligi bilan izohladi.

Bu holat O.Uning ko‘rsatmalarini yana bir bor shubhali ekanligidan dalolat beradi.

Vaholanki, agar Z.N va O.Ularning arizalari bo‘yicha departament xodimlari tadbir o‘tkazishga qaror qilgan bo‘lsa, Z.Nga O.U emas, balkim aynan tadbir o‘tkazuvchi huquqni muxofaza qiluvchi organ xodimlari tadbirni mazmuni, kim qanday hatti harakatlar qilishini batafsil tushuntirishlari lozim edi.

Bundan tashqari, Z.Nning dastlabki tergov va suddagi ko‘rsatmalarining mazmuniga ko‘ra, B.Kdan AQSh dollarini bevosita o‘zi olmagan, faqat X.Rning so‘zidan ushbu 15.400 AQSh dollari B.Kdan olinganini eshitib bilgan hamda shaxsan X.Rdan ushbu pullarni olgan.

Xuddi shunday, tadbirda xolis sifatida ishtirok etgan D.L va F.Mlarning ishdagi ko‘rsatmalariga ko‘ra, ular B.Kdan AQSh dollarini olinganini bevosita ko‘rishmagan, faqat X.Rni so‘zidan ushbu 15.400 AQSh dollari B.Kdan olinganini eshitib bilganliklarini bayon etganlar.

Guvoh X.R ham dastlabki tergov va sudda B.Kdan 125,0 mln.so‘m emas balki 15.400 AQSh dollari olganini bildirgan.

Biroq, birinchi bosqich va apellyasiya sudlarida so‘roq qilingan guvoh D.K 2017 yil 23 avgust kuni R.K va X.Rlarni suhbatini eshitganligi, ular Xorazmdan Toshkentga pul “perevod” qilish haqida gaplashganliklari, ular AQSh dollari haqida gaplashmaganliklari faqat so‘m haqida gaplashganliklari mazmunida ko‘rsatma bergan.

Xuddi shunday, birinchi bosqich va apellyasiya sudlarida so‘roq qilingan guvoh YU.L “Abu-Saxiy” bozori yonidan o‘tib ketayotib, B.Kni avtomashinasini ko‘rib uni yoniga borganligi, avtomashinani ichida bir ayol kishini ko‘rganligi, ayol kishi 10.000 so‘mlik kupyurali ko‘p miqdordagi pullarni sanab o‘tirgan bo‘lgani, avtomashinada “Zara” yozuvli paket ham bo‘lganligi, B.K telefonda kim bilandir gaplashib, 125,0 mln. so‘m deb aytganligi mazmunida ko‘rsatma bergan.

Qolaversa sudlanuvchi B.K ham R.K ham Xorazmda 125,0 mln.so‘m olib, Toshkentda ham 125,0 mln. so‘m berilganligi mazmunida ko‘rsatma berganlar.

Ish bo‘yicha X.Rdan olib quyilganligi ko‘rsatilib, 15.400 AQSh dollari ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan, biroq, tadbir jarayonida B.K bevosita X.Rga pul bergan vaqtida ushlanmagan, X.Rdan Z.N pullarni olguniga qadar muayyan vaqt o‘tgan bo‘lib, ushbu vaqtda pullar almashtirish mumkinligi ehtimoldan holi emas. Bu shubhali holatni sudda ham tekshirib aniqlashni imkoni yo‘q. Shu sababli garchand dastlabki tergovda 15.400 AQSh dollari ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan bo‘lsada, uni sudlanuvchilar R.K va B.Klarni ayblash uchun maqbul dalil deb bo‘lmaydi.

Bayon etilganlarga asosan X.Rni ko‘rsatmalari yuqorida qayd etilgan guvohlar va sudlanuvchilarni ko‘rsatmalari bilan inkor qilingan bir vaqtda boshqa ob’ektiv dalillar bilan tasdiqlanmaganligi sababli uni ishonchli deb e’tirof etishni imkonini yo‘q.

