Shofirkon tuman hokimi va’dasini bajarmayaptimi yoki bajara olmayaptimi?

Shofirkon tuman hokimi va’dasini bajarmayaptimi yoki bajara olmayaptimi?

Tuman hokimi Alisher Fayzullayev fuqarolarning ololmayotgan ish haqini 15 kunda undirib berishini va’da bergan edi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga Buxoro viloyati Shofirkon “Agroservis MTP” MCHJda mehnat qilayotgan bir guruh xodimlar tomonidan murojaat kelib tushdi.

Murojaatda aytilganidek korxonada faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi-xodimlar o‘tgan 2023 yildagi ish haqini olishda muammolar mavjudligi qayd etilgan.

6 fevral kuni mazkur murojaat bilan dastlab Shofirkon tumani hokimi Alisher Fayzullayev qabulida bo‘ldik. Murojaatda ko‘rsatilgan barcha muammolar tuman hokimi tomonidan atroflicha o‘rganilib, mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

“Mazkur murojaatda ko‘rsatilgan barcha muammolarni o‘zimning nazoratimga olaman, 15 kun muddatda barcha qarzdorliklarni bartaraf etib, ishchi-xodimlarning maoshini to‘laymiz. Bu masalada muammo bo‘lmaydi”, – deya va’da bergan edi A.Fayzullayev.

Shundan so‘ng, tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elyor Ergashev hamrohligida Shofirkon “Agroservis MTP” MCHJda bo‘ldik. Korxona darvozasi oldida bizni ishchi-xodimlar qarshi oldi. Ular bilan birma-bir suhbatda bo‘ldik.

Ma’lum bo‘lishicha, 30 nafarga yaqin ishchi xodimlarning oylik maoshidan korxona 216,7 million so‘m qarzdorligi mavjud ekan.

Aniqlanishicha, Shofirkon “Agroservis MTP” MCHJning 66 foiz aksiyasi “VBM Romteks”, 34 foizi esa Buxoro agro servis MTP da bo‘lib, ushbu korxona davlatdan kredit olgan va o‘z vaqtida qaytarmagan.

Tashkilotning soliq va boshqa kommunal to‘lovlardan qarzdorligi ham mavjud. Shundan kelib chiqqan holda korxonadagi 14 ta haydov va 13 ta kombaynlari MIB tomonidan musodara qilish maqsadida muhrlangan.

Ushbu tashkilot 400 dan ortiq fermerlarga 2,5 milliard (ikki yarim milliard) so‘mlik xizmat ko‘rsatgan. Bugungi kunda ana shu fermer xo‘jaliklari tomonidan “Buxoro agroservis MTP” orqali olishi kerak bo‘lgan 2,5 milliard (ikki yarim milliard) so‘mga yaqin qarzdorlik ham mavjud.

Tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elyor Ergashev tomonidan ushbu masala nazoratga olingan bo‘lib, tumandagi bank boshqarmalari rahbarlariga tegishli fermer xo‘jaliklari tomonidan 2,5 milliard so‘m mablag‘ni “Buxoro agroservis MTP” hisobiga undirib berish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.

Jurnalistik surishtiruvimiz davomida murojaatchilar bilan, korxona ta’sischisi Anvar Soliyev, korxona rahbari Davron Jumaniyozov, bosh hisobchi Qobil Mirqulov ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilish davomida xodimlardan mavjud 216 760 124 so‘m mavjud qarzdorlik 15 ish kunida to‘lab berilishi to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.

“Darhaqiqat, 2024 yil 1 yanvar holatida ish haqidan 216,7 million so‘m qarzdorligimiz mavjud. Mazkur qarzdorlikni 15 kun muddatda to‘laymiz, albatta. Bu masalada barcha rahbarlar bilan gaplashib oldik. Muammo bo‘lmaydi”, – deydi korxona ta’sischisi Anvar Soliyev.

Murojaatni o‘rganish davomida shofirkonlik mas’ullar ya’ni tumanning rahbaridan boshlab, korxonaning hisobchisigacha bo‘lgan “kattakonlar” ish haqini 15 kun muddatda to‘lash bo‘yicha va’da berishdi.

Afsuski, va’dabozlarning va’dasiga ishongan ishchi-xodimlar haligacha oylik maoshlarini ololmay yuribdi. Bu muammo qachon barham topar ekan. Va’dabozlar va’dasiga qachon amal qilar ekan. Axir, ishchi-xodimlarning oilasi, farzandlari borligini unutmaganmikan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!