Sport: doimiy shug‘ullanuvchilar sonini 1 millionga yetkazish masalasi muhokama qilindi

Sport: doimiy shug‘ullanuvchilar sonini 1 millionga yetkazish masalasi muhokama qilindi

Mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish orqali aholi salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘tgan hafta davomida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi mutasaddi va mutaxassislari belgilangan reja asosida hududlarda bo‘lib, mavjud infratuzilma holati, jihoz va inventarlar bilan ta’minlanganlik darajasi, sport inshootlarida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarning talab darajasini tahlil qildi. Murabbiy va sportchilar bilan suhbatlar o‘tkazildi. Monitoring ishlarining borishi ko‘zdan kechirildi.

Xo‘sh, umumiy holatimiz erishayotgan natijalarimizga mosmi? Iqtidorli sportchilarni tanlash, seleksiya qilish, maqbul sport turlariga yo‘naltirish ishlari ko‘ngildagidekmi?

Sport vazirligida hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar tahlili hamda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida ushbu masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda sohadagi eng dolzarb vazifalar, jumladan ommaviy sport tadbirlarini tashkil qilish orqali jismoniy tarbiya va sportga oshno yoshlar qamrovini 10 millionga yetkazish, sport maktablarida doimiy shug‘ullanuvchilar sonini 1 millionga olib chiqish hamda aholidan sport sinovlarini qabul qilish masalalari muhokama qilindi.

Hududlarda o‘rganish natijalari bo‘yicha sport-ta’lim muassasalari faoliyatini namunali yo‘lga qo‘ygan Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston va Uchko‘prik tumanlari misolida taqdimot ko‘rsatib berildi.

Joylarda ko‘rsatkichlari nisbatan ortda qolayotgan sport-ta’lim muassasalarini jonlantirish, “Tashabbusli byudjet” va “Yashil makon” loyihalari doirasida ishlar holati bo‘yicha tegishli mas’ullarning hisobotlari tinglandi.

Sport vaziri A.Ikromov raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, davlatimiz tomonidan ommaviy sportni rivojlantirish, mahoratli sportchilarni tarbiyalash, sport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish borasida zarur shart-sharoitlar yaratilganiga qaramay ish faoliyatiga sovuqqonlik bilan yondashayotgan sport sohasining ayrim vakillari kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgani yutuqlarga soya tashlab turibdi.

Muhokamalar yakunida joylardagi mas’ul rahbarlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi bo‘yicha shartli muddat asosida qat’iy ogohlantirish berildi.

Yangi O‘zbekistonning har tomonlama salohiyatli va vatanparvar yangi chempionlarini kamolga yetkazishda mavjud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanish bugungi murakkab davrning muhim vazifasi ekani qayd etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!