“Shov-shuv”li chiqishlar ta’lim-tarbiyaga qanday ta’sir qiladi?

“Shov-shuv”li chiqishlar ta’lim-tarbiyaga qanday ta’sir qiladi?

Keyingi paytlarda ayrim internet saytlardagi bir qator shov-shuv li chiqishlarda yurtimiz farzandlariga ta’lim-tarbiya berayotgan o‘qituvchilar, ta’bir joiz bo‘lsa, nishon ga olinmoqda. Bu esa azaldan ajdodlarimiz otangdan ulug‘ deb uqtirgan ustozlarga sayt ijodkorlarining ma’lum darajada munosabatini ham ifodalaydi.

Ayrim saytlarda o‘qituvchi-ustozlarni obro‘sizlantirishga, ayniqsa, o‘quvchilarning o‘qituvchiga bo‘lgan hurmatini pasaytirishga hissa qo‘shadigan shov-shuv li xabarlar ketma-ket tarqala boshladi. Ulardan birida uch-to‘rt nafar o‘quvchidan kelib tushgan shikoyat asosida yurtimizdagi umumta’lim maktablaridan birida o‘rganish o‘tkazilgani haqida yozilgan. Ya’ni shu maktabdagi o‘qituvchi o‘g‘il bolalardan uch-to‘rt nafar o‘quvchining sochini qaychilab tashlagan holati joyiga borib o‘rganilgani, oxir-oqibatda aybdor ma’naviyat bo‘yicha direktor o‘rinbosari o‘z ariza siga ko‘ra ishdan bo‘shab, yana ikki o‘qituvchi ham hayfsan olgani haqida bong urildi. Maktab o‘qituvchilarining, sochi bilinar-bilinmas qirqilgan o‘quvchining dalil sifatidagi suratlarini ko‘rib, bu chiqishlar millionlab o‘quvchilarning ma’naviyatiga, tarbiyasiga, muallimlarning fikriga qanday ta’sir qilarkan, degan savol bizni o‘ylantirib qo‘ydi.

Ana endi kaltalatish uchun ogohlantirish ma’nosida ozgina sochi, sayt maqolasida aytilganidek, bilinar-bilinmas qirqilgan ( qaychilab tashlangan emas) o‘quvchilar o‘zini o‘qituvchilar oldida qanday his etishini tasavvur qiling. Shikoyatlari bunday natija berganidan so‘ng ular naq qahramon ga aylanib qolmadimikan? Bu hol boshqa o‘quvchilar tarbiyasida qanday aks-sado beradi, deb o‘ylaysiz? Shunday jazolanishlar haqida o‘qigan ba’zi yoshlar maktablarda o‘quvchilarni tarbiyalashga intilgan ustozlar ustidan shikoyat qilsak, o‘qituvchilar bizga g‘iring demaydigan bo‘ladi, deb o‘ylashsa-chi? Qay bir o‘quvchi maktab tartib-qoidalariga bo‘ysunib, ustozlarni hurmat qilib, ulardan bilim olish o‘rniga uni tartibga chaqirgan o‘qituvchini huquqimni poymol qilyapti , deb ayblashga o‘rganishi hech gap emas.

Ikkinchi tomondan, bu shov-shuv lardan balki yuragi shuvillab qolgan o‘qituvchilar endi ta’lim maskanlarida yoshlarni qanday qilib tarbiyalaydi, ularga talabchan bo‘la oladimi? Balki boshqalarni ham, ayniqsa, o‘qituvchilarni (!) shu mazmundagi savollar tashvishga solayotgan bo‘lsa, ajab emas. O‘ylaymanki, bunday savollarga befarq qarasak, ertaga bu bizga qimmatga tushishi mumkin. Gazeta-jurnal o‘qish-o‘qitishdan deyarli mosuvo qilinayotgan hamkasblarimiz, ya’ni ustozlar endilikda ota-onalar ularga ishonib topshirib qo‘ygan farzandlarni tarbiyalashdan ham qo‘rqishi, o‘z holiga tashlab qo‘yishi kerak emas. Maqolada tarbiya maqsadida o‘quvchilarning sochini bilinar-bilinmas qirqib qo‘ygan o‘qituvchiga hayfsan berishmoqchi bo‘lganida, u o‘z arizasiga binoan ishdan bo‘shagani haqida yozilgan. Kim biladi, balki muallimning hafsalasi pir bo‘lib, barchasiga qo‘l siltab, ariza yozib qo‘ya qolgandir.