Shuningdek, guvoh D.Oning ko‘rsatmasiga ko‘ra, u ishda xolis sifatida ishtirok etgan, O.U pullarni R.Kni uyiga olib kirganini ko‘rgan, ularni suhbatlarini eshitmagan, biroq, garchand apellyasiya sudida R.K uyida departament xodimlari bilan nima haqida suhbatlashganini eslamasligini ko‘rsatgan bo‘lsada, surishtiruv va dastlabki tergovda R.Kni uyiga kirilganida, R.K Toshkent shahrida X ismli ayolga 15.400 AQSh dollari berishi evaziga 124.900.000 sanab olganligini aytganligini eshitgangini bayon etgan.

Shu o‘rinda R.K dastlabki tergov va sudda o‘z ko‘rsatmasida Xiva tuman SVOJJDLQK departament xodimlari uni yo‘qligida uyiga bostirib kirib asossiz ravishda tintuv o‘tkazganliklarini, u kelgach uni qo‘lini qayerib, Xiva tuman prokuraturasiga olib ketganliklarini, u yerda unga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazilganligini, onasi N.M va ukasi J.Klarni ham olib kelib, alohida xonada saqlab ushlab turganliklarini, so‘ng majbur bo‘lib, ular aytgani bo‘yicha ular tomonidan yozilgan tushuntirish xatiga imzo quyganligini hamda video tasvirga olish jarayonida AQSh dollarini so‘mga almashtirganligi mazmunida ko‘rsatma berganligini, shundan so‘ng soat 1larda uni quyib yuborishganini ma’lum qilgan.    

Ishda xuddi shu mazmundagi R.Kning Xiva tuman prokurori nomiga 27.08.2017 yil yozilganligi ko‘rsatilgan va 28.08.2017 yil Xiva tuman prokuraturasida ro‘yxatga olingan arizasi ham mavjud.

Shuningdek, birinchi bosqich sudida qo‘shimcha guvoh sifatida so‘roq qilingan N.M., N.K., J.Klar ham sudlanuvchi R.Kning ko‘rsatmasini tasdiqlab, uning ko‘rsatmasiga o‘xshash ko‘rsatma berganlar.

Qolaversa, birinchi bosqich sudida qo‘shimcha guvoh D.Yu jiyanlari R.K., J.Klar va yangasi N.Mlarni departament xodimlari olib ketmoqchi bo‘lganliklarini, shunda yangasi N.M va jiyani J.Klarni o‘zi avtomashinasida etishiga xodimlarni ko‘ndirganligini, shundan so‘ng ular R.Kni olib ketganliklarini, ularni ortidan yangasi N.M va jiyani J.Klarni o‘zi avtomashinasida prokuraturaga olib borganligini, ularni kechgacha ushlaganliklarini, talab qilgani sababli yangasi N.M va jiyani J.Klarni soat 22larda chiqarishgani, ammo R.Kni ushlab turganliklarini, shunda R.Kni quyib yubormaganliklari sababli advokat olib kelganligini, ammo advokatni prokuraturaga kirishga quyishmaganligini, so‘ng soat 01larda R.Kni quyib yuborganliklarini bayon etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014 yil 23 maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 07-sonli qarorining 16-bandida “...sudlanuvchi tomonidan tergovda yoki sudda aybini bo‘yniga olish holati u ish bo‘yicha to‘plangan hamda sudda tekshirilgan boshqa dalillar bilan xolisona isbotlangan taqdirdagina ayblov hukmi chiqarishga asos bo‘la oladi” deb rahbariy tushuntirish berilgan.

Biroq, R.Kning aybi boshqa dalillar bilan xolisona isbotlanmagan, shuningdek, keyinchalik dastlabki tergov va suddagi ko‘rsatmalarida unga tazyiq o‘tkazilgani bois, aybini buyniga olganini bayon etgan.

Bunday holatda, R.Kning tushuntirish xati, ishga ilova qilingan SD diskdagi videotasvirdagi uni so‘zlari hamda R.Kni aybiga iqrorlik bildirgani mazmunidagi guvoh D.Oning ko‘rsatmasini xolisona isbotlangan deb hisoblab bo‘lmaydi.

Shuningdek, ish bo‘yicha dastlabki tergovda 2017 yil 30 oktyarbda 10.000 so‘mlik kupyuradan iborat jami 125,0 mln. so‘m pullar ko‘k rangli paketga joylashtirish mumkin yoki mumkin emasligi bo‘yicha eksperement o‘tkazilib, ko‘k rangli paketga jami 70,0 mln. so‘m joylashtirilganligi qolgan 55,0 mln. so‘mni joylashtirish imkoni bo‘lmagani aniqlangan.

Biroq, ushbu eksperementni o‘tkazishdan oldin B.K tomonidan pul solinganligi ko‘rsatilgan paketni hajmi, nomi aniqlanmasdan, uni rangidan kelib chiqib, ko‘k rangli paketni eksperementda foydalanilishini sababi asoslantirilmagan holda o‘tkazilgan.

Qolaversa, B.K tomonidan aynan qanday turdagi paketga pullar solinganligi ma’lum qilinib, ushbu paketga o‘xshash paket tergovga taqdim etilib, qayta eksperement o‘tkazilishi iltimos qilganida, tergov organi bu iltimosnomani rad qilib, buni sababini asoslantirmagan va faqat tushunarsiz holatda uni jinoyat ishiga qo‘shib quyish bilan kifoyalangan.

Shu sababli yuqorida qayd etilgan eksperement natijasini ham ish bo‘yicha maqbul dalil deb hisoblab bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda, R.K va B.Klarning aybsizligi haqida keltirilgan vajlari guvoh L.YU., D.Slarning ko‘rsatmalari hamda ishdagi “Ajiniyoz” nomli Nukus davlat pedagogika institutining 2017 yil 9 dekabrdagi 23-sonli ma’lumotnomasi bilan ham tasdiqlangan. 

Bundan tashqari, Z.N va O.Ularning arizalari bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda ham bir qator mavhum holatlar mavjud.

Jumladan, 2017 yil 24 avgust kunidagi arizachiga nazoratli xarid uchun pullarni berib yuborish haqidagi bayonnomasi asosida O.Uga 125,0 mln. so‘m berilgani ko‘rsatilgan.

Biroq, ushbu pullar qayerdan, kimdan olinganligi va olib quyilganidan so‘ng, qayerga kimga topshirilgani bo‘yicha jinoyat ishida biror bir ma’lumot mavjud emas.

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan bayonnomaga ko‘ra, O.Uga 125,0 mln. so‘m berilgan bo‘lsada, 2017 yil 24 avgust kunidagi tekshirish tadbiri davomida so‘m pullarni sanash hamda olish haqidagi bayonnomada R.K tushuntirishida 124.900.000 so‘m sanab olganligini aytgani hamda S.S ham aynan 124.900.000 so‘m topshirganligi ko‘rsatilgan. Guvoh O.U ham o‘z ko‘rsatmasida Departament xodimlarini talabi bo‘yicha o‘zining shaxsiy pullaridan ularga 100.000 so‘m berganligini bayon etgan.

Ishdagi xujjatlarda, O.U unga berilgan pullardan 100.000 so‘mini o‘ziga saqlab qolishi tadbirda rejalashtirilgani ko‘rinmaydi, aksincha
125,0 mln. so‘m R.Kga berishi kelishilgan, qolaversa O.U o‘zi ariza yozgan va uning arizasi bo‘yicha tadbir o‘tkazilayotganligini, unga berilgan pullar qaytarilishini bilgan bir holatda o‘zida saqlab qolishi ham mantiqqa zid. Shunday bo‘lsada, surishtiruv davomida bunga aniqlik kiritilmasdan O.Udan 100.000 so‘m olib quyilgan.