Shu o‘rinda internet tarmoqlarida, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘pirtirib yozish, o‘qituvchilarning suratlarini aybdor kabi ilib qo‘yish darajasida muammo jiddiymidi o‘zi, degan savol tug‘iladi. Agar u qadar jiddiy bo‘lmasa, ustozlarni bunchalik izza qilish o‘rinli bo‘ldimikan? Ochig‘i, ustoz degan so‘zga xalkimizning hurmati haqqi, soch qirqish vaji bilan muallimlarni izza qilishga ozgina iymanishmaganligi dilimizni og‘ritdi. Bunday chiqishlar esa jamiyatda o‘qituvchilarning mavqei, obro‘siga ham ozmi-ko‘pmi daxl qilmay qolmasa kerak.

Shu o‘rinda endi oddiy hayotga bir nazar tashlab ko‘raylik. Deylik, 25 yoshdan oshgan barcha erkak kishilardan o‘quvchilik paytlarida shunday holatlar bo‘lganmi, deb so‘rasangiz, ko‘pchiligi kulimsirab ha, shundan so‘ng sochini oldirib keladi-da , deyishi tayin. Xafa bo‘lganmisizlar? , desangiz, Yo‘q, buning nimasiga xafa bo‘ladi, julik bo‘lib ketmasin, deyishgan-da , deya suhbat davomida o‘qituvchilarni mehr bilan eslaydilar. Agar ularga nisbatan ham yuqorida zikr qilingan kabi munosabatda bo‘linganida ehtimol, minglab o‘qituvchilar ko‘pchilik oldida izza qilinib, ishdan bo‘shatilib, hayfsan lar yog‘ilgan, o‘quvchilar esa bilim olish, tartib-intizomga rioya etish o‘rniga shikoyatbozlikni avj oldirib yuborishgan bo‘lishardi...

Psixolog sifatida bola ruhiyati nozik va ta’sirchan bo‘lishi, uning tarbiyasini to‘g‘ri yo‘naltirish zarurligini aytishni istardim. Ayniqsa, ularni bu masalada adashtirib qo‘ymasligimiz shart.

Maqolada yozilganidek, dakki eshitib, sochi kesib tashlangan bo‘lsa ham haligacha sochini kaltalatmay yurgan holatga ham guvoh bo‘ldik degan jumlalarni sochi bilinar-bilinmas qirqilgan bolalardan biri (yoki ba’zilari) haligacha sochini kaltalatmabdi , degan mazmunda ifodalasa ham bo‘lardi, albatta. Bo‘lim mudiri bilan 22 yanvar kungi suhbatimizda, mudir xodim ishdan bo‘shatilganligi xususida lom-mim ham demagandi , kabi jumlalar esa odamlarning to‘rtinchi hokimiyat shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylashiga bir turtki bo‘lar balki.

Bizningcha, internet saytlarida shunchalik jar solish shart emas edi. Maktabning o‘zida ustozlar va o‘quvchilar, ota-onalar bilan suhbatlashish orqali o‘rtadagi tushunmovchilik bartaraf etilsa, o‘quvchilarning tarbiyasiga ijobiy ta’sir qilarmidi? Haligacha sochini kaltalatmay yurgan o‘quvchi ham o‘sha zahotiyoq arzimagan bu dalil dan voz kechib, oltindan qimmat vaqtini bilim o‘rganishga sarflash o‘zi uchun foydali ekanini tushunib qolarmidi? Va qachondir ular ham sho‘x bo‘lganmiz-da , deb eslasharmidi. Har holda bir paytlar ustozlarni izza qilganmiz, eslasak o‘zimizdan uyalib ketamiz. Biz-ku bola edik, o‘sha paytda haybarakallachi akalar bizdan ko‘ra, hayotda oq-qorani tanigan odamlar emasmidi , deb afsuslangandan ko‘ra, samimiy mehr, kechirimlilik hissi ustuvor qolgani afzal.

Erkak o‘qituvchilarni umumta’lim maktablariga qaytarish haqida ko‘p bor aytilmoqda, bu borada ahvol ijobiy tomonga o‘zgarayotgani ham bor gap. O‘qituvchilarning jamiyatda obro‘sini oshirish, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki buni hayotning o‘zi taqozo qilmoqda. Yuqoridagi kabi shov-shuv li chiqishlar esa, ayniqsa, erkak o‘qituvchilarni maktabda ishlash fikridan qaytarib qo‘yishi mumkin. Bu yaxshi alomat emas...

So‘zimning oxirida aytmoqchi bo‘lganim, qadim Sharqda farzand tarbiyasiga hamisha jiddiy qaralgan. Farzandlarga, ayniqsa, o‘g‘il bolalarga talabchan va qattiqqo‘l bo‘lishgan. Ana shu talabchanlik va qattiqqo‘llik mevasi o‘laroq, ota-bobolarimiz orasidan yetishib chiqqan daholar dunyoni lol qoldirishgan.

Biz-chi? Biz qay yo‘lni tanlayapmiz, aziz zamondosh?!

Feruza QARSHIYEVA,

Xatirchi tumanidagi

10-umumta’lim maktabi psixolog o‘qituvchisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!