Bundan tashqari, ishdagi xujjatlarda tadbir o‘tkazilishidan oldin SVOJJDLQK Departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonijan 2017 yil 24 avgust kuni arizachi O.Uga R.K bilan o‘rtalarida bo‘lib o‘tadigan suhbatni yozib olish uchun ovoz yozuvchi uskuna diktafon xolislar ishtirokida bayonnoma asosida berilib, xuddi shunday tadbirdan so‘ng xolislar ishtirokida bayonnoma asosida diktafon olib quyilgan. O.Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, mazkur tadbirda diktafonni ishlatgan, biroq, no’malum sabablarga ko‘ra, surishtiruvda ham, dastlabki tergovda ham ushbu diktafonda yozilgan ovozlar eshitililib ko‘rilmagan, belgilangan tartibda stenogramma qilinmagan.

Shuningdek, noma’lum sabablarga ko‘ra, O.U va Z.Nlarning arizalari yuzasidan tadbir o‘tkazilishi jarayonida R.K. va O.U.larning o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan telefon so‘zlashuvlar, X.R va B.Klarning o‘rtasida bo‘lib telefon so‘zlashuvlari, yoki bevosita oldi-berdilari vaqtidagi suhbatlari maxsus ovoz yozuvchi moslamadan foydalanilgan holda yozib olinmagan, B.K pullarni X.Rga berayotgan vaqtida ushlanmagan.

Guvoh X.Rning 2017 yil 23 avgust kuni unga O.U telefon qilib, Toshkent shahrida yashovchi Baxtiyor ismli shaxsni telefon raqamini berib, 2017 yil 24 avgust kuni undan 15.500 AQSh dollarini olishini iltimos qilganligi mazmunidagi ko‘rsatmasi Z.N va O.Ular O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi SVOJJDLQK Departamenti Xorazm viloyati boshqarmasiga 2017 yil 24 avgustda ariza bilan murojaat qilishidan bir kun oldin O.U., B.Kni 15.500 AQSh dollarini qonunga xilof ravishda sotayotganida ushlashni rejalashtirganligidan dalolat beradi.

Shuningdek, X.Rning dastlabki tergovdagi ko‘rsatmalariga ko‘ra, u tadbirga jalb qilinmagan va uni o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirdan xabari bo‘lmagan. Aksincha ish materiallaridan ko‘rinishicha Z.N., B.Kdan 15.500 AQSh dollarini olish uchun tadbirga jalb qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi SVOJJDLQK Departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan Z.N va O.Ularning arizalariga asosan 2017 yil 24 avgust kuni tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilib, B.Kdan AQSh dollarini olish uchun Z.N jalb qilingan bir vaziyatda, shu kuni tadbir o‘tkazilayotganidan xabari bo‘lmagan X.Rga tadbir ishtirokchisi O.U qo‘ng‘iroq qilib, B.Kdan AQSh dollarini olib Z.Nga berib quyishini so‘raganlik holati tadbirda belgilangan reja va maqsadlarga tamomila zid bo‘lib, guvohlar X.R., Z.N va O.Ularning ko‘rsatmalarini haqqoniyligini yana bir bor shubha ostiga quyyadi.

Ayni vaqtda ushbu noaniqliklarni bartaraf etish hamda R.K va B.Klarni aybini tasdiqlovchi dalillar to‘plashni imkoniyati ham mavjud emas.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasiga ko‘ra, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasiga muvofiq, qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagan shaxs aybsiz deb topilishi lozim.

Qayd etilganlarga asosan, apellyasiya sudlov hay’atining 2019 yil 30 iyul kunidagi ajrimi bilan R.K va B.Klarning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JK 177-moddasi 2-qismining “b,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli, ular O‘zbekiston Respublikasi JPK 83-moddasining 2-bandiga asosan oqlandi.

 

       ASH-3-08/96-19-sonli ajrimi

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Buxoro viloyat sudining

sudyasi F.Tursunov

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!